Dunyo miqyosida oʻz oʻrni va ahamiyatiga ega mamlakatda boʻlayotgan har qanday oʻzgarish siyosiy jamiyatni, xalqaro tashkilotlarni qiziqtirmasdan qolmaydi, albatta. Bunga joriy yil 9-iyuldagi muhim siyosiy tadbir – muddatidan ilgari oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yaqqol misol boʻla oladi.
Xalqaro hamjiyat va turli missiyalar vakillari rivojlanayotgan mamlakatda boʻlib oʻtayotgan siyosiy jarayonga qiziqish bildirishi bejiz emas. Boisi, saylov – demokratiya koʻzgusi. Chunki aynan saylov jarayonida mamlakatda ochiqlik, oshkoralik, soʻz erkinligi, saylash va saylanish huquqiga oid umumeʼtirof etilgan demokratik tamoyillar amalda taʼminlangani koʻrinadi.
Shuning uchun Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan Prezident saylovini 800 ga yaqin xalqaro kuzatuvchi kuzatib bordi. Ular orasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi, MDH va uning Parlamentlararo assambleyasi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar va dunyoning 50 ga yaqin davlatidan tashrif buyurgan kuzatuvchilar bor edi. Bundan tashqari, mazkur siyosiy jarayon tafsilotlarini milliy jurnalistlarimiz bilan yonma-yon xorijlik OAV vakillari ham keng yoritdi.
Biz bu raqamlarni keltirishimiz boisi bor. Gap shundaki, saylov bir kunda boʻlib oʻtadi. Ammo bu jarayonga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni xalqaro standartlar asosida tashkil etish oson ish emas. Bu mamlakat imijini va fuqarolar siyosiy maqomini belgilaydigan tadbir. Shu jihatdan ham har qanday saylov oʻz mohiyatiga koʻra, xalq irodasi bilan hamohang tarzda, mamlakat taraqqiyoti va aholi farovonligini taʼminlaydigan, yaqin va uzoq kelajak uchun taʼsir koʻrsatadigan mazmun-mohiyat kasb etadi. Agar bu saylov mamlakat Prezidentini saylash bilan bogʻliq boʻlsa, uning ahamiyati yanada ortadi.
Prezident saylovi oʻtganiga ham oʻn kun boʻldi. 14-iyul kuni koʻp millatli ahil xalqimiz, keng dunyo jamoatchiligi, rasmiy va jamoatchilik doiralari vakillari qayta saylangan Prezidentimizning oʻz lavozimiga kirishishga bagʻishlangan tantanali marosimni kuzatdi. Hammamiz davlatimiz rahbarining nutqini eshitdik.
Mana shu oʻn kun davomida xalqaro kuzatuvchilar ham, milliy va xorijlik jurnalistlar ham mamlakatimizda Prezident saylovi yuqori saviyada va demokratik ruhda boʻlib oʻtganini koʻp bor eʼtirof etdi.
Bu nimadan dalolat beradi? Baralla aytishimiz mumkinki, yangi Oʻzbekiston islohotlari nafaqat xalqimiz hayotini yaxshilashga, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar, ilm-fan sohalarida tub burilishlar, ulkan oʻzgarishlarga asos boʻldi, balki, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Biz dadil oldinga intilib, qoʻrquv va hadikdan xalos boʻldik. Dunyo bizga ochildi va biz dunyoga ochildik. Jahonda qancha-qancha doʻst va hamkorlar orttirdik. Yuksak irodamiz, qatʼiy saʼy-harakatlarimiz bilan yana bunyodkor xalq, bunyodkor millat boʻlib maydonga chiqdik”.
Xalqaro talab va standartlarga mos
Taʼkidlaganimizdek, Prezident saylovi har tomonlama xalqaro standart va talablarga munosib tarzda tashkil etildi va oʻtkazildi. Shu jihatdan, bu saylovni yangi Oʻzbekistonning umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillariga sadoqati, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlikning amaliy namunasi boʻldi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Binobarin, Prezident saylovida xalqaro mezonlarga mos milliy saylov qonunchiligimizga, unda belgilangan adolat, ochiqlik, oshkoralik va erkinlik kabi demokratik tamoyillarga toʻla amal qilindi.
Buni uchta tashkilot xulosalaridan keltirilgan quyidagi fikrlar bilan asoslasak boʻladi.
