Bir yuz yigirma olti yillik qaramlikdan so'ng davlat mustaqilligimizni tiklaganimizga hademay o'ttiz yil to'ladi. Ko'p ming yillik o'tmishga ega milliy borlig'imizdagi ushbu tarixiy voqea go'yoki kecha yuz bergandek...
O'sha ilk kezlarda davlatchilikning o'zi nima, o'z mustaqil davlati doirasida yashash, o'qish, ishlash, oila qurish, bola-chaqqa katta qilish... nimaligini barcha birdek anglagan, deyolmaymiz. Aqliy yuki o'ta og'ir ushbu omillarni idrok etish keyinchalik ham birdek kechmaganiga shaxsan guvohmiz. Uzoqqa borib nima qilamiz, o'zbek davlatchiligi tarixi mavzusiga Istiqlolga erishganimizdan keyingina qo'l urganimizning o'ziyoq ko'p narsaga ishora. Mazkur tarixiy va ilmiy haqiqatni bugun – oradan o'ttiz yil o'tib ham hazm qilolmayotganlarning borligi esa, mustamlakachilik – qullik davrimizning asoratlari qanchalar yashovchan ekanidan dalolatdir, albatta.
Davlat mustaqiligimizning galdagi to'yiga bag'ishlangan chiqishimizni mazkur masalaga urg'udan boshlaganimiz bejiz emas.
Istiqlol bayramimizga bag'ishlanib bo'lib o'tgan barcha rasmiy yig'inlarni shaxsan kuzatganmiz va ularning har biridagi bosh chiqishlarni shaxsan eshitganmiz, o'qiganmiz, o'zimizcha tahlil ham qilganmiz. Ularning har biri o'z o'rni va ahamiyatiga egaligi shubhasiz. Shu bilan birga, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Mustaqilligimizning yigirma to'qqiz yilligi munosabati bilan tantanadagi nutqi qandaydir boshqacha bo'lgandi. Aniqroq qilib aytsak, o'shanda XV asr ikkinchi yarmidan so'ng emirila boshlanib, borib-borib butunlay yo'qqa chiqarilgan milliy siyosiy taffakurimiz uzil-kesil o'z o'zaniga qaytganini taqdiqlovchi tarixiy voqea yuz bergandi.
Bir yilga qaytib ish ko'rishimizning esa o'z sabablari bor. 2020-2021 yillar kishilik tarixida butun olam ahli “tojli og'u”ga qarshi kurashgan palla sifatida tamg'alanib qolsa, hech ajablanmaymiz. Biroq shaxsan biz uchun o'tgan bir yil, jumladan, o'tgan haftadagi ikki yirik voqea – davlatimiz rahbarining “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri bilan suhbati hamda milliy iqtisodiyotimiz ilg'orlari – ishbilarmonlar bilan uchrashuvi, o'zbek jamiyati siyosiy tafakkurida yuz bergan chindan ham tarixiy o'zgarishlar nuqtai nazaridan o'ta qadrlidir.
Milliy etakchimiz 2020 yil 31avgustdagi o'z chiqishini “Haq berilmas, haq olinur!”dan boshlagani, boshqalarni bilmadik-ku, kaminani shoshirib qo'yganini tan olamiz: “Bashariyat tarixi shundan dalolat beradiki, har bir xalq faqat erkin va ozod bo'lgan taqdirdagina, o'z hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega bo'ladi. “Haq berilmas, haq olinur!” deb millat ozodligi yo'lida jonini fido qilgan ulug' ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu edi”.
Turkiston boshlig'i, yo'lboshchisi sharafiga erishgan Mahmudxo'ja Behbudiyning “Hurriyat” gazetasi 1918 yil 26 yanvar` sonida e'lon qilingan maqolasida yangragan mazkur chaqiriq oradan bir asr o'tib o'zbek davlati rahbari darajasida jaranglashining o'ziyoq shu choqqacha aqlga sig'mas sanalganini bugun birov tan oladi, birov esa yo'q. Bu erda gap jadidchilik harakati, oradan bir oy o'tar-o'tmas qonga botirilgan Turkiston muxtoriyati, mintaqamiz birligi bilan bog'liq masalalardagina emas. Haq berilmasligi, balki olinishi fikri shaxsan Prezident tomonidan baralla aytilishida!
Keling, o'zimizni o'zimiz aldamaylik – bizdagina emas, butun tarix va dunyoda hukmdorlar (xoqonlar, xonlar, beklar, hokimlar, shohlar, maliklar, qaysarlar, qirollar, kenaslar, bosh kotiblar, prezidentlar va boshqalar) ko'pchilik holatlarda el-yurtni o'z mulki, YAratgan tomonidan qilingan in'om o'rnida ko'rib, boshqaruvda qanday bo'lmasin odamlar ko'nglini ovlash, ularni chalg'itish, ulardan haqiqatni yashirish, insonga xos orzu-istak, umidvorlikni suiste'mol qilib kelganlari haqiqatdir (Frantsiyaning 1643-1715 yillardagi qiroli Lyudovik XIV ning “Davlat bu – men”ini eslaylik).
Bugun barchaga ma'lum “Non va tomosha” (“Panem et circenses”) ta'rifi milod boshlari rumlik shoir YUvenal ijodida o'z-o'zidan paydo bo'lgan emas. Gladiatorlar o'rtasidagi qonli olishuvlarning birdan-bir uyushtiruvchisi Rum imperatorlari bo'lganlari ham shundan. “Qora xalq”ni qandaydir tinchlantirish uchun ularga tekinga chog'ir tarqatish ham o'sha zamonlarga borib taqaladi. Bunday siyosat mustamlakachi-bol`sheviklar hukmronligi bosqichida ham davom ettirilganini har kim ham sezmagani aniq. Gladiatorlar janglari tomoshasi o'rnini qatag'onlar, “ochiq va ommaviy sudlar”, chog'ir o'rnini deyarli tekin aroq egallagandi. SHu tariqa mast-alast qilingan, dinsiz ommani esa “kommunistik jamiyat” haqidagi cho'pchakka ishontirish qiyin bo'lmagani shaksiz.
Yaratganga shukr, u zamonlar, jumladan, birovlarga qaramlik davrimiz ham ortda qoldi. Biroq asorati – necha-necha avlodlar hayoli, dunyoqarashi, turmush va ishlash tarzi buzilib ketgani-chi?! Mustaqillikka erishib ham unga qarshi tizimli choralar ko'rilmagani-chi?!...
Shu ma'noda, davlatimiz rahbarining “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga bergan javoblaridagi ushbu xulosaga e'tiborni qaratgan bo'lardik: “Yangi O'zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub'ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo'lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy vaziyatning o'zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to'la javob beradigan ob'ektiv zaruratdir”.
Toshi og'ir bu kabi fikrni millatini qattiq sevish, uning uchun har narsaga tayyor bo'lishdan tashqari, o'zi tegishli el-yurt tarixi, an'analari, qadriyatlari, dunyoqarashi, fe'l-atvori, imkonlarini juda pishiq bilgan, dunyo ishlaridan o'ta xabardor shaxsgina bildirishi mumkinligiga qattiq ishonamiz. Ishonibgina qolmay, bu boradagi o'ylar, qiynalishlar, armonlar, o'rganishlar yillar ichra kechganini tasavvur qila olamiz. Aks holda, 2019 yil 21 iyunda Senat minbarida turib aytilgan: “Biz uzoq vaqt davomida bila turib, ongli ravishda odamlarimizni ongsiz qilishga urindik” so'zlari yurakdan otilib chiqmas edi.
Tarixchi, o'zbek davlatchiligi o'tmishini uzluksiz va qunt bilan o'rganib kelayotgan olim sifatida ushbu haqiqatning qimmatini boshqalardan ko'ra chuqurroq anglaymiz, desak, kamtarsizlikka yo'yilmas. Negaki bizdagina emas, kishilik tarixida davlat qurilmasi paydo bo'libdiki, qanday bo'lmasin, inson va jamiyatni unga bo'ysundirish, “ipsiz bog'lash” ishi kanda qilingan emas. Amir Temur, Shohrux singari ulug' va donishmand shaxslar maydonga chiqqanda, chindan ham yurt gullab-yashnagan. Lekin omad va tasodifga ishonib yashash necha yuz yillar davomida ham odam, ham butun bir millat umrini behuda sovurishdek ish ekanini o'z uzoq-yaqin o'tmishimizda ko'rdik.
To'g'ri, Prezidentimiz 2016 yil 19 oktyabrdayoq xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qiladigan vaqt kelgani haqida butunlay yangicha siyosiy qarashni ilgari surgan edi. YAngi O'zbekistonning tug'ilishini ham ko'pming yillik siyosiy tafakkurimizdagi mazkur inqilobiy o'zgarish bilan bog'lasak xato ketmaydi. Lekin qarashni voqelikka aylantirish, jamiyat, eng avvalo, siyosiy kazo-kazolar ongiga singdirish ishi qanchalar og'ir kechganiga o'tgan yillar guvoh. Shu munosabat bilan, o'tgan besh yil, ayniqsa, undan oldingi chorak asr, keng – tarixiy ma'noda esa, so'nggi besh-besh yarim asrga o'ta aloqador bir jihatga urg'u bergan bo'lardik.
Milliy etakchimiz Mustaqillik bayramimizning o'tgan yilgi chiqishlarini “Xalqimizda “Ko'z – qo'rqoq, qo'l – botir”, degan chuqur ma'noli ibora bor. Bugungi sharoitda bizning ko'zimiz ham, qo'limiz ham, yuragimiz ham botir bo'lishi kerak” da'vati bilan tugatganlari bejizmasligiga qattiq ishonamiz.
Odamni, xalqni ongsiz qilishning eng oson yo'li uning o'rganish va izlanish tomirlarini kesish, bichib qo'yishdir. Aniq va tabiiy fanlarni mensimaslik, yashashni bilim olishga emas, kun ko'rishga sarflash negizida tashkillashtirish, dunyodan uzilish, xomhayollikka berilish aqlirasolikning eng ashaddiy gijjalaridir.
Ongsiz inson qo'rqoq insondir. Negaki bilimi yo'q oy tutilishiyu chaqmoqning qattiqroq chaqishidan ham cho'chiydigan bo'lib qoladi. Ustiga-ustak milliy yoki diniy g'ururi tutib, zulm pichog'i suyakka taqalib bosh ko'targanida, mustamlakachilarning ayovsiz, etti pushtigacha esdan chiqmaydigan qilib amalga oshirilgan ko'rgazmali qirg'inlari oqibatida esa, bunday – ongsiz jamiyat endi yuragini ham oldirib qo'yishi muqarrar! Oqibati esa ma'lum: uning uchun qayg'urgan va jonini tikkan oydinlarini himoya qilish u yoqda tursin, hech qursa, ota-bobolari sig'inib kelgan dini, masjid-u ulamolari, tirikligining yolg'iz manbayi sanalmish bir parcha eri, ustaxonasi, do'konini qo'ldan bermaslik uchun ham bosh ko'tarolmaydi (sovet hokimiyati 1932 yili hozirgi Botanika bog'i atroflaridagi ikki gektarlik bog'imizni qo'rg'oni bilan birga tortib olganida, rahmatli buvam Mulla Ziyoning “isyoni” Bo'zsuvga bir kalla tashlab chiqib, muzdakkina bo'lib shahar hovlimizga jo'nash bo'lgan ekan).
Bilimi, yuragi yo'q kishi, millatning qo'li ishga boradimi? Yo'q, albatta. Mittigina yumush ham unga tog'dek tuyulaveradi. Uni faqat majburlab – qamchilab ishlatish mumkin: ariq qazdirish, paxta terdirish...
