Farmonga koʻra, 2023-yil iyundan hududlarda:
- ipak qurtini parvarishlash, yetishtirilgan pillani xarid qilish, qayta ishlash, qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, tayyor mahsulotni ichki bozorga yoʻnaltirish va eksport qilish bilan shugʻullanadigan yangi pillachilik klasterlari;
- tut koʻchatlarini yetishtirish, tutzorlarni barpo qilish, ipak qurtini parvarishlash, pilla xomashyosini tayyorlash bilan shugʻullanadigan pillachilik va tutchilik yoʻnalishidagi yangi fermer xoʻjaliklari tashkil etiladi.
- Yangi tutzorlar barpo qilish uchun 105 ming gektar yer maydonlari ularning konturlarini aniq belgilagan holda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
Yangi tutzorlar barpo qilish uchun yer uchastkalari 10 gektardan kam boʻlmagan oʻlchamda pillachilik klasterlari, pillachilik va tutchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklariga, istisno tariqasida, ijara huquqi asosida ajratiladi.
Farmonga koʻra, hududiy “Agropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga tegishli boʻlgan va aholiga oilaviy pudrat shartnomasi asosida biriktiriladigan tutzorlar maydoni 0,5 gektardan 2 gektargacha etib belgilandi.
2023-yil 1-iyundan:
- kasanachilar, pillachilik uy xoʻjaliklari hamda fermer xoʻjaliklariga ipak qurti urugʻi va uni parvarish bilan bogʻliq resurslar bepul beriladi;
- maydoni 10 gektar va undan ziyod gektardagi tutzorlarga suv chiqarish uchun burgʻilangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga har bir metri uchun 600 ming soʻmdan, ammo 120 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Farmon bilan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining hududlarda ipak qurti urugʻini tayyorlovchi yangi urugʻchilik korxonalari (7 ta) tashkil etildi.
Shuningdek, 2023-yil yakunigacha Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida ipak qurtining mahalliy zotlardan olingan elita urugʻini tayyorlash naslli urugʻchilik stansiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.