Birinchisi. Saylovdan soʻng Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YEXHT DIIHB) saylovni kuzatish missiyasi tomonidan dastlabki xulosa berildi. Unda YEXHT DIIHB missiyasi tarkibida 220 kuzatuvchi respublikamizning turli nuqtalaridagi qator saylov uchastkalarida boʻlib, saylovni kuzatish imkoniga ega boʻlgani qayd etildi. Har bir saylov uchastkasida saylovchilarning kelishi, roʻyxatdan oʻtishi, byulletenlarni toʻldirishi kabi barcha jarayonlar kuzatib borilgani aytildi.
Barcha saylov uchastkalarida partiya va mahalla vakillari hozir boʻlib, jarayonning shaffofligini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshishgani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, missiya vakillari soʻnggi yillardagi islohotlar natijasida xotin-qizlarning davlat va jamiyatdagi ishtiroki kengayayotgani, xususan, parlament aʼzolarining 29,8 foizini xotin-qizlar tashkil qilayotgani, jumladan, saylov jarayonida ham xotin-qizlar faol ishtirok etganini qayd etdi.
Markaziy saylov komissiyasi (MSK) saylovni tashkil etish va oʻtkazish vakolatiga ega boʻlishi barobarida keng qonuniy vakolatlar bilan taʼminlanganiga ham eʼtibor qaratildi. Yaʼni MSK muddat qisqaligiga qaramay, saylovga tayyorgarlikni samarali boshqardi, qonunda belgilangan muddatlarga rioya qildi. Muntazam ravishda yigʻilishlar oʻtkazib, saylov jarayonining turli jihatlarini batafsil tartibga solib turdi. Shuningdek, MSK majlislarida kelib tushgan murojaatlar boʻyicha hisobotlar eʼlon qilib borildi. Bu esa saylov jarayonlari ochiqligini oshirdi.
YEXHT DIIHB missiyasi 2016-yilda ayollarning jamoat va siyosiy hayotdagi ishtirokini ragʻbatlantirishga qaratilgan islohotlar boshlanganidan keyin ularning parlamentdagi soni ortganiga alohida eʼtibor qaratgan.
Ikkinchisi. Saylovdagi ochiqlik va adolatni taʼminlash yuzasidan Bosh prokuratura ham oʻz maʼlumotlarini taqdim etdi. Unga koʻra, siyosiy tadbirda qonun ustuvorligini taʼminlash uchun mazkur tizimning 3 mingga yaqin xodimi safarbar etilgan. Alohida tayyorlangan 218 xodimdan tarkib topgan Bosh prokuratura va hududiy prokuraturalardagi ishchi guruhlar tizimli ravishda ish olib borgan. Xususan, saylovga doir maʼlumotlarni monitoring qilish va qonunbuzilish holatlarini aniqlashga qaratilgan tadbirlar doirasida internet axborot tizimi hamda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan 1100 dan ortiq xabar oʻrganilib, ommaviy axborot vositalari maʼlumotlari sinchkovlik bilan kuzatib borilgan.
Xalqaro tashkilotlar vakillari hamda keng jamoatchilik bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatilib, maʼlumotlar uzluksiz almashilgan. Jarayonda kuzatuvchilar, partiya vakillari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlaridan eʼtirozlar kelib tushmagan. Saylov jarayonida jiddiy qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilgani aniqlanmagan.
Uchinchisi. Oʻzbekiston Oliy sudi mutasaddilari ham bu borada oʻz xulosalarini bildirdi.
Amaldagi qonunlarimizda saylovga oid qonunchilikni buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik ham belgilangan boʻlib, bundan saylov jarayoni ishtirokchilarining qonunchilikka toʻliq rioya etishi va huquqlari samarali amalga oshirilishini taʼminlash kafolati koʻzlangan.
Saylovga qoʻyilgan masalalar yuzasidan tashviqot olib borish shartlari va tartibini buzish, saylovga tayyorgarlik koʻrish va saylov oʻtkazish jarayonida axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yoʻq qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish bilan bogʻliq boʻlgan qoidabuzarlik uchun biror shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilmagan.
Shu bilan birga, ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov hujjatlarini qalbakilashtirish, imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab notoʻgʻri hisoblash, fuqarolarning saylovda erkin ishtirok etishiga toʻsqinlik qilish, tahdid, aldash yoki ogʻdirib olish yoʻli bilan monelik koʻrsatishga doir jinoyat ishlari ham sudlarning ish yurituviga kelib tushmagan.
Darhaqiqat, saylovning nechogʻli tayyorgarlik va koʻtarinki kayfiyatda boʻlib oʻtgani ovoz berish yakuniy natijasida ayon boʻldi. Xalqimiz oʻzi ishongan va munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi. Bu jarayonda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun saylov uchastkalari koʻchma saylov qutilari, brayl alifbosidagi saylov byulletenlari bilan taʼminlangani, panduslar oʻrnatilgani, surdotarjimonlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, xorijiy davlatlardagi vatandoshlarimiz uchun ham yetarlicha sharoit yaratilgani muhim ahamiyat kasb etdi.
Bu bizning katta yutugʻimiz boʻldi. Aytish joizki, bir qarashda silliq va bayramona ruhda kechgan saylovda erishilgan yutuqlar va xalqimizning bir ovozdan oʻz Prezidentini qoʻllab-quvvatlagani zamirida muhim asoslar bor. Birinchidan, xalqimiz islohotlar mohiyatini anglab yetdi va keyingi yillarda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga nisbatan ishonchi ortdi. Ikkinchidan, fuqarolarimiz davlat va jamiyat qurilishida oʻz ovoziga ega ekanini tushunib yetdi. Uchinchidan, demokratik ruhda toblanayotgan jamiyatda daxldorlik hissi shakllangan yangi muhit paydo boʻldi. Bu birinchi va ikkinchi asos muhitida paydo boʻlgan, hayotimizni tom maʼnoda oʻzgartirishga qodir manzara sifatida namoyon boʻladi.
Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak
Saylovda xalqimiz oldiga tanlov qoʻyildi. Kimga qaysi nomzod maqsad va rejalari maʼqul kelsa, oʻshanga ovoz berish huquqi berildi. Natijada esa Shavkat Mirziyoyev gʻolib boʻldi. Nimaga? Chunki Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida koʻplab dolzarb vazifalar belgilab olingandiki, ularning har biri farzandlarimiz kelajagi, xalqimiz hayoti, mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor aniq yechimga ega tashabbuslar edi. Bular, tabiiyki, shu yurt farzandi boʻlgan, kelajagiga befarq boʻlmagan har kishi, yaʼni saylovchi eʼtiborini tortmasdan qolmadi. Fikrimni Shavkat Mirziyoyevning Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining oʻn birinchi syezdida keltirilgan saylovoldi dasturidagi vazifalardan biri misolida davom ettirsam. Bunga alohida urgʻu beryayotganim sababi, avvalo, oʻzim ilm kishisiman, qolaversa, taʼlim-tarbiyaga qaratilgan eʼtibor kelajakka qoʻyiladigan eng zarur va eng mustahkam poydevordir.
Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida 5 ta asosiy yoʻnalishga eʼtibor qaratishini maʼlum qildi. Bularning birinchisi – har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish. Bu mamlakat kelajagi, farzandlarimiz taqdiri uchun eng oqilona yechimlardan biridir.
Unga koʻra, 2030-yilga qadar maktabgacha taʼlimga boʻlgan ehtiyoj toʻliq qoplanadi va qamrov 100 foizga yetkaziladi. Bogʻcha va maktablar filtrlangan ichimlik suv bilan toʻliq taʼminlanadi. Kelgusi 7 yilda maktablarda qoʻshimcha 2,5 million oʻquvchi oʻrni yaratish zarur. Shu maqsadda “Yiliga 500 ming oʻquvchi oʻrni” dasturi amalga oshiriladi. Xususiy taʼlimga qoʻshimcha yengilliklar beriladi. Davlat-xususiy sheriklik asosida maktablar qurish keng joriy etiladi. Boshlangʻich sinf oʻquvchilari taʼlim planshetlari bilan toʻliq taʼminlanadi.
Farzandlari kelajagiga eʼtibor qaratilgan jamiyat istiqbolli boʻladi. Chunki buning uchun sarflangan sarmoya ertaga oʻn barobar, yuz barobar ziyodi bilan qaytishi tarixda oʻz isbotini topgan.
Ilm cheksiz. Uning imkoniyatlari koʻp. Ulardan oʻz oʻrnida, samarali foydalanish esa ana shu imkoniyatlarni yuzaga chiqarishda ayni muddaodir.