Shu o'rinda, yana bir hal qiluvchi, juda ko'pchiligimiz o'ylab ham ko'rmagan omilga to'xtalishning xonasi keldi. Ishbilarmonlar bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari el-yurtimiz o'rtasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga munosabat o'zgargani, bizda erga nisbatan xususiy mulkchilik bekor bo'lganidan buyon uch-to'rt avlod almashgani masalasiga shunchaki to'xtalganlari yo'q, albatta.
O'tgan asr etmishinchi yillarida mahallamizdagi oziq-ovqat do'koniga haftada bir-ikki marta go'sht kelar edi. Navbat bilan bir qo'lga (oilaga) ikki kilodan sotilardi. Ba'zan umuman kelmasdi. SHunday paytlarda rahmatli onam bilan eski Jo'va bozoriga tushardik. Barchaga ma'lum jin ko'chalardan birida qassoblardan “qo'lda so'yilgan” go'shtni ikki-uch barobar qimmatiga sotib olardik. Ular qalin qog'ozga o'ralgan bir, bir yarim, ikki, uch kilolik go'sht boylamlarini kosiblar tikkan charm to'rvalarga solgan holda ko'zlari olarazak bo'lib asrar edilar, ba'zan “qoch, qoch” hayqiriqlari ostida jin ko'chaning ichkarisiga qarab yugurib qolardilar. Savdo baribir to'xtamasdi.
Hech esdan chiqmaydigan, o'sha yillari hukmron tuzumning tabiatini isbotlab beradigan voqea – sovet militsiyasi tomonidan qo'lga olingan qassoblarga tegishli go'sht boylamlari, adashmasak, Turon kutubxonasi binosi yaqinidagi ochiq chiqindixonaga tashlanib, ustidan xlor sepib yuborilganiga shaxsan guvoh bo'lganmiz. O'shanda sababini hech tushunmaganmiz, jonlari jannatda bo'lgur onamizdan so'raganimizda, qandaydir titroq va nafrat bilan, bular juvarmarg bo'lsin, uvoli tutsin, iloyim, deganlari hali ham yodimizda.
Mustamlaka-sovet davrida, ya'ni atigi o'ttiz besh-qirq yil burun xususiy mulk va ishbilarmonlik jinoyat sanalgani, tsexovik, chayqovchi, magazinchi, kosib singari yomonotliqlar bo'lganini bugun faqat katta va o'rta avlod biladi, xolos. YOshlar, ayniqsa, tadbirkorlar uchun go'yoki bir to'qimadek gap.
Hatto bir sinf sifatida tan olinmagan, demak, odam o'rnida ko'rilmagan savdo va xizmat ko'rsatish xodimlari – aslida ishbilarmon kishilarning mustaqillik yillarida ham yuzaga chiqishlari o'ta qiyin bo'lgani, og'izda ulug'lanib, asrab-avaylanganlari bilan amalda sovet-partiya muhitida ildiz otgan qarash mohiyatan saqlanib qolganini ochiq aytishimiz ham farz, ham qarz.
Endilikda, eng katta muammo sanalmish yashirin iqtisodiyotning o'q tomiri ham xudda shu omil bilan bog'liq, deb bilamiz. U ham bo'lsa, sog'in sigir sifatida “ardoqlanishini” bilgan va amalda ham shunday bo'lib kelgan, jumladan, ne-ne qiyinchiliklar bilan oyoqqa qo'ygan ishini bir kechada oldirib qo'ygan, turli “topshiriqlar”ni moliyalashtirish iskanjasida qolgan tadbirkorlar yaqin-yaqingacha xuddi mustamlaka-sovet zamonidagi singari davlat bilan mushuk-sichqon o'yinini qilib kelganlarini bugun kim bilmaydi deysiz.
