Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zarbdor tuman boʻlimi tomonidan “Hududgaz Jizzax” GTF tuman gaz taʼminoti xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro B.D. “Z.p.» MCHJga qarashli parrandachilik binosini hech qanday shartnoma va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz oʻzboshimchalik bilan yuqori bosimli gaz tarmogʻiga ulab, 376,9 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 248,8 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.
Departamentning Toshkent tuman boʻlimi tomonidan IIB, “Oʻzneftegazinspeksiya” va tuman gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, “X.” MFYda yashovchi M.A. raqamsiz uyda joylashgan issiqxonani oʻzboshimchalik bilan gaz tarmogʻiga ulab, 154,9 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 154,9 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.
Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan “Hududgaz Buxoro” GTF Romitan tuman gaz taʼminoti boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “R.t.» MCHJ rahbari Z.A. korxonaga qarashli issiqxonaning gaz tarmogʻi nazorat tamgʻasini buzib, 141,6 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 141,6 mln soʻm zarar yetkazganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) va 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.