Shu oʻrinda kichik bir mulohazani oʻrtaga tashlaymiz. Iqtisodiy oʻsish va rivojlanish moddiy boylik qatorida inson kapitaliga taʼsir qiluvchi omillarga ham bogʻliq. Inson kapitali odamlar hayoti davomida toʻplagan bilimlari, koʻnikmalari va tajribalarini jamiyat va mamlakat salohiyatini roʻyobga chiqarishga zamin yaratishidir. Sogʻlom va sifatli ovqatlanish, sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimini rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish va ishchilar malakasini oshirish orqali odamlarga sarmoya kiritish inson kapitali rivojiga hissa qoʻshadi. Bu qashshoqlikni toʻxtatish va ijtimoiy jihatdan birlashgan jamiyatni barpo etish uchun juda muhim jihat.
Jismonan sogʻlom va bilimli odamlar koʻproq daromad topadi. Bu iqtisodiyotning qaysidir joyida rivojlanish boʻlishiga, oilalarga, farzandlarga sarmoya kiritilishiga ham asosdir.
Bugun dadil ayta olamizki, Oʻzbekiston bu borada qatʼiy maqsadlarini belgilab olgan. Jumladan, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida 100 ta maqsad qamrab olingan boʻlsa, shundan 34 tasi adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish bilan bogʻliq vazifalardir.
Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishida taʼlim sifatini oshirish masalasiga berilgan ustuvorlik esa jamiyat kelajagini, avvalo, taʼlim sifati va taʼlim oluvchi qobiliyatini belgilab beradi.
Oʻzbekiston uchun, oʻzbek xalqi uchun mustaqillikning har bir yili qadrli va muhim ahamiyatli. Binobarin, oʻtgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan ishlar odamlar dunyoqarashida, hayotida katta oʻzgarishlar yasadi.
Bugun yurtimizning istalgan joyiga boring, islohot epkinlarini sezasiz. Xohlagan kishi bilan gaplashing, yon-atrofida, turmushida boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida toʻlqinlanib gapirishi mumkin. Xalqimizning gʻayrat-shijoati, bunyodkorlik salohiyati samarasi shaharu qishloqlarimiz qiyofasida yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Bular bir qarashda oddiy, silliqgina qilib aytiladigan gaplardek tuyulishi mumkin. Lekin buning zamirida qanchalik zahmatli mehnat yotganini anglash kerak. Har bir xalq faqat erkin va ozod boʻlgandagina oʻz hayot yoʻlini, kelajagini oʻzi belgilay oladi. Bugun Oʻzbeksiton xalqi ana shu erkinlik asosida oʻz taqdirini oʻzi belgilab, kelajak sari dadil odimlamoqda.
Prezidentimiz 14-iyul kuni oʻz lavozimiga kirishishga bagʻishlangan tantanali marosimda nutq soʻzlar ekan, jumladan, bunday dedi: “Qudratli xalqimizga tayanib, aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni ishga solib, islohotlarimiz surʼati va samarasini yanada oshiramiz, hech qachon susaytirmaymiz. Qanchalik qiyin va mashaqqatli boʻlmasin, tanlagan yoʻlimizdan ortga qaytmaymiz. “Har bir kun, bu – imkoniyat, har bir kun, bu – kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart”.
Chindan ham, bugun yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi davri boshlanmoqda. Buning uchun esa, Preidentimiz taʼbiri bilan aytganda, yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi.
Prezidentimiz nutqida millionlab insonlarning umid va ishonchini oqlash, erishgan yutuqlarni yangi natijalar bilan mustahkamlash nafaqat vazifa, balki insoniy burchga aylanishi shartligi taʼkidladi.
Bizning safimizga chet eldagi nufuzli oliygohlarda oʻqigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelayotgani ularning timsolida, avvalo, ertangi kunimizning yangi rahbarlari, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilari namoyon boʻlayotgani alohida qayd etildi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston yoshlariga yana bir bor murojaat qilib, bugun tarixning oʻzi, zamonning oʻzi ular uchun beqiyos imkoniyatlar ochayotganini, yoshlar yangi Oʻzbekistonni, Uchinchi Renessansni barpo etuvchi kuch ekanini aytdi. Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yetib, dunyoga oʻz soʻzini aytishga undadi. Bunda esa bugungi olingan bilim va tarbiya, yaʼni yoʻnaltirilgan kapital, albatta, asqatadi.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, dunyoda hech bir ish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Kimki aniq maqsad yoʻlida harakat qilsa, ezgu niyat bilan oldinga intilsa va oʻziga ishonsa, shundagina natija boʻladi. Bugun bagʻrikeng xalqimiz erishayotgan yutuqlar zamirida ham ana shu qudratli falsafa – harakat, ishonch va gʻoliblik ruhi mujassam.
Qalandar ABDURAHMONOV,
akademik