Bu dunyoning mag'ziyu ma'nosi, ziynatiyu tiynati, kuch-u qudrati inson ekan, uni etiltiruvchi ta'lim, ilm-fan, sog'liqni saqlash tizimlarida barchamizga yaxshi ma'lum bo'lgan, u yoki bu darajada har birimizga tegib o'tgan illatlarni ham jamlab xulosa qilsak, Yangi O'zbekistonga tekkan “meros”ni ko'z oldimizga keltirish qiyinchilik tug'dirmaydi, deb o'ylaymiz. Bu haqida ilk kunlardanoq milliy etakchimiz ochiq-oydin va lo'nda qilib aytganlari xotirimizdan chiqqani yo'q: ahvol juda og'ir.
Oradan besh yil o'tdi. Chet el valyutasini davlatga majburiy sotish, milliy valyutani xorijnikisiga almashtirish, pulning naqd-naqdmasi, tashqariga, ayniqsa, qo'shni yurtlarga chiqish-qaytish, majburiy mehnat, avtomobil` sotib olish, son-sanog'i yo'q ma'lumotnomalar yig'ish va topshirish, nafaqa olish, uy-joyli bo'lish, o'qishga kirish, bog'chaga joylashish, ish topish, e'tiqodini erkin namoyon etish, ilmiy faoliyat yuritish, obodonchilik, ko'chalarni asfal`tlash, yoritish, gaz, suv, elektr quvvati, xususiy mulkni buzib tashlash, arzchilarni quvib solish, eng muhimi, o'z fikri va so'zini ochiq aytolmaslik, haq-huquqini talab qilolmaslik singari go'yoki borlig'imizning umrbod muammolariga aylangan, juda ko'pchlikning joniga tekkan, bugun ayrimlari kulgili, ayrimlari dahshatli tuyuladigan xunuk holatlar asosan ortda qoldi.
Endilikda tabiiylikka aylanib ulgurgan, erkin va tez sur'atlarda farovonlashib borayotgan turmushimiz ko'pchilik nazdida doim shunday bo'lib kelgandek. Holbuki xotirjamlikka berilishga haqqimiz ham, vaqtimiz ham yo'q. O'tgan yillar ichida Prezidentimiz na davlat, na jamiyatni bir soatga bo'lsa-da sustkashlikka yo'l qo'ydirmayotganlarining ham, tilga olingan suhbatda “o'z yurtida ozod va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadni o'z oldiga qo'ygan har qanday xalq, har qanday millat og'ir, mashaqqatli va murakkab taraqqiyot yo'lini bosib o'tishini” yana bir urg'ulaganlarining sababini ham xuddi shu omil bilan bog'lagan bo'lardik. Negaki, bir tomondan, sal bo'sh qo'yilsa, o'n yillar, yuz yillar ichra o'rgangan ko'nglimizning o'rtanishga moyilik xatari yo'qolgani yo'q. Ikkinchi tomondan esa, biz yillarni emas, asrlarni boy berganmiz.
Shu bilan birga, biz vaqtni qo'ldan berdik, imkon va ishonchimizni emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning o'tgan besh yilda yuritgan ichki va tashqi siyosati millatimiz va davlatimiz imkonlari naqadar ulug'ligini amalda ko'rsatib berdi. Bir-biridan og'ir va katta muammolarimiz bo'lishiga qaramay, qo'limizdan katta-katta ishlar kelishiga ishontirdi. O'zgarishga yuz tutmagan, ilk katta-kichik natijalarini berayotgan sohaning o'zi qolmadi. Davlat mustaqilligimizni tiklaganimizning o'ttiz yillik to'yiga esa, o'z sha'nimiz va tarixiy an'analarimizga munosib ravishda Yangi O'zbekiston – Uchinchi Uyg'onish davri poydevorini yaratish shahdi bilan etib keldik. eng asosiysi, ko'zi ham, qo'li ham, yuragi ham botirlashib ulgurgan odamlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni o'z haqini olish, azaliy haqiqatlarni tiklash, demak, milliy yuksalishdan endi hech bir kuch to'xtata olmaydi.
Azamat ZIYO,
FA Tarix instituti direktori,
tarix fanlari doktori, professor