Hayvonot dunyosiga xavf yoʻq

    Fan 16 Avgust 2025 1150

    Shu kunlarda aksariyat ijtimoiy tarmoq faollari “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi doirasida tabiatga yetkazilishi mumkin boʻlgan ehtimoliy zarar haqida xavotirlarini bildirmoqda.

    Ularning tabiatga, Chorvoq suv ombori misolida oʻz kelajagi, Vatan taqdiriga daxldorligini eʼtirof etgan holda, yurtimiz hayvonot dunyosiga masʼul xodim oʻlaroq ayni mavzuga doir bir jihatni aytishni lozim topdim.

    Boʻstonliq tumanining Chorvoq suv ombori hududida dam olish majmuasini barpo etish uchun moʻljallangan yer umurtqali hayvonlarning noyob, endemik yoki muhofaza qilinadigan turlari yashaydigan muhim joy emas.

    Shu oʻrinda Chorvoq suv ombori tarixiga bir nazar solsak. Poytaxtimiz aholisining asosiy ichimlik suv zaxirasi hisoblangan mazkur suv ombori 1963-1970-yillarda qurilgan. Asosiy maqsad Chirchiq daryosi yuqori qismini toʻsib, atrofdagi hududlarni bir meʼyorda sugʻorish va aholini ichimlik suv bilan taʼminlash, shuningdek, gidroenergetika uchun qulay sharoit yaratishdan iborat boʻlgan.

    Ushbu suv ombori Toshkent viloyati qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Suv omboriga Pskom, Koʻksuv, Chotqol kabi togʻ daryolarining suvi quyiladi. Suv yuzasining maydoni 40,1 kilometr kvadrat, eni ayrim joylarda 10 kilometr, uzunligi 19 kilometr, oʻrtacha chuqurligi 55 metr, qirgʻoq chizigʻining uzunligi 100 kilometrga yaqin.

    Bu hududning zamonaviy faunasi asosan tulki, chiyaboʻri, oʻrmon olmaxoni, shuningdek, turli qushlar, mayda kemiruvchilar hamda umurtqasizlarning keng tarqalgan va antropogen taʼsirlarga moslashgan turlari bilan ifodalanadi. Yuqori darajada ixtisoslashgan, noyob va tor doiradagi turlar uchramasligini hisobga olgan holda aytish mumkinki, agar loyiha doirasidagi qurilish ishlari hayvonlarning koʻpayish davridan tashqa-ri — bahor va yoz fasli boshlarida bajarilsa, bu turlar yashash muhitiga oʻxshash atrofdagi hududlarga mustaqil koʻchib oʻtishi mumkin.

    “Sea Breeze Uzbekistan” loyihalashtirilgan hududga tutashgan suv omborining qirgʻoq zonasi allaqachon sezilarli antropogen oʻzgarishlarni boshdan kechirgan, yaʼni zich rivojlanish, markazlashgan suv oqova tizimi yoʻqligi, suv zonasining kichik oʻlchamdagi suv transporti bilan muntazam ifloslanishi kabi jarayonlar kuzatilmoqda. Shu bilan birga, kapital qurilish obyektlarining har birini loyihalashda bioxilma-xillikka salbiy taʼsirlarni dastlabki baholash, shuningdek, ulardan foydalanish jarayonida atrof-muhitni muhofaza qilish choralari mavjudligi va rioya etilishi toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlar yoʻq.

    Xalqaro amaliyot va Biologik xilma-xillik toʻgʻrisidagi konvensiya tavsiyalari, shuningdek, milliy ekologik qonunchilik boʻyicha majburiyatlarga koʻra, qirgʻoqboʻyi yoki ekologik jihatdan taʼsirchan hududlarda har qanday qurilish ishlarini boshlashdan oldin loyihaning atrof-muhitga, xususan, biologik xilma-xillikka taʼsirini baholash talab qilinadi. Bunday baholash natijalariga koʻra, atrof-muhitga salbiy taʼsirni minimallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi kerak.

    Jumladan, qurilishdan oldin xalqaro va mahalliy darajadagi ekspertlar tomonidan biologik xilma-xillik holatini baholash, majmua ishga tushirilgandan soʻng biologik xilma-xillik monitoringini muntazam yuritish va salbiy taʼsirlarni yumshatish choralarini koʻrish, oqova suvni tozalash tizimini oʻrnatish va undan samarali foydalanish zarur. Shuningdek, mahalliy fauna aʼzolarining koʻpayish faslini hisobga olgan holda qurilish jarayonlarini rejalashtirish, yovvoyi hayvonlar koʻchishi va yashash muhitini taʼminlash boʻyicha tabiiy landshaft elementlaridan foydalangan holda “yashil yoʻlaklar” va boshqa amaliy chora-tadbirlar koʻrish maqsadga muvofiq.

    Bundan tashqari, kompensatsiya choralari doirasida belgilangan daraxt va butalarni ekish jarayoni ixtisoslashtirilgan ilmiy muassasalar va mahalliy botanik olimlar bilan kelishilgan holda bajarilishi tavsiya etiladi. Ekiladigan daraxtlar turi tabiiy qirgʻoq tuzilishi va funksiyalarini saqlashni hisobga olgan holda mintaqa sharoitiga moslashtirilgan boʻlishi kerak.

    Ushbu loyihani amalga oshirishning optimal strategiyasi ekologik jihatdan integratsiyalashgan yondashuvdir. U biotik aloqalar va ekotizimlar yaxlitligini minimal darajada oʻzgartirgan holda tabiiy landshaftlarga rivojlanish elementlarini uygʻunlashtiradi. Faqat shu yoʻl bilan qirgʻoq hududi rivojlanishining barqarorligi va ekologik xavfsizligi taʼminlanishi mumkin.

    Baxtiyor XOLMATOV,

    Fanlar akademiyasi

    Zoologiya instituti direktori,

    biologiya fanlari doktori, professor