Bugungi kunda yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo'jaligi subyektlari o'rtasidagi o'zaro munosabatlarda bozor tamoyillarini, fan va texnikaning ilg'or yutuqlarini jadal joriy etish, ekologik toza va eksportbop mahsulotlar etishtirish orqali dehqonlar daromadini ko'paytirish borasida olib borayotgan tizimli islohotlar toboro chuqurlashib boryapti.
Agrobiznesning yaxlit zanjiri
Boshoqli don ekinlaridan yuqori hosil yetishtirishni rag'batlantirish tizimi joriy etilgani o'zining ijobiy samarasini berdi. O'tgan yilim Andijon, Farg'ona, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlarida hosildorlik gektariga 65-67 tsentnerga etgani ana shunday yangicha yondashuvning mahsuli bo'ldi. Eng muhimi, o'tgan dehqonchilik mavsumida g'allakorlarning peshona terin bilan 7 million 130 ming tonna hosil yetishtirilgan bo'lsa, uning 3 million tonnasi dehqon va fermerlar ixtiyorida qoldirildi.
Vazirlar Mahkamasining shu yil 17-maydagi “2021-yil hosili uchun ekilgan boshoqli don hosilini o'z vaqtida va sifatli o'rib-yig'ib olishni tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, ichki bozorda don va non narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish maqsadida joriy yil hosilidan davlat resurslariga tovar va urug'lik don xarid qilish hajmi tasdiqlandi. Xususan, davlat resurslari uchun jami 2 434 425 tonna tovar va urug'lik don (shundan — 2 150 000 tonna tovar don, 284 425 tonna urug'lik don) xarid qilish nazarda tutilgan.
G'alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etishni muvofiqlashtiruvchi respublika kengashiga jahon bozori kon'yunkturasi va mintaqaviy birjalarda kutilayotgan don narxlari tahlilidan kelib chiqib, don va un mahsulotlari narxi keskin oshib ketishining oldini olish choralarini ko'rish topshirildi.
Qishloq xo'jaligi vazirligi va tegishli idoralar 2022-yil hosili uchun boshoqli don ekinlari urug'ligining o'z vaqtida va sifatli jamg'arilishini ta'minlashi, shuningdek urug'lik g'allani o'rish uchun alohida o'rim-yig'im otryadlarini shakllantirishi hamda urug'lik donning alohida saqlanishini tashkil etishi zarur.
Respublikada joriy yil kuzgi boshoqli don ekinlaridan 7 million tonna ortiq don etishtirish kutilayotgan bo'lsa, 5 million tonna atrofidagi don hosili g'alla yetishtiruvchi xo'jaliklarining o'z ehtiyojlari uchun qoldiriladi. Bu esa ularga etishtirilgan donni o'zi hohlagan muddatda erkin narxlarda sotish imkoniyatini beradi.
G'allachilikda ham yerni haqiqiy egasiga berish, ayniqsa, mahsulot yetishtirishdan tortib, uni sotishgacha bo'lgan agrobiznesning yaxlit zanjirini o'z ichiga qamrab olgan klaster tizimini to'liq yaratishga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda. Joriy yilda 157 ta g'allachilik klasteri 1 million 38 ming gektar, ya'ni yuz foiz maydonni qamrab olgan holda faoliyat yurityapti.
Parvarishlash jarayonida mazkur klasterlar mablag'lari hisobidan 1 marta to'liq zang kasalligi va begona o'tlarga qarshi kurashish, 5-6 marta barg orqali biostimulyatorlar bilan ishlov berildi.
Soha qanday moliyaviy qo'llab-quvatlanadi?
Ma'lumki, g'allachilikni moliyalashtirish bo'yicha ham yangi tizim joriy etildi. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-martdagi “Qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan moliyaviy qo'llab-quvvatlashni tashkil etish to'g'risida”gi qarorining 2-ilovasidagi “Bug'doy etishtirish xarajatlarini kreditlash tartibi to'g'risidagi nizom”ga muvofiq, Qishloq xo'jaligi vazirligi tomonidan har yili e'lon qilinadigan minimal narx asosida hamda tuproqning ball bonitetiga nisbatan normativ hosildorligini (tsentner/gektar) hisobga olgan holda, belgilansh tartibi joriy etildi. Shartnoma kuchga kirgandan so'ng keyingi ish kunidan kechiktirmasdan qarz oluvchiga kredit hisobvarag'i ochiladi.
Tijorat banki qarz oluvchi bilan bug'doy xomashyosi etishtirish xarajatlarini kreditlash uchun tuzgan kredit shartnomasiga asosan, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash jamg'armasi kreditlari hisobidan bug'doy yetishtirish xarajatlarini kreditlash uchun 12 oy muddat bilan urug'lik qiymatini hisobga olgan holda, g'alla yalpi hosili umumiy qiymatining 40 foizigacha yillik 10 foizda, 50 foizigacha yillik 12 foizda (shundan bank marjasi 2 foiz) qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz kredit ajratadi.
Qarz oluvchi kreditni shartnomada belgilangan muddatda so'ndirmasa, kreditning so'ndirilmagan qismi tijorat krediti sifatida qayta rasmiylashtiriladi, maqsadsiz ishlatilgan qismiga qo'llaniladigan jarima miqdori shartnomada belgilanadi. Muddatidan oldin so'ndirilgan kredit va unga hisoblangan foiz to'lovlari tijorat banki tomonidan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan jamg'armaga qaytariladi.
“O'zbekiston Respublikasi Tovar xomashyo birjasi”dagi g'allaning xarid narxlari bo'yicha tahlillar olib borildi va joriy yilning birinchi choragi davomida 3-sinf 1tonna yumshoq bug'doyning minimal xarid narxi 2 million 878 ming so'mni tashkil etmoqda.
Mavsumiy tadbirlar mas'uliyati
Hozirgi kunda 1 million 38 ming gektar sug'oriladigan maydonlarda parvarish qilinayotgan boshoqli don ekinlari boshoqlash va gullash fazasida rivojlanmoqda. Etishtiriladigan hosildan 260,2 ming tonna urug'lik don tayyorlashuchun 3 172 ta urug'chilik xo'jaligining 90,6 ming gektar sug'oriladigan maydonida alohida parvarish qilinmoqda. Bunda har bir hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos keladigan, serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli bo'lgan “Krasnodar-99”, “Vassa”, “Asr”, “Davr”, “Bunyodkor”, “G'ozg'on” va “Yaksart” kabi navlaridan asosiy urug'lik don tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Joriy yilning o'tgan davrida g'allani azotli mineral o'g'itlar bilan uchinchi oziqlantirish ishlari to'liq yakunlandi, mavsum boshidan g'allani azotli o'g'itlar bilan oziqlantirish gektariga o'rtacha (fizik holda) 750 kilogrammni tashkil etdi. Bu yilgi ob-havoning qulay kelayotgani sababli g'allazorlarda begona o'tlar hamda “zang” kasalligi ko'payishiga sharoit yaratyapti. Kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida 5 ming 284 ta OVX va purkagichlardan samarali foydalanildi.
Soha olimlarining ilmiy tavsiyalariga asosan, begona o'tlar, kasallik va zararkunandalarga qarshi kimyoviy preparatlar, biostimulyatorlar bilan birgalikda “to'rtlik aralashma” yordamida ishlovlar o'tkazildi. Shuningdek, har bir gektar g'alla maydoniga o'rtacha 5 tonnadan jami 5,2 million tonna mahalliy o'g'it jamg'arilib, sharbat usulida sug'orish ishlari olib borilyapti.
G'alla o'rim-yig'imida ishtirok etadigan 3 417 ta g'alla o'rish kombaynining mavsumga tayyorgarligi tashkil etilgan maxsus ishchi guruhlar tomonidan o'rganilib, sertifikat asosida qabul qilib olinmoqda. O'rimni qisqa muddatlarda nest-nobud qilmasdan o'tkazish uchun 2972 ta otryadlar shakllantirildi.
Zohid ZIYODULLAYEV,
Qishloq xo'jaligi vazirligining
g'allachilik boshqarmasi boshlig'i