Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari mintaqaviy eksportning Germaniya bozoriga yoʻnaltirilishini baholadi.
Tadqiqotda RCA (Revealed comparative advantage) va HHI (Herfindahl–Hirschman index) indekslari yordamida raqobat ustunligini aniqlash va eksportni hududiy diversifikatsiya qilish mezonlaridan foydalanildi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, Germaniya bozorida eksportning raqobat ustunligiga ega boʻlgan (RCA ≥ 1,000) toʻqimachilik mahsulotlari (2022-yilda 16,6%), kiyim-kechak (15,7%), kimyoviy oʻgʻitlar (12,6%), sabzavot va mevalar (7,2%), rangli metallar (6,9%), noorganik kimyoviy moddalar (3,1%) talab yuqori boʻlgan mahsulotlar hisoblanadi.
Malumot uchun: Germaniya Oʻzbekiston uchun oʻzlashtirilayotgan yangi bozor hisoblanadi. 2018-2022-yillar oraligʻida Oʻzbekiston tovarlari eksporti 1,7 barobardan koʻproqqa oshdi va 2022-yilda 88,9 mln. AQSH dollarini tashkil etdi (mamlakat eksportining 0,5 foizi).
Hududiy tovar tuzilmasini baholash yuqoridagi tovarlar boʻyicha hududiy eksportning quyidagi xususiyatlarini aniqlashga imkon berdi:
Oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat tovarlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish tufayli Buxoro, Qashqadaryo, Andijon, Jizzax, Toshkent viloyatlarida eksportning jadal oʻsishiga (2018-2022-yillar) erishildi. Shu bilan birga, Toshkent shahri, Namangan, Toshkent, Jizzax, Fargʻona viloyatlari mahalliy tovarlarni Germaniya bozoriga eksport qiluvchi yetakchi hududlar (Germaniyaga eksport qilinadigan tovarlarning ½ qismidan koʻprogʻi) hisoblanadi.
Eksportning nisbiy hududiy diversifikatsiyasiga ega boʻlgan guruhiga (eksport konsentratsiyasi indeksi – ECI => 0) toʻqimachilik iplari, matolar, tayyor mahsulotlar (0,371), kiyim-kechak (0,454), sabzavot va mevalar (0,387) kiradi: toʻqimachilik mahsulotlari (Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona, Xorazm viloyatlari) va kiyim-kechak (Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Toshkent viloyatlari) eksport qiluvchi hududlar iqtisodiyoti aholining tadbirkorlik faoliyati fonida paxta tolasini qayta ishlashga ixtisoslashuvi bilan ajralib turadi.
Maʼlumot uchun: 2021-yilda Oʻzbekistonda 6200 turdagi tovarlarni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga boj toʻlovlarisiz eksport qilish imkonini beruvchi GSP+ imtiyozlar tizimi joriy etildi. Natijada 2022-yilda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqiga eksporti 47,2 foizga, shu jumladan Germaniyaga eksporti 23,1 foizga oʻsdi. Oʻsishning 85 foizdan ortigʻi toʻqimachilik mahsulotlari hissasiga toʻgʻri keldi.
Eksportning nisbiy konsentratsiyasi (ECI => 1) boʻlgan guruhga rangli metallar (0,714), oʻgʻitlar va noorganik kimyoviy moddalar (1,000) kiradi. Rivojlangan yirik biznes fonida mineral xomashyo resurslarining mavjudligi va ulardan foydalanish Toshkent viloyati va Toshkent shahrini ushbu tovarlarning asosiy eksportchisiga aylantirdi.
Umuman olganda, Germaniya bozorida Oʻzbekiston hududlari oʻrnining mustahkamlanishi qoʻshimcha imkoniyatlarni izlashga bogʻliq. Bular:
➖ ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va toʻqimachilik mahsulotlari (Namangan, Samarqand, Toshkent), kiyim-kechaklar (Sirdaryo, Fargʻona viloyatlari) eksportini kengaytirish, mahalliy mahsulotlarni qoʻshilgan qiymat yaratish global zanjiriga kiritish;
➖ Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida talab yuqori boʻlgan elektr mashinalari, asbob va uskunalar, yoʻl materiallari, sumkalar, charm buyumlar eksportini oshirish (Andijon, Namangan, Toshkent, Fargʻona viloyatlari, Toshkent shahri);
➖ ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va Oʻzbekiston-Germaniya qoʻshma korxonalarini farmatsevtika zonalariga joylashtirish orqali eksportga yoʻnaltirilgan farmatsevtika mahsulotlarini oʻzlashtirish (masalan, Jizzaxning “Zomin-farm”, Namanganning “Kosonsoy-farm”, Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo-farm” korxonalarida) maqsadga muvofiq.
Hududlar uchun yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan istiqbolli oʻrta va yuqori texnologiyali tarmoqlar, shu jumladan axborot texnologiyalari, mikrobiologiya, seleksiya va boshqa yoʻnalishlarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish muhim ahamiyatga ega.