Raqamli texnologiyalar vaziriga IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazishdagi muammolar yuzasidan senator soʻrovi yuborildi

    Raqamlashtirish 8 Iyul 2025 1199

    Senat soʻnggi paytlarda uzimei.uz, my.gov.uz saytlari va “Birda“ ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyati cheklangani tufayli ayrim hollarda xizmat haqi sunʼiy oshirilayotganini maʼlum qildi.

    Unda qayd etilishicha, 2019-yildan buyon mobil qurilmalarni IMEI-kodi orqali roʻyxatdan oʻtkazish amaliyoti joriy etilgan, 2024-yildan esa ularni Oʻzbekistonga olib kirishda majburiy deklaratsiya toʻldirish talab etiladi. Agar deklaratsiya toʻldirilmasa, qurilmani UZIMEI tizimida roʻyxatdan oʻtkazish uchun bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida toʻlov belgilangan.

    Soʻnggi paytlarda mazkur jarayondagi muammolar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Jumladan, uzimei.uz, my.gov.uz saytlari va “BIRDA” ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtkazish imkoniyati cheklangani tufayli ayrim hollarda xizmat haqi sunʼiy oshirilmoqda.

    Shuningdek, ikkinchi SIM-karta uchun IMEI2-kodni alohida roʻyxatdan oʻtkazish va buni faqat qurilmani avval roʻyxatdan oʻtkazgan joyda amalga oshirish talabi fuqarolar uchun qoʻshimcha murakkablik va xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.

    Yuqorida keltirilgan holatlardan kelib chiqqan holda, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga asosan vazirdan uzimei.uz va my.gov.uz platformalari hamda “BIRDA” mobil ilovasidagi texnik muammolarni bartaraf etish, IMEI2-kodni roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek, UZIMEI tizimida mavjud byurokratik talablarni yumshatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida 10 kun ichida maʼlumot taqdim etishi soʻralmoqda.