Oʻzbek adabiyoti, sanʼati va madaniyati tarixida hech kim Navoiychalik chuqur iz qoldirmagan. Shoirning ilmiy, diniy-falsafiy, badiiy asarlari hanuz oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Uning qalamiga mansub boʻlgan “Xazoyin ul-maoniy”, “Xamsa”, “Lison ut-tayr”, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Mahbub ul-qulub”, “Nazm ul-javohir” singari asarlar juda katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir.
Shoir asarlarining mavzulari rang-barang va serqirra. Har biri oʻquvchini maʼnolar olamiga olib kiradi, inson kamoloti borasidagi oʻgitlaridan oʻziga kerakli xulosalar chiqarib olishiga turtki beradi. Navoiy oʻz asarlarida inson shaxsini yuksaklarga koʻtaradi, insonparvarlikni, odamiylikni, ezgulikni, xalqparvarlikni ulugʻlaydi. Davlatimiz rahbarining “Biz yaratayotgan yangi Oʻzbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyasi boʻladi. Mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini koʻramiz”, degan daʼvati tom maʼnoda ulugʻ bobomiz gʻoyalarini yoshlar orasida keng targʻib etish vazifasini kun tartibiga qoʻyadi. Mamlakatimizda Uchinchi Renessans davriga poydevor qoʻyilayotgan hozirgi pallada Navoiy asarlari milliy gʻoya atrofida jipslashishga, milliy ruhning yuksalishiga xizmat qilishi tabiiy. Shoir “Hayrat ul-abror” dostonida “Nafʼing agar xalqqa beshakdurur, Bilki, bu nafʼ oʻzingga koʻprakdurur”,deb aytadi. Yurtimizdagi yangilanish jarayonlariga daxldorlik hissi bilan yashamoq, bu borada davlatimiz yuritayotgan puxta oʻylangan siyosatni hayotga tatbiq etishda tashabbuskorlik, avvalo, oʻzimiz, oilamiz manfaatiga xizmat qilishini unutmasligimiz kerak.
Shoir yozadi: “Kim jahon ahlida inson erur, Balki nishoni anga imon erur. Bas ani inson atagʻil beriyo, Kim ishidur sabr ila shukru hayo”. Hazrat demoqchi: “sabr qilishni, shukr qilishni va hayoli boʻlishni oʻziga shior qilgan kishini haqiqiy imonli odam deyish mumkin”. Yana aytadi: “Xiradmand chin soʻzdin oʻzga demas, Vale borcha chin ham degulik emas”. Bugun jamiyatimizda, fuqarolarimiz tafakkurida fikr erkinligining toʻgʻri shakllanishida bu oʻgitlarning ahamiyati beqiyos. Yana bir oʻrinda Navoiy taʼkidlaydi: “Jahl ahli bila kimgaki ulfat boʻlgʻay, Ul ulfati ichra yuz ming ofat boʻlgʻay. Faqr ahli bila angaki suhbat boʻlgʻay, Shak yoʻqki, ziyoda shukri neʼmat boʻlgʻay”. Bu bilan Navoiy insonlarni johil va qora niyatli odamlardan saqlanish, shukronalik hissi bilan yashashga chaqiradi.
Inson boshqalarga nimasi bilan naf keltiradi? Uning hayotda yashashdan maqsadi nima? Bu haqda shoir keng mulohaza qiladi. Oʻquvchilarni atrofimizda roʻy berayotgan ijobiy oʻzgarishlar mohiyatiga diqqat qilish va quruq gap bilan emas, amaliy ishlar bilan javob berishga undaydi. Inson degan nomni koʻtarib yurgan har bir shaxsga fikran bunday deb murojaat qiladi: “Tuxum yerga kirib, chechak boʻldi, Qurt jondin kechib, ipak boʻldi. Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmu?! Pilla qurticha himmating yoʻqmu?!” Bu satrlardan har bir yosh yetarlicha xulosalar chiqarib olmogʻi darkor. Jonzot borki, barcha-barchasi, qurtu qumursqalardan tortib balandparvoz qushlargacha keyingi avlodga oshyon yaratish, ularni uchirma qilish, yaxshi sharoitlarga ega makon izlash uchun tinmay oʻzini oʻtga-choʻqqa uradi. Nega endi inson bolasi kelajagiga loqayd, atrofidagi oʻzgarishlarga beparvo yashashi kerak ekan?! Aksincha, u el-yurt, porloq kelajak uchun yonib yashamogʻi darkor. Buning uchun esa inson, avvalo, Vatanini, ona zaminini, oʻz milliy qadriyatlarini qattiq sevishi, milliy gʻoya mafkurasini mahkam tutmogʻi lozim. Birinchi navbatda, yoshlarimiz har tomonlama chuqur bilimlarni oʻrganishi, oʻz kasbining mohir ustasi boʻlish, ona tili va adabiyotini sevish, milliy anʼana va qadriyatlarini ulugʻlash kabi fazilatlarga ega boʻlmogʻi darkor. Aks holda u, Navoiy aytganidek, hammomga kirib, yuvinmasdan, poklanmasdan chiqib ketgandek boʻladi (“Kamol et kasbkim olam uyidin, Senga farz oʻlmagʻay gʻamnok chiqmoq, Jahondin natamom oʻtmak biaynih, Erur hammomdin nopok chiqmoq”).
