Aslida, yurtimizda ikki millat vakillari aralash yashaydigan qishloq va mahallalar koʻp. Bunday joylarda yashaydigan oʻzbek va to­jik xalqlarining qiyofasi, xatti-harakatla­ri, kiyinishi yoki udumlariga qarab bir-bi­ridan ajratish qiyin. Toʻgʻrisi, tashqaridan kelgan odam ularning farqiga bormaydi. Ne­gaki koʻp millatli xalqimiz ham bir-birini ajratib koʻrsatmaydi. Aksincha, quda-anda, qavm-qarindosh boʻlgan. Toʻy-maʼrakasi birga, koʻklamda Navroʻzni birga nishonlaydi, cha­vandozlari bir davrada koʻpkari chopadi. Shu bois,ularni ikki tilda soʻzlashadigan bitta xalq deyishadi.

Qadriyat va urf-odatlari bir-biriga juda oʻxshash bu ikki xalqning birodarligi kecha yoki bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq. Bu yaqinlik qadimdan yonma-yon yashab kelayotgan ikki xalqning uzoq ajdodlaridan meros. Ammo maʼlum muddat chegaralarga sunʼiy toʻsiqlar oʻrnatilib, odamlarning bordi-keldisi cheklandi. Ikki davlatda yashaydi­gan quda-andalar, doʻstu birodarlar, qavmu qarindoshlar bordi-keldi qilishi qiyin­lashdi.

Biroq etni tirnoqdan ajratib boʻlma­ganidek, ikki xalqni ajratish mumkin emasdi. Bu haqiqatni toʻgʻri anglaydigan odamlar vaziyatni oʻnglashga intilib yasha­di. Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifa­tidagi faoliyatining dastlabki kunlari­danoq qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga jiddiy kirishdi. Yurt­boshimiz tashabbusi bilan bundan sakkiz yil muqaddam ikki davlatni bogʻlovchi che­gara postlari qayta ochildi. Ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi bilan oʻzbek va tojik xalqlari oʻrtasidagi bordi- keldi munosabatlari yangi bosqichda qayta tiklandi. Bu tarixiy kunni oʻzbek va tojik xalqlari katta shodu xurramlik bilan ku­tib oldi.

Oʻsha kunlarni men hamon yaxshi eslayman. Oʻzbekiston - Tojikiston oʻrtasidagi chegaralarning ochilishi necha yillardan buyon bir-birini sogʻingan qanchadan qancha ota-bola, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urugʻlarni diydorga yetkazgan hayajonli damlar hamon koʻz oʻngimda. Chegaralar ochilishida bir-birining bagʻriga talpingan odamlarning diydorlashuvidagi sevinchdan koʻzlarimizga yosh keldi.

Tarixi, kechmishi, taqdiri bir boʻlgan ikki xalq oʻrtasidagi sunʼiy toʻsiqlar­ning olib tashlanishi hazrat Alisher Na­voiy va Abdurahmon Jomiy amal qilgan, asarlarida tarannum etilgan buyuk doʻstlik abadiy ekanining hayotiy isboti boʻldi. Oʻza­ro aloqalarda ulkan oʻzgarishlar yuz berdi. Jumladan, 2017-yilda Toshkent — Dushan­be aviaqatnovining qayta yoʻlga qoʻyilishi, Gʻalaba — Amuzang temir yoʻli tiklanishi, Samarqand — Panjikent xalqaro yoʻli ochi­lishi, ikki davlat chegarasidagi barcha oʻtka­zuv maskanlari ish boshlagani tarixiy voqea boʻldi. Ayniqsa, 2018-yili Prezidentimiz­ning Tojikistonga tarixiy tashrifi oʻzbek-tojik xalqlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik, birodarlik va oʻzaro strategik she­riklik sohalaridagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi.

Navbatdagi tashrifda Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyevni Tojikistonning yuksak mukofoti — I darajali “Zarrintoj” ordeni bilan mukofotladi. Bu davlatimiz rahbari­ning ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi ulkan xizmatlari eʼtirofidir.

