Har yili minglab yoshlar bu zararli odatning qurboniga aylanmoqda. Muammoning yechimi oila va mahalla institutlarining kuchli ta'sirida yashiringan. Giyohvandlikka qarshi kurashda eng samarali qurol uning oldini olishdir.

Oila – insonning birinchi va eng muhim maktabi. Psixologlarning tadqiqotlariga ko'ra, oilada sog'lom munosabatlar o'rnatilgan, bolalar ota-onalari bilan ochiq gaplasha oladigan muhitda o'sgan taqdirda, ular narkotik moddalar istemol qilish ehtimoli 60-70 foizga kamayadi. Oilaning roli faqat nazorat bilan chegaralanmaydi – sog'lom turmush tarzini namoyish etish, mehnat va mas'uliyatga o'rgatish, farzandning qiziqishlari va iste'dodlarini rivojlantirishga yordam berish muhim ahamiyatga ega.

Ota-onalar farzandlari bilan muntazam, ochiq va samimiy suhbat o'tkazishlari, ularning do'stlarini tanishlari zarur. Oilada sog'lom turmush tarzi namunasi ko'rsatilishi, farzandlarning qiziqishlarini rivojlantirish uchun ularni turli to'garaklar va sport sektsiyalariga yozdirish tavsiya etiladi.

Mahalla instituti oiladan keyin ikkinchi muhim ijtimoiy himoya qatlami hisoblanadi. O'zbekistonning an'anaviy mahalla tuzilmasi o'ziga xos ijtimoiy nazorat, o'zaro yordam va tarbiya tizimidir. Mahalla giyohvandlikning oldini olishda g'oyat samarali vosita bo'lishi mumkin. Mahallada yoshlar uchun foydali mashg'ulotlar – sport to'garaklari, madaniy tadbirlar, hunarmandchilik va san'at darslari tashkil etilishi mumkin. Ma'rifiy ishlar, oqsoqollarning nasihatlarí yoshlarga ta'sirchan bo'ladi.

Mahalla ijtimoiy nazoratni amalga oshiradi, giyohvandlik bilan shug'ullanuvchilarni aniqlash, ularni davolash va qayta tiklashga yo'naltirish imkoniyatiga ega. Mahalla oqsoqollar kengashi giyohvandlikka moyil bo'lgan yoshlar bilan individual ish olib borishi, ularning oilalari bilan uchrashuvlar tashkil etishi mumkin.

O'zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, ota-onalar farzandlarining jismoniy, aqliy, ruhiy va axloqiy rivojlanishini ta'minlash majburiyatiga ega. Mahalla fuqarolar yig'inlari to'g'risidagi qonun mahallalarga yoshlar bilan tarbiyaviy ishlar olib borish vakolatlari beradi. "Narkotik vositalarga, psixotrop moddalarga va ularga nisbatan nazorat chora-tadbirlariga doir qonun" va "Giyohvandlikka qarshi kurash to'g'risida"gi qonunlar davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari, shu jumladan profilaktika ishlarida oila va mahallaning rolini belgilaydi.

 Mahalla hokimliklari va fuqarolar yig'inlari yoshlar uchun zamonaviy sport majmualari, madaniy markazlar yaratishga e'tibor qaratishlari kerak. Giyohvandlik xavfi haqida ma'rifiy ishlar muntazam olib borilishi, shifokorlar, psixologlar, huquqshunoslar jalb etilishi zarur. Mahalla faollari va oqsoqollari "xavf guruhi"ga kiruvchi yoshlarni aniqlab, ular bilan individual ish olib borishlari lozim. Mahalla ota-onalar bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etib, ularni bolalar psixologiyasi, tarbiya usullari haqida ma'lumotlar bilan ta'minlashi kerak.

 Giyohvandlik muammosini faqat qattiq qonunlar yoki tibbiy yordam bilan hal qilish mumkin emas. Eng samarali yo'l muammoning oldini olish bo'lib, bu vazifani oila hamda mahalla eng yaxshi bajarishi mumkin. Oila mehri, ota-ona e'tibori, mahalla nazorati va g'amxo'rligi giyohvandlikka qarshi eng kuchli himoya qalqonidir. Har bir ota-ona o'z farzandiga vaqt ajratsa, har bir mahalla o'z yoshlariga e'tibor bersa, jamiyat sifatida biz bu muammoning yechimini topa olamiz. Bitta saqlab qolingan yosh hayoti – bu saqlab qolingan bir butun oila, bir butun avlod demakdir. Bu mas'uliyat har birimizning – har bir ota-ona, har bir qo'shni, har bir mahalla a'zosining zimmasi.

Uzbekova Dilshoda,
Toshkent davlat yuridik universiteti doktoranti