Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, nazariy va amaliy imtihonlardan oʻta olmagan fuqarolarga avtomaktablar yaqinida faoliyat yurituvchi turli shaxslar tomonidan pul evaziga, imtihon topshirmasdan, soxta hujjatlar asosida haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirib berilgan.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, jinoiy guruh soxta haydovchilik guvohnomalarini ikki xil usulda rasmiylashtirgan.

Birinchi holatda jinoiy guruhning mijoz topish bilan shugʻullanuvchi vakillari fuqarolardan 500–1000 AQSH dollari miqdorida pul olib, eski turdagi haydovchilik guvohnomalarini qoʻlbola usulda tayyorlashgan. Keyinchalik tuman Davlat xizmatlari markazi xodimiga pora berish orqali ushbu qalbaki hujjatlar asosida yangi turdagi haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirilgan.

Ikkinchi holatda esa fuqarolardan 10 ming AQSH dollarigacha mablagʻ olib, ularning haydovchilik guvohnomasi mavjud ekanligi haqida hududiy YHHBlar nomidan soxta maʼlumotnomalar tayyorlangan hamda qalbaki QR-kodlar bilan tasdiqlangan. Ushbu hujjatlar asosida Davlat xizmatlari markazlari orqali yangi turdagi haydovchilik guvohnomalari olingan.

Ikkala holatda ham fuqarolar oʻzlarida muqaddam haydovchilik guvohnomasi boʻlmaganini bila turib, uni goʻyoki yoʻqotib qoʻygani haqida Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilgan.

Natijada, 72 nafar fuqaro ham hujjatlarni qalbakilashtirish va davlat tashkiloti xodimiga pora berish jinoyatlariga sherik sifatida baholangan.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura tomonidan hududlarda oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida yana 1200 dan ortiq qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlangan. Jumladan:

  • Toshkent shahrida — 440 ta,
  • Navoiy viloyatida — 265 ta,
  • Surxondaryo viloyatida — 205 ta,
  • Samarqand viloyatida — 146 ta,
  • Qashqadaryo viloyatida — 33 ta,
  • Sirdaryo viloyatida — 20 ta,
  • boshqa viloyatlarda — 100 dan ortiq holat qayd etildi.

Aniqlangan barcha holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Hozirda qalbaki hujjatlar asosida olingan haydovchilik guvohnomalari bekor qilingan. Shuningdek, hujjatlarni qalbakilashtirgan shaxslar hamda ushbu soxta hujjatlarni sotib olgan fuqarolarga nisbatan jinoiy javobgarlik masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Bosh prokuratura fuqarolarga haydovchilik guvohnomasini faqat tegishli avtomaktablarda oʻqib, nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan holdagina qonuniy ravishda rasmiylashtirish mumkinligini eslatib, qingʻir yoʻllar orqali hujjat olish jinoiy va moddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.