Eng muhimi, har ikkala mamlakatda yashovchi oddiy odamlar bordi-keldi qi­lishi uchun toʻsiqlar olib tashlandi. Yana yaqinlar toʻy-maʼrakalarni, bayramlarni birga oʻtkazish, diydorlashish imkoniyati­ga ega boʻldi. Hozir Oʻzbekiston va Toji­kiston chegara-bojxona postlari orqali har kuni minglab odamlar oʻtayotir. Bir paytlar xalqlarimiz qon-qarindoshi bor­ligi tufayli zoʻrgʻa bordi-keldi qilardi. Endi istalgan inson sayohat uchun chegaradan bemalol oʻtib-qaytmoqda.

Davlatimiz rahbarining toʻgʻri va adolat­li tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik koʻprigi qayta tiklandi. Har yili bir marta Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchra­shuvini oʻtkazish anʼanaga aylandi. Eʼtirof etish kerak, ushbu uchrashuvlar doʻstlik va ishonchni mustahkamlab, uzoq yillar davomi­da toʻplanib qolgan masalalarni hal etishda va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bos­qichga olib chiqishda koʻprik vazifasini ba­jarmoqda.

Joriy yil 31-mart kuni Tojikiston Respublikasining qadimiy va tarixiy shaharlaridan biri boʻlgan Xoʻjandda Oʻz­bekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston rah­barlari ishtirokida tarixda ilk bor uch tomonlama sammit oʻtkazildi. Bu nafaqat mazkur davlatlar oʻrtasidagi munosabat­lar, balki butun Markaziy Osiyo miqyosida­gi integratsiya jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqishda ulkan ahamiyatga ega boʻldi.

Mamlakatimizda barcha millat va elat­lar qatori tojik madaniyatini, milliy va tarixiy qadriyatlarini saqlash va rivoj­lantirishga ham katta eʼtibor qaratilmoq­da. Oʻzbekistonda tojik millatiga mansub 1 million 700 mingdan ziyod yurtdoshimiz istiqomat qilib, yurtimizning iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyotiga munosib hissa qoʻsh­moqda.

Biz — oʻzbekistonlik tojiklar oʻzi­mizni bolalarimiz tugʻilib, bobolarimiz mangu qoʻnim topgan shu muqaddas zamin farzandlari deb bilamiz. Oʻzbekiston esa, hech shubhasiz, muqaddas Vatanimizdir. Millatdoshlarim orasida taniqli olim­lar, tadbirkor va fermerlar, oʻqituvchilar, shifokorlar, turli darajadagi rahbarlar bor. Ular ana shu tuygʻu, Vatan mehri bilan yashayotgani uchun ham bugun katta yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

Yurtimizda tojik tilida gazeta va jurnallar chop etilib, telekoʻrsatuv va ra­dioeshittirishlar efirga uzatilmoqda. Qolaversa, 255 ta maktabda taʼlim tojik tilida olib boriladi. Bir qator oliy oʻquv yurtlarida tojik tilida taʼlim beradigan fakultetlar va boʻlinmalar faoliyat yurit­moqda.

Yangi Oʻzbekistondagi bagʻrikenglik siyo­satiga yana bir hayotiy misol, yaqin yillar­gacha oliy taʼlimdagi tojik guruhlariga kirish uchun tojik tilida test topshirish imkoniyati yoʻq edi. Natijada bilimli bo­lalar qolib, bilimsizlar turli yoʻllar bilan oʻqishga kirardi. Mamlakatimizdagi islohotlar sabab ushbu masala yechim topdi. Quvonarlisi, oʻtgan yildan boshlab oʻz bi­limi bilan talaba boʻlgan yuzlab yoshlarimiz oʻqishni tamomlab, oʻz sohalarida faoliyat boshladi. Bu mamlakatimizda turli millat vakillariga nisbatan yaratilayotgan sharoit­larning bir koʻrinishidir. Yana bir misol, keyingi yillarda tojik millatiga mansub 130 dan ortiq fuqaro yuksak davlat muko­fotlariga sazovor boʻldi. Bu ham Oʻzbekis­tonda barchaga teng sharoit va imkoniyatlar barobar ekanini namoyon etadi.

Bizni yana bir holat doim quvontiradi. Prezidentimiz har bir bayram tabrigi­da, xalqimizga murojaat yoʻllaganida yoki chiqishlarida hamisha “koʻp millatli xal­qimiz” iborasini ishlatadi. Toʻgʻrisi, bu mamlakatimizdagi koʻp millatli xalqimiz doim eʼtiborda ekanidan xursand boʻladi. Yana bir jihat, har yili Navroʻz bayramida milliy madaniy markazlar koʻrgazmalari­ni davlatimiz rahbari shaxsan koʻzdan ke­chirib, markaz raislari va faollar bilan samimiy suhbatlashadi. Muammolarimiz, kelgusidagi rejalarimiz haqida soʻraydi.

Elning obroʻsini, uning moddiy boyli­gidan ham koʻproq ilm-maʼrifat, madaniyat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi oshirishiga tarixda ham, bugun ham misollar koʻp. Shu oʻrinda tojik tilida oʻqitiladigan maktab­lardan birini misol sifatida keltirib oʻtmoqchiman. Jizzax viloyati Yangiobod tu­manining eng chekka hududidagi Chakand qish­logʻi va u yerdagi maktabni faqat Oʻzbekis­tonda emas, qoʻshni Tojikistonda ham yaxshi bilishadi. Aholisi ikki tilda soʻzlashsa-da, qalbi, oʻy-fikri uygʻun boʻlgan qishloqdagi 6-umumtaʼlim maktabida 130 nafarga yaqin oʻquvchi tojik tilida taʼlim oladi. Ushbu maktab koʻplab ilmli kishilarni tarbiya et­gani bois mashhur boʻlgan.

Keyingi yillarda ushbu qishloqdan yeti­shib chiqqan sakkiz nafar fan doktori va fan nomzodlari turli ilmiy muassasalarda fao­liyat koʻrsatayotir. Bugun Yangiobodda va qoʻsh­ni tumanlarda chakandlik 40 nafardan ziyod shifokor, yana bir qancha boshqa sohalarning malakali mutaxassislari ishlayotir.

Chakandliklarning qanchalik ilmga chan­qoqligini fan olimpiadalari, bilimlar mu­sobaqalarida erishayotgan yutuqlari, har yili oliy maktabga kirayotgan yoshlarning koʻpligi ham koʻrsatib turibdi. Hozir ushbu maktab­ning 40 nafardan ziyod bitiruvchisi turli oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotir.

Bu chekka hududdagi qishloq maktabi fao­liyatidan bir misol. Bunday misollarni boshqa viloyatlardan ham keltirish mumkin. Bu davlatimiz tomonidan boshqa tillarda oʻqiydigan yoshlarning barkamol voyaga yetish­lari uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari bilan toʻ­liq taʼminlanganiga katta eʼtibor qarati­layotgani samarasidir.

Respublika tojik milliy-madaniy marka­zi va uning viloyat, shahar va tuman boʻlimlari bundan buyon ham asosiy eʼtiborini xalqlari­miz oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va doʻstlikni mus­tahkamlashga safarbar etadi.

Darhaqiqat, doʻstlik — qudratli kuch. Hamjihatlik, totuvlik, bagʻrikenglik bilan yurt obod boʻladi. Ayniqsa, oʻzaro milliy va etnik nizolar, diniy, hududiy kelishmovchi­liklar kuchaygan bugungi dunyoni kuch emas, insonlar, millatlar, mamlakatlar oʻrtasida­gi doʻstlik saqlab qolishi oʻz isbotini topib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, davlatimiz rahbarining faqat yon qoʻshnilar emas, global miqyosda oʻzaro ishonchli aloqalarni, hamkor­likni rivojlantirishda uzoqni koʻzlab yuri­tayotgan siyosati xalqlarimiz oʻrtasida doʻst­lik rishtalari mustahkamlanishiga munosib hissa boʻlib qoʻshilmoqda.

Gulandom SUBHONOVA,

Respublika tojik milliy-madaniy markazi raisi