IELTS va CEFR imtihonlari yoshlarimizning bilimini toʻgʻri baholay olyaptimi?

    Ta'lim 18 Noyabr 2024 3106

    IELTS imtihoni mamlakatimizda 1997-yildan buyon oʻtkazilishiga qaramay, nega aynan hozir koʻplab yoshlarimiz yuqori 9.0 ball olmoqda?

    Avvalambor, shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, hozirgi kunda mamlakatimizda xorijiy tillarni, xususan, ingliz tilini oʻrganishga juda kuchli eʼtibor berilmoqda.

    Davlatimiz rahbari tomonidan 2021-yil 19-mayda mamlakatimizda xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish sohasini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi va tegishli qaror qabul qilindi.

    Mana shunday eʼtibor natijasida hozirgi kunda yoshlarimiz milliy sertifikatlardan tashqari xalqaro imtihon turlari IELTS, CEFR va SAT imtihonlarini topshirishlari osonlashdi, imtihon topshiruvchilar soni ancha oshdi.

    Birinchi navbatda tushunishimiz kerak, ingliz tilini oʻrganish bu zamon talabi va hozirgi kunda ingliz tili, umuman xorijiy tillarni oʻrganishni asoslovchi uni koʻrsatib beruvchi muhim, va ayni paytda yagona yoʻl — bu xalqaro imtihonlarni topshirib, tegishli sertifikatlarga ega boʻlishdir.

    Xalqaro imtihonlar nisbatan shaffof va adolatli ekani, testologiyaning barcha muhim jabhalarini oʻzida jamlagani va ularning haqiqiyligi hozirgi kunda hech kimda savol qoldirmaydi.

    Ikkinchidan, mazkur sertifikatlarga ega boʻlgan yoshlarimiz nafaqat chet el oliy oʻquv yurtlarida, balki oʻzimizning oliy taʼlim muassasalariga ham kirish uchun imtiyozlar berilgan va bir vaqtning oʻzida xorijiy tilni biladigan yoshlarimizning ishga joylashish imkoniyatlari ancha yuqori.

    Uchinchidan, xalqaro imtihonlardan yuqori ball toʻplagan yoshlarimizga imtihon xarajatlarining qoplanishi koʻplab imtihon topshiruvchilarni xorijiy tillarni oʻrganishga va oʻz bilimlarini dunyo tan olgan sertifikatlar bilan mustahkamlashga sababchi boʻlmoqda.

    Faqat bir qiziq holat koʻpchilik til oʻrganuvchilarga savol uygʻotmoqda, IELTS imtihoni mamlakatimizda 1997-yildan buyon oʻtkazilishiga qaramay, nega aynan hozir koʻplab yoshlarimiz yuqori 9.0 ball olishmoqda?

    Imtihon standartlari shunaqa tushganmi yoki imtihon topshiruvchilarning bilim darajasi oshganmi? Shaxsan oʻzimning ikki nafar shogirdim — Suhrob Murodov va Boburjon Baxtiyorov oddiy maktab bitiruvchilari boʻlishiga qaramay, IELTSdan rekord natija — 9,0ni qoʻlga kiritgan. Bundan oldin, 2021-yilda IELTSga teng C2 natija ham qayd etilgan.

    Keling mana shu savolga atroflicha toʻxtalaylik va birinchi navbatda Oʻzbekiston tarixida birinchi marta 2021-yilda C2 olgan va keyinchalik IELTSdan 9.0 olgan eng yosh imtihon topshiruvchi Suhrob Murodovning fikrlarini oʻrganaylik:

    “Mening IELTS va CEFR imtihonlaridan yuqori ball olishimga asosiy turtki bu — maktabda, uyda — ota onam, ustozim Muhammadxon Soliyevning bizlarga doimiy yordami va shu vaqtning oʻzida davlatimiz tomonidan berilayotgan motivatsiya deb bilaman. Lekin kelinglar biroz tahlil qilaylik, hozirgi kunda kimlar yuqori natijalar olyapti? — koʻpchiligi yoshlar emas, balki kamida 10-yil tayyorlangan murabbiylar — kamida 10-15-martalab topshirgandan keyin olishyapti. IELTS esa yoshlar va abituriyentlar, umuman olganda oliy oʻquv yurtiga kirmoqchi boʻlgan yoki migratsiya qilmoqchi boʻlganlar uchun test. Mana shu imtihondan yuqori baho olish oʻqituvchilik mahoratini yoki bilimini koʻrsatmaydi. Xuddi shunday koʻp yillik tajribaga ega ustozlarning abituriyentlar uchun yaratilgan imtihondan yuqori ball olishi, bu umumiy ballar olishganini yoki koʻpchilik yuqori ball olganligini koʻrsatmaydi. Deylik, matematika fanidan universitet domlalari universitet kirish imtihonlaridan maksimal ball olgani bu yoshlarimiz matematikani zoʻr oʻrganganini koʻrsatmagani kabi.”

