баннер
24 Mar 2025
04:55

    Germaniyada “Zokir Abdusattor bolalari“ nomli xalqaro xayriya jamgʻarmasi tashkil etildi

    Germaniyada ogʻir kasallikka chalingan oʻzbek bolalariga tibbiy yordam koʻrsatishga moʻljallangan xalqaro xayriya jamgʻarmasi oʻz faoliyatini boshladi.

    “Dunyo“ AAning xabar berishicha, mazkur xayriya tashkiloti mamlakatimizdagi kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga tibbiy yordam koʻrsatish, ularning sogʻligʻini tiklash va reabilitatsiyasini tashkil etish maqsadida tuzilgan.

    Ushbu loyiha turizmga ixtisoslashgan “Uzbekistan-online” va “Uzbekistan-Gallerie” onlayn nashrlar rahbari, bavariyalik Gerxard Birkl va Germaniyadagi bir guruh vatandoshlar tashabbusi bilan “TEZPARCEL” logistik kompaniyasi koʻmagida tashkil etildi. Jamgʻarma Frankfurt-Mayn shahrida yashagan va xayriya ishlari bilan tanilgan Zokir Abdusattor xotirasiga ochildi.

    U oʻzbek bolalari uchun qator saxovatli loyihalarni amalga oshirgan, mazkur xayriya jamgʻarmasi esa uning ezgu ishlarini davom ettirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

    Jamgʻarmaning asosiy vazifalaridan biri yurtimizdagi jismoniy va ruhiy rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan, onkologik va nevrologik kasalliklarga chalingan bolalarga zamonaviy tibbiy yordam koʻrsatishdan iborat. Xususan, ADHS, ADS, autizm, ZPR va onkologik kasalliklarga duchor boʻlgan bolalarni davolashda Germaniyadagi yetakchi mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilgan.

    Jamgʻarma oʻz oldiga bolalarni bepul tekshiruvdan oʻtkazish, tashxis qoʻyish va davolash, mahalliy tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy uskunalar hamda diagnostik apparatlar bilan taʼminlash, ogʻir kasallikka chalingan bolalar uchun Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanish imkoniyatlarini yaratish kabi maqsadlarni qoʻygan.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech