– Gripp – “oyoqda o‘tkaziladigan” kasallik emas! Uni oddiy shamollash deb o‘ylab, o‘zboshimchalik bilan davolanish ham noto‘g‘ri. Chunki bu xastalikning o‘zidan ko‘ra asoratlari ko‘proq xavfli, – deydi mutaxassis. – Negaki, gripp virusi qon tomirlari devorlarining kasalliklarga nisbatan himoya qobiliyatini susaytirib yuboradi. Shu sababli infeksiyalar qon oqimi orqali ichki organlarga yetib borib, yallig‘lanish o‘choqlarini hosil qiladi.
Oqibatda u pnevmoniya, bronxit, yuqori nafas yo‘llarining ikkilamchi bakterial infeksiyalari, asab va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari hamda qandli diabet kabi xastaliklarni keltirib chiqaradi. Eng yomoni, ushbu darddan o‘z vaqtida davolanmaslik o‘lim holatlariga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Bu borada Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tahliliy hisoboti bor. Unga ko‘ra, dunyo bo‘yicha yiliga 650 ming nafarga yaqin inson mavsumiy grippdan vafot etadi. Qolaversa, ushbu virus turli surunkali kasalliklarning rivojlanishi uchun qulay muhit yaratishi bilan xavfli.
Mana, hozir barcha yoshdagi insonlar, ayniqsa bolalar va o‘smirlar orasida gripp virusi ko‘p uchraydigan mavsum. Ko‘tarilish davri odatda noyabr oyidan boshlanib, mart oyigacha davom etadi.
Mutaxassis sifatida bunday paytda xastalikdan ishonchli himoyalanish uchun unga qarshi emlanishni tavsiya etamiz. Bu — eng samarali va katta sarf-xarajat talab etmaydigan usul.
Qolaversa, vaksina xavfsiz va yuqori ta’sirga ega bo‘lib, yillik kasallanish va o‘lim holatlarini yetarlicha kamaytiradi. Ya’ni zamonaviy grippga qarshi emlash vositalarining samaradorligi 90 foizni tashkil etadi.
Mavsumiy grippga qarshi vaksina organizmda 15 kun ichida grippga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Ta’sir kuchi 1 yilga yetadi.
Emlashdan oldin shifokor tomonidan, albatta, emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga ko‘ra vaksinatsiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Ya’ni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yo‘llari yallig‘lanishi kabi kasalliklardan tamoman sog‘lom bo‘lishi kerak.
Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik ta’sirchanlik darajasi ham tekshiriladi.
JSST ushbu virusga qarshi, birinchi navbatda, homilador ayollar, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, keksa yoshli insonlar (65 yoshdan katta), surunkali kasalliklari bor bemorlar va tibbiyot xodimlarini emlashni tavsiya etadi.