Mavsumda “Har bir oilaga bir quti” tamoyili asosida 2 ming 983 quti ipak qurti urugʻlari parvarishlanib, 170 tonnadan ortiq ipak sanoati uchun muhim boʻlgan xomashyo yetishtiriladi.
“Damkoʻl” mahalla fuqarolar yigʻinida umrguzaronlik qilayotgan Fotimaxon Shodiyeva chilgi hosil yetishtirishda koʻpga ibrat.
– Pillachilik serdaromad soha, mehnat qilgan odam baraka topadi, – deydi mohir pillakor. – Qoʻlimda hunarim yoʻq, ishsiz edim. Mahalla faollari ipak qurti parvarishlash xususida aytgan takliflariga rozi boʻldim. Oʻtgan yili 200 kilogrammga yetkazib hosil olib, 5 million soʻmga yaqin daromadga ega boʻldim.. Bundan tashqari, mehnat stajiga ega boʻlib boryapman. Bu yil 2 quti ipak qurti parvarishlayapmiz. Maqsadimiz, har yildagidan moʻl, sifatli hosil yetishtirish.
Pilla urugʻi yetkazib berayotgan korxonalar kasanachi va fermer xoʻjaliklariga mavsum bilan bogʻliq kerakli jihozlar yetkazib bermoqda.
– Ipak qurti urugʻlari plyonka ostida parvarishlanyapti, – deydi Fargʻona tumani “Agropilla” MCHJ rahbari Gʻayratjon Mamitaliyev. – Bu samarali usul oʻziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Avvalo ozuqa bazasi tejaladi, ipak qurti urugʻlari rivojlanish jarayoni oddiy usulga nisbatan oʻn kunga tezlashadi. Hosildorlik ortadi, pilla sifati yaxshilanib, ipakchanligi yuqori boʻladi.
Ayni kunda ipak qurti urugʻlari ozuqa bazasi uchun muhim boʻlgan tut nihollari hosildorligini oshirish ishlariga eʼtibor qaratilmoqda. Shu kunga qadar 111 gektar yerda yangi tutzorlar tashkil etildi.
“Vodil ip yigiruv” shoʻba korxonasi viloyatimizdagi yirik pillachilik tarmogʻi hisoblanadi. Korxona mavsum uchun sifatli urugʻ va kerakli jihozlar yetkazib berish, ishchi-xizmatchilar manfaatdorligini oshirish, hosilni toʻliq qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonlarini qamrab olgan.
– Joriy mavsumda Fargʻona, Quva, Oltiariq, Toshloq va Buvayda tumanlari pillakorlari bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq 700 tonna pilla yetishtirishni koʻzlab turibmiz, – deydi shoʻba korxona rahbari Ulugʻbek Umrzaqov. – Shuningdek, xom ipak, ipak momigʻi, atlas va adras yoʻnalishlarida tayyor mahsulotlar ishlab chiqaryapmiz. Oʻtgan yilning oʻzida 3 mln AQSH dollaridan ortiq ipak mahsulotlari eksport qilindi.
Pillachilikni rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi bandligini taʼminlash, xomashyo emas, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish, eksport miqdorini oshirish imkoniyatini bermoqda.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.