Har kim o'z salomatligiga mas'uliyat bilan yondashishi shart

    Hozirgi kunda yurtimizda “britancha” shtamm bolalarda ham uchrayotgani va aholi orasida keng tarqalayotganini inkor eta olmaymiz.

    Mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar koʻrilayotganiga qaramay koronavirusga chalinish holatlari keskin osha boshladi.

    Shu munosabat bilan 17-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda taʼkidlanishicha, yil boshida respublikamiz boʻyicha kuniga 15 ta shunday holat qayd etilgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich keskin koʻpaydi. Infeksiyani yuqtirish holatlari 6-7 foiz oliy taʼlim muassasalarida va 11-15 foiz umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida qayd etilgan.

    Respublikamizda bir kunda koronavirusga chalinganlar soni yil boshidan buyon ilk marta 300 dan oshmoqda. Bu esa hammamizni yana-da hushyorlikka undaydi.

    Koronavirus infeksiyasi dunyoning barcha davlatlariga tarqalib ulgurganiga 1 yildan oshdi. Oʻtgan shu davrda bu kasallik dunyo boʻyicha 3 milliondan ortiq insonni hayotdan olib ketdi, undan tuzalganlar organizmida esa turli asoratlar kuzatilmoqda.

    Bugungi kunda har bir davlat bu kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini, yaʼni profilaktika, davolash va reabilitatsiya ishlarini amalga oshirmoqda. Afsuski, koronavirusdan toʻliq tuzatadigan dori vositasi hali ishlab chiqilgani yoʻq. Hozircha yagona imkoniyat vaksina boʻlib turibdi.

    Koʻpgina rivojlangan mamlakatlarda, jumladan respublikamizda ham koronavirusga qarshi vaksina qabul qilish ishlari boshlab yuborildi. Ayni paytda xavf guruhiga kiruvchilarni emlash boshlangani xotirjamligimizga asos boʻla olmaydi, albatta. Koronavirusga qarshi yuqori darajada immunitet hosil qilish uchun 21–26 kun oraligʻida 2 yoki 3-marta emlanish talab etiladi.

    Emlash orqali biz bu kasallikni nazorat qilamiz, yengamiz deb umid qilamiz. Lekin bu kasallikka chalinish holatlari koʻpayishi aholining oʻz salomatligiga m asʼuliyat bilan yondashmasligi, karantin qoidalariga eʼtiborsiz va befarq qarayotganidan dalolat beradi. Koʻchaga chiqsangiz, goʻyoki kasallik yoʻqdek, hammasi ortda qolgandek, odamlar bamaylixotir, karantin qoidalariga rioya qilmasdan yurganining guvohi boʻlasiz. 200-400 kishilik toʻy oʻtkazayotganlar oʻzlari bilib-bilmay noxush vaziyatga sabab boʻlishi mumkinligini oʻylashmayapti. Unutmaslik kerak, bu infeksiya shu darajada makkorki, olimlar bu borada qancha koʻp ishlamasin, yangi vaksinalar, dori vositalari yaratilmasin kasalikka aniq chora boʻladigan usul topilgani yoʻq. Yangi-yangi shtammlarning paydo boʻlayotgani tibbiyotda ham murakkabliklarni yuzaga keltirmoqda.

    Hozirgi kunda yurtimizda “britancha” shtamm bolalarda ham uchrayotgani va aholi orasida keng tarqalayotganini inkor eta olmaymiz. Aynan yopiq xonalarda, odamlar koʻp toʻplanadigan joylarda kasallik tarqalish xavfi ortadi. Afsuski, aholi oʻrtasida belgilangan karantin qoidalariga koʻp hollarda rioya qilmaslik oqibatida kasallikning tarqalishi tezlashib, ogʻir va oʻta ogʻir holatga tushayotgan bemorlar borligi qayd etilayotir.

    Deylik, “britancha” shtammga chalingan, ammo kasallik alomatsiz kechayotgan bemor 100-200 nafar odam toʻplangan joyga kirib qolsa, oʻzi bilmagan holda shuncha odamga yuqtiradi. Kasallikning undan keyingi tarqalish koʻlami bir necha baravar oshib ketadi. Shu bois bu oʻta xavfli kasallik batamom bartaraf etilgunga qadar xotirjamlikka aslo berilib boʻlmaydi.

    Shu munosabat bilan poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda 18-apreldan karantin qoidalariga amal qilinishini yana-da kuchaytirish belgilandi. Jumladan, bogʻcha va maktablarda kasallanish holati aniqlangan taqdirda, ularning faoliyatini zudlik bilan toʻxtatish va 2 haftaga karantinga olish kerakligi aytildi. Ushbu vaqt mobaynida ular onlayn tartibda faoliyat yuritadi. Yirik savdo majmualari va bozorlarda, doʻkonlarda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilinishi, jumladan, qoʻllarni anticeptik vositalari bilan zararsizlantirish, aholining tibbiy niqob taqishi, ijtimoiy masofa saqlashi qatʼiy nazorat qilinadi.

    Yigʻilishda ayni Ramazon oyida taroveh namozlarini ochiq hududlarda ado etish, iftorliklarni imkon qadar oila davrasida yoki 100 kishidan oshmagan holatda oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi. Shu bilan birga 1-maydan boshlab, turli konsert va tomosha tadbirlarini yopiq maskanlarda oʻtkazishda qator cheklovlar belgilandi.

    Yurtdoshlarimiz karantin qoidalariga jiddiy rioya qilish bilan bir qatorda belgilangan tartibda vaksina olish, yaʼni emlanishni ham unutmaslik kerak. Turli xil shamollash alomatlari kuzatilganda zudlik bilan patronaj hamshirasi, oilaviy shifokor yoki tez tibbiy yordamga murojaat etish maqsadga muvofiq.

    Koronavirus infeksiyasiga chalingan holatlarda davolanishdan soʻng doimiy shifokor nazoratida boʻlish, keyingi asoratlarning oldini olish, oʻz vaqtida reabilitatsiya tadbirlarini oʻtkazish hamda karantin qoidalariga rioya qilishda davom etish eng muhim vosita boʻlishi shart.

    Niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, qoʻllarga antiseptik vositalar bilan ishlov berish yoki sovun bilan yuvish hamda uyga kelganda tomoq va burunni uch-toʻrt marta iliq suvda chayish, kuniga 3-4 litrdan ortiq suyuqlik ichish lozim. Bu kabi choralar orqali koronavirus infeksiyasidan nafaqat oʻzimizni himoya qilamiz, balki bu kasallikning xonadonimizga kirib kelishining oldini olgan boʻlamiz.

    Sevara UBAYDULLAYEVA,

    koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi,

    tibbiyot fanlari doktori