Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi,

Shod etmas emish koʻngulni mehnatda kishi,

Koʻnglum bu gʻariblikda shod oʻlmadi, oh,

Gʻurbatta sevinmas emish albatta, kishi.

Oʻzbek adabiyotining buyuk siymolaridan biri Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini qayta – qayta oʻrganish, mutolaa qilish ummon tubidagi yangi gavharlarni izlab topish bilan barobardir. Buyuk shoirning sheʼr va gʻazallarini, ruboiy va masnaviylarini oʻqir ekansiz, koʻngilning betakror va beozor jilolariga, mehr sarchashmasining zilol mavjlariga guvoh boʻlasiz. Shoir oʻzining bir sheʼrida yorning qaynoq muhabbatidan jon olib jon berguvchi ekanligini tasvir etsa, yana bir sheʼrida esa olamga yaxshilik koʻzi bilan qarashni, vafo va sadoqat yoʻlida murodga yetmoqlikni ixtiyor etadi.

Mehr va vafo haqidagi bitiklarning gultojiga aylangan “Yaxshilik” gʻazalini kim ham sevib oʻqimaydi deysiz. Oʻsha sarson-sargardonlik yillarida, koʻplab yoru doʻstlaridan, navkarlaridan judo boʻlgan Bobur Mirzo hijriy toʻqqiz yuz oltinchi, milodiy 1500-1501-yillarda Samarqand yaqinida ushbu baytni bitdi:

Kim koʻrubdur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshilik,

Kimga ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma ondin yaxshilik,

Bu zamonni nafʼy qilsam ayb qilma, ey rafiq,

Koʻrmadim hargiz, netayin bu zamondin yaxshilik.

Bobur Hindiston safariga hozirlik chogʻida ham eng avvalo sadoqatli ayonlariga, vafodor doʻstlariga ishonar edi. Bu ishonch va sadoqat tuygʻulari bir on, bir soniya soʻnmas, yorni, diyorni, yaqin doʻstlarni asrash, avaylash tuygʻusi sira koʻngildan nari ketmasdi. Balkim, ana oʻsha yuksak tuygʻular Boburshohni Hind sori yuzlatgan boʻlsa, ajab emas. Shoirning koʻplab gʻazallarida vafo va sadoqatni, yor vasliga mushtoqlikni shundoq anglab yetish mumkin.

Soʻrma holimniki boʻldum burnogʻidin zorroq,

Jism jondin zoru jonim jismdin afgorroq.

Gʻaflat uyqusidin uygʻon, gar tilar boʻlsang murod,

Kim yetar maqsadgʻa har kim, boʻlsa ul bedorroq.

Buyuk shoir oʻz Vatanidan olisda boʻlsada, butun umri davomida yor va diyor sogʻinchi bilan yashadi. Koʻnglidagi armon va istaklarini, hijron azoblarini goʻzal, betakror bitiklarida ifodaladi. Birgina “Boburnoma”ning oʻzida shoir ichki dunyosinining turfa qirralari, ilmiy, joʻgʻrofiy, maʼrifiy-axloqiy jihatlari koʻzgudek aks etib turibdi. Bugungi avlod bu asarni qayta – qayta mutolaa qilib borsa, yangicha mazmun va maʼlumotlarni kashf qila olishi, shubhasiz. Ayniqsa, asar soʻnggida butun Hindistonni zabt etib davlat boshqaruvini isloh qilish jarayonidagi oʻziga xos ibratli fazilatlari beixtiyor eʼtiborni tortadi. Bobur deydi: “Bashar nafsi yomonlikka mayl etishdan uzoq emas. Nafsimni poklay olmadim, chunki nafs yomonlikka amr etguvchidir. Undan qaytish bagʻishlovchi malikning lutf-marhamatidan boshqa mumkin emas”. “Bu ollohning ihsonidir. Kimga xohlasa baxsh etadi. Olloh katta ihson egasidir ” (“Boburnoma” asari 287-bet).

Insonlarni oliyjanob fazilatlarga, ahil va inoqlikka daʼvat etish, davlat ishlarini yurgizishda aqlan komillikka intilish tuygʻulari shoirning koʻngil nolalarini ham tebratib turgan.

Ahbob, yigʻilmoqni farogʻat tutungiz,

Jamʼiyatingiz borini davlat tutungiz,

Chun gardishi charx budurur, tangri uchun,

Bir-birni necha kune gʻanimat tutungiz.

