Ushbu oʻyinda Bahodir Ahmedov shogirdlariga Tojikiston terma jamoasi raqiblik qiladi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da start oladi.
Mazkur oʻyinda futzalchilarimiz toʻliq oq libosda, darvozabonimiz esa qora libosda harakatlanadi.
Eslatib oʻtamiz, terma jamoamiz birinchi turda Turkmaniston terma jamoasini 8:0 hisobida magʻlub etgandi. Tojikiston esa Bahrayndan 4:3 hisobida ustun kelgandi. Ayni shu hisob bois futzalchilarimiz guruhda peshqadam boʻlib turibdi. Tojikistonlik futzalchilar ham biz bilan bir xil ochkoga ega, lekin gollar nisbatiga koʻra ular Oʻzbekistondan keyingi oʻrinni band etishgan.
Guruhdagi mavjud vaziyatdan kelib chiqib aytish mumkinki, mazkur uchrashuv guruh peshqadamini aniqlashtirishda hal qiluvchi oʻyin boʻladi. Zero, ushbu oʻyinda gʻalaba qozongan jamoa ochkolarini oshirib, guruh yakka peshqadamligini mustahkamlaydi.