Tahlil natijasida quyidagilar aniqlandi:
2022-yilda maktablardagi oʻrtacha davomat 83,6 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilga kelib 82,5 foizga tushgan.
Hududlar boʻyicha davomatning eng past koʻrsatkichlari Toshkent shahri (57,8 foiz), Jizzax (76,9 foiz), Toshkent (75,8 foiz) va Fargʻona (79,8 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Eng yuqori koʻrsatkichlar esa Buxoro (89,1 foiz), Surxondaryo (88,3 foiz) va Qashqadaryo (88,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Predmetlar kesimida, boshlangʻich sinf oʻquvchilari orasida eng past davomat koʻrsatkichlari oʻzbek tili va matematika predmetlarida kuzatilgan.
Oʻrta sinf oʻquvchilari orasida oʻzbek tili, informatika, adabiyot va ingliz tili fanlari, yuqori sinf oʻquvchilari orasida ham oʻzbek tili, informatika, algebra va ingliz tili fanlarida davomatning eng past koʻrsatkichlari kuzatilgan.
Ota-onalar orasida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra , betob boʻlib qolishi (75,4 foiz), ota-onasiga ishlarda yordam berishi (8,9 foiz), ota-onasi ishga chiqishi kerakligi, 6 yoshgacha boʻlgan bolalarga qaraydigan boshqa odam yoʻqligi (3,1 foiz), xususiy oʻqituvchi/repetitor bilan oʻqishi (1,7 foiz), maktabga borishi uchun qoʻshimcha xarajatlarga mablagʻ yetishmasligi (1,1 foiz) oʻquvchilarning dars qoldirishidagi asosiy sabablardir.
Soʻrovda qatnashgan ota-onalarning 8,5 foizi farzandi nima sababdan dars qoldirganini bilmasligini aytgan.
PISA maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda darslarni ketma-ket uch oy qoldirgan oʻquvchilar ulushi 18,5 foizni tashkil etgan.
Bu koʻrsatkich oʻgʻil bolalar orasida qiz bolalar orasidagi koʻrsatkichga nisbatan yuqoriroq.