Doʻstu yorlarni avaylash, inson qadrini ulugʻlash tuygʻusi, ayniqsa, Bobur hayotining soʻnggi yillarida avj pardaga chiqdi. Shoir oʻz oilasini, jigargoʻshalarini, farzandlari birla opa-singillarini behad sevar edi. Ana oʻsha mehr, yaqinlik tuygʻusi Boburni albatta xalqqa, ijodga yanada yaqinlashtirar, koʻproq joʻshqin mehnat qilishga daʼvat etardi. Zero, shoir odamlarga yaxshilik qilishni, har qanday vaziyatda ham vafodor doʻst boʻlishni darigʻ tutmagan.

Yotlarni kerakki, oshno kam qilsang,

Har kimki vafo qilsa, jafo kam qilsang,

Navmid boʻlur barcha vafodorlaring,

Gar shah nazaring birla vafo kam qilsang.

Soʻzdin iborat ajoyib bir lashkar tuzgan shoir hamisha tafakkur jangida gʻolib boʻlishni ixtiyor etadi. Hatto tafakkur bahsidagi bundayin muzaffariyat Boburning davlat ishlarida ham juda qoʻl kelgan. Uning huzuriga tashrif buyurgan turli mamlakat elchilari, podshohlik vakillari ham juda ehtiyotkorlik bilan muloqotda boʻlishgan. Zero, ulugʻ shoirning lutfu karamlari har qanday diplomatik munosabatlarga oʻzgacha bir shavq bagʻishlagan.

Ey yel, borib ahbobqa nomimni degil,

Har kim meni bilsa, bu kalomimni degil,

Mendin demagil gar unutulgʻan boʻlsam,

Har kimki meni soʻrsa, salomimni degil.

Bobur hazratlari koʻp hollarda tevarak – atrofidagi odamlarning, ahli ayonlarining xulq – atvorini, asl koʻngil holatini soʻziga qarab bilib olar edi. “Soʻzum tinglab anglagaysan oʻzumni...” degan satrlar ham bejizga aytilmagan.

Mening tilagim budurki, navozanda boʻlay,

Har qanda esang men dagʻi anda boʻlay,

Ne xulq edi, yano koʻnglum olding soʻz ila,

Shirin soʻzu yaxshi xulqingga banda boʻlay.

Bobur hayotida el qaygʻusi, ulus tashvishi hamisha bosh maqsadlardan biri boʻlib kelgan. Buni “Boburnoma” asarida ham koʻp bora kuzatish mumkin. Ayrim lavhalarni oʻqiganimizda Boburning mardona, jasur qiyofasi koʻz oldimizda gavdalanadi. Odamlarning peshona teri evaziga haqqini toʻlash, ularni qadrlash, yaxshilikka yaxshilik ila javob qaytarish Bobur shaxsiyatida muhim oʻrin tutgan. Har qanday davlat ishi bilan band boʻlgan taqdirda ham oddiy xalq turmushidin hamisha boxabar boʻlganligi odamiylik shevasining yuksak namunalaridan biri edi.

Davlatga yetib mehnat elin unutma,

Bu besh kun uchun oʻzungni asru tutma,

Borganni, kel emdi, yod qilmay, ey doʻst,

Borish – kelishingni lutf etib oʻksutma.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, buyuk davlat arboblaridan biri eʼtirof etganidek, Bobur haqiqattan ham dilbar shaxs, ikkinchi uygʻonish davrining noyob moʻjizasi boʻlgan. Oʻzini shoh va shoir sifatida emas, inson sifatida namoyon etishni afzal bilgan.

Sen gulsenu men haqir bulbuldurmen,

Sen shuʼlasanu ul shuʼlaga quldurmen,

Nisbat yoʻqdur deb ijtinob aylamakim,

Shahmen elga, vale sanga quldurmen.

Shoh saroyida ilmu toliblarga, tarixchi, solnomachi va muarrixlarga alohida eʼtibor bilan qaralgan. Andijonu Samarqanddan, Toshkandu Buxorodan ilmli, ziyoli kishilar koʻproq jalb qilinar, Hindiston zaminida zafarli yurish ortidan saodatli, maʼrifatli davlat barpo etish istagi joʻsh urar edi. Gʻalabalardan shukronalik hissini tutish barobarida maʼrifat va ziyoga intilish harakati ustuvor boʻlgan. Mamlakatning harbiy salohiyati yuksak boʻlishida ham eng avvalo ilmning, maʼrifatning ahamiyati katta ekanligi qayta – qayta uqtirilgan.

Kim, yor anga ilm tolibi, ilm kerak,

Oʻrgangali ilm tolibi ilm kerak,

Men tolibi ilmu tolibi ilme yoʻq,

Men bormen ilm tolibi, ilm kerak.

Bobur yashagan davrda hattotlik, rassomchilik, naqqoshlik va meʼmorchilik sanʼatiga alohida eʼtibor bilan qaralar edi. Shuning uchun boʻlsa kerak, shu sohada iqtidori boʻlgan insonlar Balxdan, Xurosonu Movarounnahrdan koʻproq chaqirtirilgan. Hunarpesha, fozil kishilar behad qadrlangan. Boburshohning yurtni obod qilish yoʻlidagi mehr va sadoqat tuygʻusi joʻsh urib turgan.

Shoirning oʻz yaqinlariga mehru muhabbati nechogʻlik baland ekanligini u haqda yozilgan tarixiy asarlar ham tasdiqlaydi.

“ – Yo, parvardigor! – deb iltijo qildi. –Menki Boburmen, agar jon berish mumkin boʻlsa, umru jonimni Humoyunga qurbon qildim! Azroil mening jonimni olsinu xudo Humoyunga shifo bersin!”

Yigirma uch yoshli Humoyunning yigit yuragi otasi koʻrsatgan ruhiy madaddan kuch olib, ogʻir kasallikni axiyri yengdi.

Bobur oʻgʻlini orombogʻning toʻridagi xonayi xosda qabul qildi. Humoyun uning qarshisida tiz choʻkib, koʻziga yosh olib gapirdi: – Hazratim, men sizning iltijoingiz bilan shifo topmishmen. Oʻzimga kelganimdan beri xudodan tilaymanki, sizning umringiz uzoq boʻlsin! Bu ulugʻ davlatni siz barpo etdingiz. Hammamizning pushti panohimiz oʻzingizsiz. Parvardigor bizga rahm qilsin! (Pirimqul Qodirov “Yulduzli tunlar” roman, 532-bet).

Humoyunning otasiga qilgan iltijolarida ham farzandlik mehri, padari buzrukvoriga sadoqat va hurmat tuygʻularini yaqqol his etish mumkin. Boburiylar sulolasining davomchilari keyinchalik ham bobolarining anʼanalarini munosib davom ettirganliklari tarixdan yaxshi maʼlum. Insonni qadrlash, oʻz yaqinlariga baxtu saodat bagʻishlash, mehribon ota va shoh boʻla olishdek ulugʻ bir sharaf Bobur vafotidan keyin ham Hindistonda uch asr muttasil davom etdi.

Bobur Hindistonda katta bir mamlakatni, ulugʻ saltanatni barpo etdi. Ilmni, madaniyat va maʼrifatni targʻib qildi. Fozil insonlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatdi. Bu haqda ulugʻ shoir shunday yozgan edi:

Yuz shukr de, Boburki, karimi gʻaffor,

Berdi senga Sindu Hindu mulki bisyor,

Issiqligiga gar sanga yoʻqtur toqat,

Sovuq yuzini koʻray desang Gʻazni bor.

Ulugʻ bobomizning Hind diyoriga oʻzgacha bir mehr ila nigoh tashlaganligi shundoq bilinib turadi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek Boburiylar Hindistonga ulkan bir madaniyatni olib kirdiki, buni soʻz bilan taʼriflash qiyin. 2016-yilning boshlarida sayyohlik taqozosi bilan Hindiston safarida boʻldim. Dehli va Agradagi diqqatga sazovor joylarni tomosha qildik. Ayniqsa, Agraga safarimiz bir umr yoddan chiqmaydigan boʻldi.

Dunyoning yetti moʻjizasidan biri, deya tan olingan Toj Mahal qad rostlab turibdi. Toj Mahalga kelib – ketuvchilar, sayyohlarning safi uzilmaydi. Ushbu majmuaning Shohjahon tomonidan 22 yil davomida qurib bitkazilganligi va mazkur bunyodkorlik ishiga 20 mingdan ziyod quruvchi va meʼmorlarning jalb etilganligi meni lol qoldirdi. Nima boʻlganda ham Boburiylar sulolasi yuksak maʼnaviyat sohibi ekanligi shundoq bilinib turibdi. Bobur va uning avlodlari oʻz aql –zakovati bilan hind madaniyatiga katta taʼsir oʻtkazgan. Birgina Toj Mahalni dunyo meʼmorchildik sanʼatining ulkan namunalaridan biri deyish mumkin.

Toj Mahal xususida toʻxtalar ekanmiz, unga ortiqcha taʼrifu tavsif berib oʻtirish shart emas. Uni boricha koʻrish va his etish kerak. Soʻnggi paytlarda ziyoratgoh oʻzgacha bir jilo kasb eta boshladi. Boisi majmua butunlay yangidan rekonstruksiya qilindi va katta hajmdagi taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Ziyoratgohning har bir binosiga diqqat bilan nazar tashlasangiz, marmar ila yoqutdek tovlanuvchi qimmatbaho toshlar qandaydir sehru sinoatga toʻla, moziydan oltin sado taralayotgandek tuyuladi. Majmuaning bosh binosiga eltuvchi yoʻllar esa rango-rang gullar, goʻzal daraxtlar bilan bezangan. Favvoralar zamin koʻrkiga koʻrk bagʻishlaydi. Shohjahon va Mumtozbegimning qabrlari yonma-yon qoʻyilgan. Yamandan keltirilgan qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan sagʻanalar oʻzidan jilo, nur taratib turibdi. Shunisi diqqatga sazovorki, rangli toshlar jilosi anvoyi gullar tasvirini ham eslatib yuboradi. Hamrohlarimiz bilan birgalikda ulkan ziyoratgoh hududini aylanar ekanmiz, ulugʻ bobolarimiz merosining jahon ahli tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganilayotganligining shohidi boʻldik.

Toj Mahalning oʻzi bir buyuk asardir. Uni qayta-qayta mutolaa qilging keladi. Dunyoning sirli moʻjizasi ham ana shunda. Koʻngildagi tuygʻular esa beixtiyor sheʼrga koʻchadi:

O, Hindiston dunyoning moʻjizasi bagʻringda,

Peshonangda buyuklar muhrin bosgan bir zarhal,

Maftun boʻlib qolgandim mehmon boʻlib shahringda,

Yuragimda qaytadan yaraldi bir Toj Mahal!

Bobur Mirzo toʻgʻrisida juda koʻplab badiiy va tarixiy asarlar yaratilgan. Men bular ichida “Humoyunnoma”, Rumer Godenning “Gulbadan” asari, Pirimqul Qodirovning “Bobur” va “Avlodlar dovoni” tarixiy romanlari, Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” maʼrifiy romanlarini alohida taʼkidlab oʻtmoqchi edim. Bu asarlarning barchasida Bobur shaxsiyati, uning vatanparvarligi, mehr va sadoqat egasi ekanligi oʻzgacha muhabbat bilan tasvirlangan. Ustozlar ijodidan ilhomlanib kamina ham ulugʻ shoirning ruhiy olamini, alam va iztiroblarini ifoda etuvchi “Koʻnglimdagi Vatan yoxud Mirzo Bobur” nomli doston yozgan edim. Doston “Sharq yulduzi” jurnalida eʼlon qilindi va alohida kitobcha shaklida chop etildi. Men ushbu moʻjaz dostonda Bobur bobomizning ruhiy olamini, Vatanga muhabbat tuygʻularini badiiy ifodalashga harakat qildim.

Dilimizga quvvatdir Olloh,

Vatandoshlar, boʻlaylik ogoh,

 

Bu Vatanning oʻzi buyukdir,

Ilmu amal, soʻzi buyukdir.

 

Yurtboshi bor vazmin, ulugʻvor,

Oʻz eliga munosib sardor,

 

Yonib ishlar mudom gʻayratda,

Dunyo ahli koʻrib hayratda,

 

Darhaqiqat, Vatan uchun, uning shonu shavkati uchun har bir insonga sadoqat, mehr va vafo kerak. Zotan ulugʻ shoirimiz oʻzining juda koʻpgina sheʼr va gʻazallarida ana shu bebaho tuygʻuni doimo ulugʻlab kelgan. “Har kimki, vafo qilsa, vafo topqusidir”, degan hayotiy shiorga umrining oxirigacha sodiq qolgan.

Yangi Oʻzbekistonning ulugʻvor gʻoyalarini roʻyobga chiqarishda, uchinchi uygʻonish davrining mustahkam poydevorini bunyod etishda buyuk Boburning boy maʼnaviy merosini qayta-qayta oʻrganishimiz, qalb ummonining inju gavharlaridan bahramand boʻlishimiz zarur. Bu ulkan maʼnaviy meros, sheʼriyatning betakror va goʻzal gulshani bizni saodat sari yetaklashi, shubhasiz.

Zero, Yangilanayotgan Oʻzbekiston uchun yangi gʻoyalar, yangicha qarashlar, yangicha ohanglar juda-juda zarur. Boburga yaqinlashing va oʻzingizga maʼnaviy kuch oling. Yangi Oʻzbekiston uchun yangi Boburlar tugʻilishiga shak-shubha yoʻq. Xayolan Bobur tilidin soʻzlamoq joizdur:

Avlodlarga tilarman oshigʻlikda sabrlar,

Soʻzdin lashkar tortguncha kelur yangi Boburlar.

Ashurali BOYMUROD,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi