Gid, ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar xizmatlari oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar faoliyat turiga kiritildi

    Turizm sohasi vakillari bandligining huquqiy asoslarini mustahkamlashda Prezidentning 2021 yil 9 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6165-son farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur farmon bilan oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar xizmatlari ham kiritildi.

    Ilgari turoperator bilan tuzilgan mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi tuzmay turib gidlik faoliyatini olib borishga ruxsat berilmagan.

    Hozirgi kunda esa gidlar biror yuridik shaxs bilan shartnoma tuzmasdan va tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmasdan oʻzini oʻzi band qiladigan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan holda mehnat faoliyatlarini olib borishi mumkin. Oʻzini oʻzi band qilish mexanizmining afzalliklari boʻlib, ular quyidagilardan iborat: Roʻyxatdan oʻtish soddalashtirilgan tartibda va ortiqcha sarf-xarajatlarsiz amalga oshiriladi. Bunda roʻyxatdan oʻtish maxsus mobil ilova, soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yoki davlat soliq organiga kelgan holda amalga oshiriladi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazishda haq undirilmaydi; Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga mehnat staji hisoblanadi. Bunda ular tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliq toʻliqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi; Oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi tatbiq etilmaydi.

    Taʼkidlash lozimki, aksariyat holatlarda gidlarning faoliyati mavsumiy hisoblanadi. Mavsum past boʻlgan vaqtlarda gidlar faoliyatni vaqtincha toʻxtatish toʻgʻrisida bildirishnoma yuborgan holda soliq idoralarini ogohlantirishi mumkin. Bunda mehnat faoliyati amalga oshirilmaydigan davrda ijtimoiy soliqni toʻlash toʻxtatib turiladi.