Vatan taqdiriga daxldorlik odamlar qalbiga chuqur oʻrnashmoqda

    Mamlakatimizda 22 Iyun 2023 1112

    Mamlakatimizda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida boshlangan yurt obodligi, xalq farofonligi yoʻlidagi harakatlar, xususan, joylarda ichki yoʻllar, ichimlik suv, elektr energiyasi va gaz taʼminotini, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma obyektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktyabrdagi “2022–2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida har bir tumanda “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, aholi muammolari xonadonbay va mahallabay oʻrganib chiqildi va aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

    Bu xayrli ishlardan Arnasoy tumanidagi “Baxtli” mahallasi ahli ham chetda qolgani yoʻq. Mahalladagi oʻz muddatini oʻtagan 200 dan ziyod simyogʻoch temir-beton ustunlarga almashtirildi, eskirgan transformatorlar oʻrniga yangilari oʻrnatildi.

    Oʻtgan asrda qurilgan va yaroqsiz ahvolga kelib qolgan koʻprik rekonstruksiya qilingani aholining uzogʻini yaqin etdi. Mahallada tibbiyot punkti qurilib foydalanishga topshirildi. Eng muhimi, joriy yilda barcha qulayliklarga ega mahalla binosi ham qurib bitkazildi.

    — Mahallada infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan ishlar davom etmoqda, — deydi “Baxtli” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Ahmad Mahmudov. — Ichki yoʻllarning 3,6 kilometriga asfalt, 600 metriga shagʻal yotqizish loyihasi tayyor boʻldi, bugun-erta ishlar boshlab yuboriladi.

    Ha, qayerda birlik, hamjihatlik boʻlsa, ishlar maromida davom etaveradi. “Baxtli” mahallasida kechani kecha, kunduzni kunduz demay harakat qilayotgan ajoyib “beshlik” aholi turmush darajasini koʻtarish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, yangi ish oʻrinlari yaratish yoʻlida izlanmoqda. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektorining hamkorlikdagi saʼy-harakatlari natijasida ishsizlar soni tobora kamaymoqda.

    Mahallaning 513 ta xonadonidagi muammolar oʻrganib chiqilganda 75 nafar fuqaro ishsiz ekani aniqlangan edi.

    Tadbirkorlik subyektlari tashkil etish hisobiga yangi ish oʻrinlari yaratish uchun shu yilning birinchi choragida 358 million soʻmlik imtiyozli kredit ajratildi. Mahallada qishloq xoʻjaligi tarmoqlari, Arnasoy – Aydar suv havzasi yoqalarida turizmni rivojlantirish, xizmat koʻrsatish sohalarini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    — Joriy yil boshida har bir xonadonni qayta oʻrganib chiqdik. 37 nafar kishi ishsizligini aniqlab, ularga tadbirkorlik bilan shugʻullanish taklifini berdik. Asalarichilik bilan shugʻullanishni xohlagan mahalladoshimizga 21 million soʻm imtiyozli kredit olishga koʻmaklashdik, natijada ikki nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi. Mahallamizda mebel ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Ustachilikdan xabari bor fuqaroga 33 million soʻm kredit olishga yordam qilgan edik, “Arnasoy land servis” MCHJ tashkil etdi va qoʻshimcha ikkita ish oʻrni yaratdi, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Zokir Zulfiqorov.

    “Baxtli” mahallasida amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar haqida koʻplab misollar keltirish mumkin. Eng muhimi, tumanda yangi soha boʻlgan turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Mahallaning Arnasoy–Aydar koʻliga yaqin joylashgan xonadonlarida sayyohlarga xizmat koʻrsatish tizimi yaratilmoqda. Ayni paytda hokim yordamchisining tavsiyasiga asosan, Barno Narzullayevaga 33 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Kredit hisobidan 10 oʻringa moʻljallangan uy mehmonxona qurib bitkazildi. Ikrom Suvonqulov ham oʻz mablagʻi hisobidan uy mehmonxona qurib, uchta ish oʻrni yaratdi.

    Hozirgi paytda mahalla faollari 11 nafar fuqaroni ish bilan taʼminlash choralarini koʻrmoqda.

    — Biz mahallamizni ishsizlikdan xoli hududga aylantirmoqchimiz, —deydi Ahmad Mahmudov. — Shunda xonadonlardagi uncha-muncha muammolar ham barham topadi, hududimizda kambagʻal qolmaydi.

    “Izlangan imkon topadi”, degan gap bejiz aytilmagan. “Baxtli” mahallasi faollari “Ayollar daftari” roʻyxatida turgan yetti nafar ayolga 10 million soʻmdan subsidiya ajratib berdi. Ushbu mablagʻga tikish mashinasi sotib olindi, shuning hisobidan mahallada chevarlar safi ham ortib bormoqda. Bir nafar ayolga tomorqasida issiqxona qurish uchun imtiyozli kredit ajratildi.

    Mahallada avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha “Sifatli AQXKSH” MCHJ tashkil qilinib, 2 nafar fuqaroning bandligi taminlandi. Xizmat turlarini koʻpaytirish maqsadida toʻrt kishiga ikkita yuk mototsikli, ikkita motokultivator, uch nafar fuqaroga esa 12 boshdan qoʻy-echki sotib olish uchun kredit ajratildi.

    “Baxtli”liklar baxti, farovonligi, mahallasining obodligi uchun oʻzlari harakat qilishi lozimligini yaxshi tushunishadi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, mahallalarni rivojlantirish maqsadida qabul qilgan hujjatlar asosida qishloq va mahallalar koʻrinishi, odamlar dunyoqarashi butunlay oʻzgardi. Mahallaga keng qamrovli yondashuv dunyoda oʻxshashi yoʻq, noyob va yangi tizimni yaratdi. Endi odamlar “Mening mahallam”, “Mening koʻcham”, “Mening xonadonim” deyishni oʻrganishdi, Vatan taqdiriga daxldorlik ular qalbiga chuqur oʻrnashdi. Zero, mahallasi obod boʻlgan insonning maʼnaviyati ham yuksak boʻladi. Ana shunday keng tushunchali insonlar safida Arnasoy tumanidagi “Baxtli” mahallasining baxtli insonlari ham bor.

    Asad MUSTAFOYEV,

    jurnalist