Alisher Navoiy asarlaridagi Farhod, Shirin, Shopur, Mehinbonu, Layli, Qays, Anushervon, Bahrom, Dilorom, Suhayl kabi yuzlab timsollar bizlarni yaxshiliklarga, ezguliklarga yetaklaydi, Xisrav, Sheruya kabi obrazlar esa sergak, ogoh boʻlib yashashga chorlaydi. Hozir Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan milliy ruhni kuchaytirish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, aholi keng qatlamlarining jamiyatimizdagi ulkan bunyodkorlik va yaratuvchanlik jarayoniga ongli ravishda qoʻshilishiga qaratilgan chora-tadbirlar Alisher Navoiy tomonidan ilgari surilgan gʻoyalarning har bir yosh qalbidan joy olishini taqozo etadi. Bizning bosh maqsadimiz yoshlarga zamonaviy ilm-fan, texnika sirlarini oʻrgatish va ularni maʼnan yuksak va jismonan barkamol avlod qilib tarbiyalashdan iboratdir. Bu yoʻlda bizga toʻsiq boʻlayotgan illatlar istagancha topiladi. Bizning yuksak marralarni koʻzlab tashlayotgan dadil qadamlarimizdan bezovtalangan gʻanimlarimiz orasida tinch va osuda hayotimizni loyqalatishga, yoshlarimizning ongini zaharlashga, atayin beqarorlik yuzaga keltirib, norozilik kayfiyatini avj oldirishga urinayotganlar yoʻq emas. Ularga qarshi turish, yoshlar mafkurasini toʻgʻri yoʻnaltirishda hazrat Navoiy hikmatlarini ishga solish katta yordam beradi. Ularni tushunish uchun Navoiy asarlarining mazmun-mohiyatini chuqur his qilish, satrlarda yashirinib yotgan maʼnolarni toʻla anglab yetish va ulardan toʻgʻri xulosalar chiqarish lozim. Zero, Navoiy aytganidek: “Har nafasing holidin ogoh boʻl, Balki anga hush ila hamroh boʻl”.
Bu yil Alisher Navoiy tavalludiga 580-yil toʻldi. Prezidentimiz qarori bilan 2021-yil noyabr oyida buyuk shoir va mutafakkir bobomizning ushbu tabarruk yoshi mamlakatimizda va xalqaro miqyosda keng nishonlanadi. Millatimiz faxr-iftixori boʻlgan ulugʻ bobokalonimizning sheʼriy va nasriy asarlaridagi yuksak gumanizm gʻoyalarini oʻrganish va targʻib etish, Alisher Navoiy ordenining taʼsis etilishi, Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi va Alisher Navoiy xalqaro jamoat fondining tashkil etilishi, shoir asarlari asosida koʻrgazmalar, tanlovlar oʻtkazish, maxsus koʻrsatuv va eshittirishlar tayyorlash, oʻquv-maʼrifiy filmlar yaratish ishlari nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda yoshlarning maʼnaviy tarbiyasiga katta hissa qoʻshishi shubhasiz.
Shoir asarlarida ilgari surilgan xalqparvarlik, mardlik, jasurlik, mehnatsevarlik, millatlararo tenglik, bagʻrikenglik singari oʻlmas gʻoyalar aslo oʻz qimmatini yoʻqotmaydi, bizlarni yangidan-yangi marralar, zafarlar sari chorlab turaveradi.
Shuhrat SIROJIDDINOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor









