“Gʻalaba”dan boshlangan zafar tongi (суратлари Аброрда)

    Mirzachoʻl tumani Gagarin shaharchasidagi obodlik ishlari aynan “Gʻalaba” mahallasidan boshlangan.

    Shu mahallada yashovchi Lola Hojiyeva turmush oʻrtogʻi vafot etgach, ikki oʻgʻlini yolgʻiz voyaga yetkazdi. Albatta, oson boʻlmadi. Koʻp qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazdi. Mamlakatimizdagi islohotlar shukuhi nihoyat koʻngli oʻksik opa oilasiga ham obodlik, fayzu baraka olib kirdi.

    – Mahallamiz raisi sharoitimizni oʻrganib, “Ayollar daftari”ga kiritdi. Koʻp oʻtmay bankdan imtiyozli kredit olishimiz mumkinligi haqida aytishdi. Darhol ishga kirishdik. Taʼminotchi bilan shartnoma tuzdik. 60 ta tovuqni 800 kilo doni, 10 ta quyonni yemishi bilan olib kelib berdi. Bugun tovuqlar tuxumga kirdi, quyonlarimiz koʻpayadi, goʻsht beradi. Ularni taʼminotchining oʻziga sotamiz. Roʻzgʻorimizga baraka kirdi. Oʻgʻlim ham “Yoshlar daftari”ga kiritilgan edi. Chorvaga qiziqadi. Hozir uni oʻqishga chaqiryapti, chorva ilmini oʻrganib chiqsa, kredit berar ekan. Nasib qilsa, tez kunlarda shu ishimiz ham yurishib ketsa, mendan baxtli ona boʻlmaydi. Keyin toʻylar qilamiz. Har bir oilani, xotin-qizlarni oʻylab, sharoit yaratib berayotgan davlatimizga ming rahmat.

    Gagarindagi xayrli amallar, bunyodkorlik shukuhi har bir fuqaro koʻngliga koʻchgan. Odamlar harakatga kelgan. Tomorqadan foydalanishning ham hadisini olishdi. Gulsara Qilicheva kelinlari bilan birga 1 sotixli issiqxonadan 30-40 million soʻm daromad topayapti. Qizigʻi, issiqxonaga na gaz kerak, na elektr energiyasi. Suv ham koʻp talab qilinmaydi.

    – Qishda koʻkatlar ekkan edik. Hosilni 5 million soʻmga sotdik. Hozir mana koʻrib turganingiz pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri ekdik. Ikki oylarda ularni ham bozorga chiqaramiz. Kuzda esa yana talabga qarab boshqa ekin ekamiz, – deydi Gulsara opa. – Ming qatla shukr, Prezidentimiz ishsizlarni ishli, kambagʻallarni boy qildi. Uylarimiz ahvoli xarob edi, taʼmirlab berdi. Har bir uyga ichimlik suv keldi. Yoshlar oliy maʼlumotli boʻlyapti. Bu yillardan kambagʻal oila qolmadi hisob. Harakat qilgan yashayapti. Shu bir sotix issiqxona orqasidan chorvani ham koʻpaytirdik, toʻy qilmoqchimiz.