Fargʻonaliklar qaysi tizimni eng korrupsiyalashgan deb bilishi ochiqlandi

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi sentyabr oyidagi Fargʻona viloyatida oʻtkazgan davlat organlari faoliyatining ochiqligi holati yuzasidan jamoatchilik fikri soʻrovi natijalarini eʼlon qildi.

    Soʻrov natijalariga koʻra, respondentlarning

    • 52 foizi davlat organlari faoliyatining ochiqligini oʻrtacha baholagan (past – 21 foiz, yuqori – 16 foiz).
    • 38 foizi mahalliy davlat organlarining rasmiy manbalarida oʻz faoliyatiga oid maʼlumotlarni joylashtirish sifati va tezkorligidan qoniqishini, 26 foizi qoniqmasligini taʼkidlagan.
    • 16 foiz respondentlar mahalliy davlat organlarining rasmiy veb-sayt manzillaridan bexabar hamda ulardan foydalanmaydi.
    • 17 foiz respondentlar mahalliy davlat organlarida tashkil etilgan Ishonch telefonlari yoki “Call-markaz”lari faoliyatini qoniqarli baholadi, 16,4 foiz esa aksincha.

    Davlat idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan moliyaviy sarf-xarajatlar haqida maʼlumotlarning ochiqlanishidan faqatgina

    • 24 foiz soʻralganlar xabardor,
    • 44 foiz respondent bu turdagi maʼlumotlar ochiqlanishidan qoniqmaydi,
    • 20 foizi uchun esa bu maʼlumotlar qiziq emas.

    Respondentlar fikricha, mahalliy hokimliklar (13 foiz), taʼlim (15 foiz), sogʻliqni saqlash (10 foiz) va bank (6 foiz) tizimi faoliyati boshqa sohalarga qaraganda ochiq va shaffof.

    Korrupsion xavf-xatar eng yuqori boʻlgan sohalar sifatida sogʻliqni saqlash (30 foiz), taʼlim (17 foiz), mahalliy hokimlik (13 foiz) va qurilish (7 foiz) qayd etildi.

    Respondentlarga koʻra, korrupsiyaga qarshi jazo choralarini kuchaytirish (39 foizi), taʼlim va tarbiyaga eʼtibor qaratish (25.2 foizi), jamoatchilik nazoratini oshirish (14.3 foizi) lozim.

    Soʻrov natijalari asosida mahalliy davlat idoralari faoliyatining ochiqlik va oshkoraligini yanada kuchaytirishga qaratilgan choralar koʻriladi.