Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida kirib kelayotgan yangi 2021-yilga “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berishni taklif qilgani koʻnglimizni osmon qadar shodlantirdi. Murojaatnomani oynai jahon orqali tinglash asnosida, unda har bir soha boʻyicha amalga oshirilishi moʻljallangan islohotlarning ishlab chiqilgani va ularning amaliyotga joriy etish uchun taklif etilgani, ayniqsa, oliy va oʻrta maxsus taʼlimi tizimiga joriy etiladigan ishlar haqida aytilganida yurtimizning barcha fidoiy maʼnaviyatchilari, ziyolilari qatori mening ham yuragim toʻlqinlanib ketdi.
Ayniqsa, 2021-yil nomida belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish va yana-da rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar, jumladan, ziyolilar zimmasida turgan ulkan va masʼuliyatli vazifalar borligi va ushbu vazifalar ijrosini aʼlo darajada taʼminlash uchun ustoz-murabbiylarimiz asosiy kuchlardan biri boʻlishi kerakligi har bir professor-oʻqituvchining ulkan maqsadiga aylanmogʻi zarurligini anglab yetdim.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimida faoliyat olib borayotgan ziyoli inson sifatida Murojaatnomada keyingi yildan boshlab oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilishi, oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazilganligi ayni muddao boʻldi. Shuningdek, aʼlo baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etilishi, 65 ta akademik litsey oliy oʻquv yurtlari tasarrufiga oʻtkazilishi, 187 ta texnikum ham oʻz yoʻnalishi boʻyicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalarga biriktirilishi ham ota-onalarimiz va murabbiylarimiz koʻnglidagi ish boʻldi. Zero, shu kungacha yoshlarning kasb-hunar egallashi jarayonida talaygina muammolar toʻplanib qolgan edi.
Umuman olganda, Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasini men har bir sohada aniq va manzilli takliflar, dasturlar, kutilayotgan natijalar yoritib berilgan HAYOT KITOBIGA mengzagim keldi. Ushbu Murojaatnoma biz uchun keyingi bir yil davomida hayot yoʻllarimizda har bir sohada amalga oshirilishi moʻljallangan ibratli va xayrli ishlardan va xalqimizni oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashlari uchun tuzilgan dastur hisoblanadi. Men ishonaman, ushbu hayot kitobini anglash va uni uqish yoʻlida olib boriladigan ishlar kelgusida oʻz samarasini beradi.
Mirzohid BOTIROV,
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi direktori