    18-yoshidayoq birdaniga ikkita xalqaro imtihonlar — IELTS dan 9.0 va SATdan maksimal ball — 1600 olgan Boburjon Baxtiyorov buni shunday ifodalaydi:

    “Shaxsan mening fikrimcha, imtihon savollari osonlashgan. Men 2021-yilda birinchi marta imtihon topshirganimda savollar nisbatan qiyin tuzilgandek koʻringan edi menga. Yana bir omil, dunyoning boshqa davlatlari, deylik Xitoy va Hindistondan farqli ravishda Oʻzbekistonda xalqaro IELTS imtihonining MCHJ koʻrinishidagi xususiy test markazlari tomonidan olinishi, imtihonlardan yuqori ball olinishiga sabab boʻlmoqda. IELTS dan yuqori 9.0 ball olganlarining koʻpchiligi aynan xususiy test markazida olingan.”

    Albatta, yoshlarimizning xalqaro imtihonlardan yuqori ball olishi bu ijobiy hodisa, va oʻylaymanki, bu xatti-harakatlar yanada qoʻllab quvvatlanishi kerak. Shu bilan birgalikda, mamlakatimizda test topshirish madaniyati — yaʼni imtihon topshiruvchilari imtihon topshirishdan oldin test formati, xususiyatlari bilan yaxshiroq tanish ekanliklari, davlatimiz rahbari tomonidan taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida kuchli pedagoglarning maktablarimizga qaytishi taʼlim sifatini oshirish bilan birga, imtihon natijalariga ham taʼsir qilmoqda. Jumladan, prezident, ijod va ixtisoslashtirgan maktablarda xalqaro imtihonlarda toʻplangan oʻrtacha ballari yuqori ekanligi, xorijiy ekspertlar jalb etilgan maktablarda oʻqiyotgan yoshlarimiz yuqori natijalarga erishayotgani fikrimizning dalilidir. Shu oʻrinda, xalqaro imtihonlarga tayyorlashda xususiy sektorning oʻrni katta. Juda ham koʻp yoshlar mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan oʻquv markazlariga borib tahsil olmoqda. Yaqin-yaqingacha markazlar faqat shahar markazlarida boʻlsa, hozirgi kunda mamlakatimizning eng olis va chekka hududlarida ham koʻplab oʻquv markazlari tashkil etildi, va ularni tashkil etishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan subsidiyalar ajratildi. Yana bir muhim omil — oʻquv muassasalarida xalqaro andozalarga mos Kembrij, Oksford va MM Pablikeyshns (MM Publications) kabi nashriyotlar kitoblari va interaktiv platformalaridan foydalanish yoʻlga qoʻyildi.

    Mana shu omillarning bir vaqtning oʻzida mamlakatimizda boʻlishi, 2021-yildan 2023-yilgacha davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan hukumatdagi alohida organ — Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tomonidan yagona davlat siyosati yuritilganligi hamda taʼlimga soʻnggi yillarda berilgan kuchli eʼtibor yoshlarimizning xalqaro imtihonlardan yuqori natija olayotganining sababi deb bilaman.

    Faqat mening xohishim — bu til oʻrganish shunchaki oʻz yoʻlida yoki IELTSdan yuqori ball olish rusum(moda)ga kirgani uchun boʻlmasligi, aksincha yoshlarimizga jahon ilm-fani yutuqlarini oʻrganishi, xorijiy nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsil olib, qaytganidan keyin mamlakatimiz rivoji uchun munosib hissa qoʻshishlariga imkon yaratuvchi stimul vazifasini bajarishi kerak, deb hisoblayman.

    Muhammadxon Soliyev,

    Xalqaro toifali ingliz tili oʻqituvchisi —

    Buyuk Britaniyaning Nortgempton va Kembrij Universitetlari bitiruvchisi