Ushbu murojaat Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi hududiy vakili Shuhrat Joʻrayevga holatni joyiga chiqib oʻrganish uchun yuborildi. Hududiy vakil viloyat tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi, pensiya va nafaqalarni tayinlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari masʼullari ishtirokida ishchi guruh tuzib, murojaatni joyiga borib oʻrgandi. Murojaatchi va uning ukasi bilan suhbat oʻtkazildi, masalaga tegishli hujjatlar oʻrganildi.

Aniqlanishicha, bir xonadonda nogironligi boʻlgan aka-uka fuqarolar yashaydi. Ularning har ikkisi koʻz kasalliklari boʻyicha birinchi guruh nogironi sifatida roʻyxatda turadi. Lekin ularning bittasigagina imtiyozlar belgilangan. Tegishli qonun hujjatlariga koʻra, Navoiy shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boʻlimi tomonidan biriktirilgan ijtimoiy xodim akaga belgilangan grafik asosida ijtimoiy xizmat koʻrsatadi hamda har oyda bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyena tovarlari oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravar miqdorida qoʻshimcha toʻlov beriladi. Birinchi guruh nogironi boʻlgan uka esa hech qanday yordam olmaydi.

Fuqaro S.N.ni yakka-yolgʻizlar roʻyxatiga kiritish va belgilangan imtiyozlardan foydalanishi uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilindi hamda Ombudsman xulosasi yuborildi. Hozir unga uy ishlarida yordamlashish uchun ijtimoiy xodim biriktirildi va har oyda qoʻshimcha toʻlov amalga oshirilishi taʼminlandi. Uzoq vaqtdan beri hal boʻlmagan murojaat Ombudsman aralashuvidan soʻng ijobiy yechim topdi.