Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

    Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

    1. Quyidagilar fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

    davlat va jamiyat hayotida fuqarolik jamiyati institutlari faolligini yanada oshirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy va gumanitar sohalarni rivojlantirishda ularning salohiyatidan to‘laqonli foydalanish;

    jamiyat manfaatlari va aholining haqiqiy ehtiyojlarini ko‘zlagan, joylarda saqlanib qolayotgan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish;

    davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish;

    fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashish yo‘lida ta’sirchan jamoatchilik nazorati olib borilishini rag‘batlantirish;

    fuqarolik jamiyati institutlarining xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ularning xorijdagi uyushmalari bilan hamkorligini mustahkamlash;

    fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularga o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratish.

    2. Oliy Majlis palatalari, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari (keyingi o‘rinlarda – mahalliy kengashlar) hamda ularning huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyalarining quyidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlansin:

    Oliy Majlis, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda mahalliy kengashlar huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini

    va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlarini qo‘shib yuborish va ularning negizida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi (keyingi o‘rinlarda – Fond) hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi alohida bo‘linmalarini (keyingi o‘rinlarda – alohida bo‘linmalar) tashkil etish;

    Fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolaridan iborat bo‘lgan parlament palatalari vakillari har yili navbatma-navbat raislik qiladigan Parlament komissiyasini (keyingi o‘rinlarda – Parlament komissiyasi) tuzish, uning faoliyatiga manfaatdor vazirlik va idoralar hamda faol jamoatchilik vakillarini jalb etish;

    fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va tashabbuskor fuqarolarni “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash vakolatini Parlament komissiyasiga o‘tkazish;

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy kengashlar huzurida ularning vakolatiga kiradigan vazifalarni samarali amalga oshirishga ko‘maklashuvchi fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan maslahat guruhlari faoliyatini jamoatchilik asosida yo‘lga qo‘yish.

    3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

    Fond jami 45 ta, shu jumladan, ijro etuvchi devon – 17 ta, alohida bo‘linmalar – 28 ta shtat birligidan iborat bo‘ladi;

    Fond ijro etuvchi devoni faoliyatini saqlash, xodimlarining mehnatiga haq to‘lash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti, alohida bo‘linmalarning xuddi shunday xarajatlari tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari hisobidan qoplanadi;

    Fond faoliyatini tashkil etish tartibi va uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari Oliy Majlis palatalari tomonidan belgilanadi.

    4. Oliy Majlis palatalariga ikki oy muddatda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda o‘z qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etilsin.

    5. 2024-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-oktabrga qadar Fond mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari doirasida to‘lanadigan quyidagi soliq turlari bo‘yicha belgilangan soliq stavkalari 50 foizga kamaytirilsin:

    loyihaga mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomalari asosida jalb qilingan mutaxassislarning mehnatga haq to‘lash tarzida olgan daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;

    nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan mehnatga haq to‘lashga doir xarajatlari bo‘yicha to‘lanadigan ijtimoiy soliq.

    6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

    “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar a’zolariga homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida to‘g‘ridan to‘g‘ri beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalarining soliq solinmaydigan miqdorini o‘n besh million so‘mdan bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha oshirish;

    2025-yil 1-yanvardan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun belgilangan davlat bojlari miqdorini ikki baravarga kamaytirilgan holda undirish.

    Adliya vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga mazkur banddan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

    bir kalendar yilda bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi bo‘lmagan jamoat fondlari uchun ushbu kalendar yilda o‘z faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi;

    har yili vazirlik va idoralar fuqarolik jamiyati institutlariga budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy buyurtma berish bo‘yicha tanlovlar tashkil etadi. Bunda tanlovlar ustuvor ravishda inson huquqlarini himoya qilish, korrupsiyaga murosasiz muhitni shakllantirish hamda ta’lim, tibbiyot, ekologiya, qurilish, transport, kommunal xo‘jaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va boshqa sohalarning eng dolzarb muammolari yechimiga qaratiladi;

    har yili kamida bir marotaba vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan sohaviy va hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkaziladi;

    fuqarolik jamiyati institutlariga tegishli soha va tarmoqlarda mavjud muammolarning ta’sirchan yechimini nazarda tutuvchi tashabbusli loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini olish to‘g‘risida manfaatdor davlat organiga taklif kiritish huquqi beriladi. Bunda tashabbusli loyiha belgilangan tartibga muvofiq davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan ijobiy baholangan taqdirda, uning tashabbuskoriga davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha miqdorda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish yo‘li bilan ijtimoiy buyurtma berilishi mumkin.

    8. Belgilab qo‘yilsinki:

    davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari (keyingi o‘rinlarda – jamoatchilik kengashlari) raislari fuqarolik jamiyati institutlari vakillari orasidan tasdiqlanadi;

    har yili jamoatchilik kengashlarining faoliyati samaradorligi baholanadi va uning natijalari e’lon qilinadi;

    jamoatchilik kengashlarining faol a’zolari davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moddiy rag‘batlantirib boriladi.

    “Yuksalish” harakatiga har yili jamoatchilik kengashlari faoliyat samaradorligini baholash va uning natijalarini o‘z rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib borish tavsiya etilsin.

    9. Davlat organlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

    ikki oy muddatda o‘zlarining huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hamda mazkur Farmonning 8-bandida nazarda tutilgan talablar asosida qayta tashkil etsin;

    “Yuksalish” harakatiga uning so‘roviga asosan jamoatchilik kengashlari faoliyatiga doir ma’lumotlarni taqdim etib borilishini ta’minlasin.

    10. Adliya vazirligi uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunini jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada kengaytirish nuqtayi nazaridan takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda quyidagilar nazarda tutilsin:

    jamoatchilik nazoratining ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan ta’sirchan shakllari;

    jamoatchilik nazoratining har bir shaklini amalga oshirish mexanizmi va tartib-taomillari;

    jamoatchilik nazoratining natijalariga ko‘ra yakuniy hujjatlarni rasmiylashtirish, jamoatchilik nazorati obyektiga kiritish va ularni ko‘rib chiqishning aniq tartibi va muddatlari;

    davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tartibga solish.

    11. Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, “Yuksalish” harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining:

    har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni o‘tkazib borish, uning doirasida Oliy Majlis, Adliya vazirligida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv va muloqot o‘tkazish, fuqarolik jamiyati institutlarini rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirlar tashkil etish, shu jumladan, “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash;

    har ikki yilda Fond tomonidan taqdirlanadigan “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofotini ta’sis etish;

    jurnalistlar o‘rtasida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritish yo‘nalishida nominatsiya tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

    Adliya vazirligi bir oy muddatda “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    Belgilansinki, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Fondga ajratiladigan mablag‘lar, homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

    12. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi a’zolarining mazkur assotsiatsiya raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari (komissiyalar) majlislarida nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili sifatida ishtirok etish huquqini berish haqidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.

    Nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini joriy qilish, ularni amaliyotga to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan takliflar kiritishi hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlarini ifoda etishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    13. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    14. Raqamli texnologiyalar vazirligi Fond bilan birgalikda 2024-yil 1-oktabrdan boshlab fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan quyidagi asosiy imkoniyatlarni nazarda tutuvchi yagona elektron platformani ishga tushirsin:

    fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilik tomonidan tanlovlar yo‘nalishlarini shakllantirish hamda ularning muhokamasida bevosita ishtirok etish;

    tanlovlarda ishtirok etish uchun loyihalarni topshirish va davlat subsidiyasini olish uchun buyurtmalarni yuborish, ularni ko‘rib chiqish

    va baholash jarayonlarini kuzatib borish;

    tanlov ishtirokchilaridan talab etiladigan hujjatlarni elektron platformani davlat organlarining ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilish orqali onlayn olish.

    15. Adliya vazirligi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazining Tugatish komissiyasi bilan birgalikda Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazining mol-mulki ushbu sohada faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari ehtiyoji uchun yo‘naltirilishini ta’minlasin.

    16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili Parlament komissiyasining asoslantirilgan hisob-kitoblariga ko‘ra fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlarni Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.

    17. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.

    Farmon ijrosini nazorat qilish va mas’ul ijrochilarning faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Sh. Mirziyoyev