Gap shundaki, ushbu vazifalar Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 11 sentyabrida imzolangan “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023-2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilab berilgan.
Unda qayd etilishicha, 2023-2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturi hamda bosh rejalari ishlab chiqiladigan shaharlar, shaharchalar va qishloqlar ro'yxati tasdiqlandi. Unga ko'ra, kelgusi 5 yilda 27 ta shahar, 217 ta shaharcha va 517 ta qishloq aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqiladi. Bosh rejalarni ishlab chiqishga mas'ul loyiha institutlari ham belgilab berildi. Xususan, “O'zshaharsozlikLITI” instituti shaharlar va shaharchalarning bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqadi. “ToshkentboshplanLITI” instituti esa Toshkent va Samarqand shaharlari, Toshkent viloyati shaharlari hamda shaharchalarining bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqadi.
Qarordan, shuningdek, sohaga oid boshqa yangiliklar o'rin olgan.
2024 yilning 1 yanvariga qadar SHaharsozlik geoaxborot tizimi ishga tushiriladi. Natijada:
- hududlarning barcha ijtimoiy-iqtisodiy ma'lumotlar turlarini yaratish, boshqarish, 3D-vizual ko'rinishini shakllantirish va kompleks tahlil qilish imkoniyati yaratiladi;
- hududlar konservatsiya, rekonstruktsiya va renovatsiya zonalariga ajratilib, geofazoviy ma'lumotlarni joylashtirish orqali aholi punktlarining “raqamli egizaklari” yaratiladi;
- bosh rejalar va yirik loyihalarni jamoatchilik ekspertizasidan o'tkazish jarayonlari raqamlashtiriladi;
- bosh rejalar asosida qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni berish jarayonlari to'liq raqamlashtiriladi.
Odamlarga qulay hayot muhiti yaratish, shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatida byurokratik to'siqlarni bartaraf etish hamda zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Mening hududim” elektron platformasi ishlab chiqiladi. “Mening hududim” elektron platformasida manfaatdor vazirlik va idoralarning shaxsiy kabinetlari yaratilib, ular faoliyatiga taalluqli bo'lgan ma'lumotlar mahalla kesimida raqamli shaklda kiritib boriladi. Bosh rejalar va master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikri o'rganiladi hamda ovoz berish mexanizmi joriy etiladi. Aholi va tadbirkorlik sub'ektlarining shaharsozlik hamda tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli tashabbuslarini aks ettiruvchi tizim joriy qilinadi.
Umuman, mazkur qarorga binoan, hududlarni shaharsozlik jihatdan rejalashtirishga doir ishlab chiqiladigan hujjatlarning 3 ta darajasi belgilandi.
Birinchi darajada O'zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasi, hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish sxemalari hamda shaharlar atrofi zonalari integratsiyasi asosida aglomeratsiya hududlarini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.
Ikkinchi darajada esa shaharlar va shaharchalarning bosh rejalari, shuningdek, qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatdan rivojlantirish sxemalari va uchinchi darajada hududlarning master rejalari yoki batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi.