Hazrat nazari tushgan shoiralar

    Agar biz, safdosh shoiralar Navoiy davrida yashaganimizda ul zotning nazariga musharraf boʻlarmidik?

    Davlatimiz rahbari 2024-yilning 31-oktyabr – 1-noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida 2025-yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qildi va Navoiy shahrida xalqaro miqyosda “Navoiyxonlik kechasi”ni oʻtkazishni taklif etdi. Bu taklifni oʻqir ekanman, menda Hazrat Navoiy haqida biz, ziyolilar nimalar bilamiz va uni xalqqa yetkazish yoʻlida nechogʻliq kamarbasta boʻlib turibmiz degan savol paydo boʻldi.

    Navoiyni qancha oʻrgansak, shuncha oz. Chunki u bilimlar ummoni, fikrlar chaqmogʻi, nafosat chamanidir. Bir ijodkor sifatida Hazratning nazariga tushgan ayollar haqida oʻylay boshladim. Uning asarlari ichra ayollar nomini izladim. Topdim, quvondim, faxr etdim va sizga ham ilindim. Yana bir ogʻriqli fikr soʻroqlarim osmonida chaqmoqday chaqdi.

    Agar biz, safdosh shoiralar Navoiy davrida yashaganimizda ul zotning nazariga musharraf boʻlarmidik? Ulugʻ shoir eʼtiboriga loyiq qalam tebrata olyapmizmi? Shoir asarlarida jami tilga olgan 30 dan ortiq ayolning yarmidan koʻpi badiiy toʻqima obraz boʻlsa, qolganlari tarixiy shaxslar.

    Bu ayollar Navoiydan avval oʻtgan va zamondosh boʻlgan shoiralardir va Hazratning nazari bejiz ularga tushmagan. Turkiy tildagi ilk tazkira boʻlmish “Majolis un-nafois” (“Nafis majlislar”) da 459 ta zamondosh shoir haqida soʻz ketgan. Ular orasida ayollarning nomi ham bor. Bu shoiralarning ismi Navoiy tufayli tarixga muhrlandi.

    Navoiy tarixiy shoiralarimiz haqida “Nasoyim ul-muhabbat” va “Majolis un-nafois” asarlarida bayon etgan. Quyida ularning baʼzilari haqida toʻxtalib oʻtamiz.

    Robiya Adaviya. “Nasoyim ul-muhabbat”da soʻfiy ayol Robiya Adaviyaga bir sahifa ajratiladi. Bu ayol Basra shahrida, ulugʻ shayx Hasan Basriy zamonida yashagan, oʻz davrini larzaga solgan eng mashhur va afsonaviy orifa ayoli boʻlgan. U haqda buyuk Fariduddin Attor “Tazkirat ul-avliyo” asarida 18 sahifa hikoya qiladi.

    Mehri Hirotiy. XV asrning birinchi yarmida Hirotda yashagan shoira. Mehrining eri Xoja Abdulaziz Shohrux mirzoning saroy tabibi boʻlgan. Mehri sofdil, ravshanfikr, isteʼdodli, shirinsuxan va hozirjavob boʻlgani uchun malika Gavharshodbegimning yaqin suhbatdoshi — nadimasi edi. “Tazkiralarda qariyb bir ovozdan Mehrining nihoyatda goʻzal boʻlgani qayd qilinadi”, deya taʼkidlaydi Navoiy. Shoiraning bizgacha yetib kelgan sheʼrlari insonning ibtidosi va intihosi haqidadir.

    Mana shu ikki nuqta orasidagi murakkab va chigal umr dostonidir. Mehri fitna-fujurlar bois, birmuncha muddat Shohrux tomonidan zindonband qilinadi. Lekin zindonda turib bitgan sheʼrlari uni xalos etadi. Shoira sheʼrlarida dadil aytilgan fikrlar, aniq his-tuygʻular, alamli armonlar goʻzal badiiy obrazlarda bayon etiladi.

    Mehri Hirot adabiy muhitida katta hurmatga sazovor, taniqli shoira boʻlgan. Navoiy “Majolis un-nafois” asarining “Jamoati maxodim va azizlar zikridakim, bu faqir alarning sharif zamonining oxirida erdim va mulozimatlari sharafiga musharraf boʻlmadim”, deb afsuslanadi. Navoiy tazkirada shoira baytlaridan misollar keltiradi.

    Bixi har xoreki, on az xoki man hosil shavad,

    Zohid ar misvok sozad, mast-u loyaqil shavad.

    (Mazmuni: Mening tuprogʻimda paydo boʻladigan har bir tikan ildizini, agar zohid tish kovlagich qilsa, mast va hushsiz boʻladi).

    Bu misradan maʼlumki, u oddiy shoira boʻlmagan. Uning yozmishlari sizning ham tuygʻularingizni junbishga keltirmay qoʻymaydi. Mehri oʻzini tanigan va oʻzgalarga oʻzini tanita olgan donishmand ayoldir. Soʻz oʻyinlari orqali aql-zakovatini va irfoniy tajallisini namoyish eta olgan oqiladir. Uning ijodi oʻzbek adabiyotida ham katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, satrlarni oʻqigan ayol ijodkorlar shoiradan koʻp taʼsirlangani bejiz emas.

    Ofoq begim. “Majolis un-nafois” asarida nomi keltirilgan, asli ismi Baxtigul boʻlgan ikkinchi ayol — Navoiyning inisi Darvish Alining xotini Ofoq begimdir. U hokim Husayn Ali Jaloyirning qizi boʻlib, sheʼriyat sohasida zukko, qobiliyatli ekani aytiladi. Ayniqsa, uning badihagoʻyligi taʼrifi oʻz zamonasida juda mashhur boʻlgan. U kirgan davralar fayz olishi haqida koʻp yozilgan.

    Zeboiy. “Majolis un-nafois”da Mavlono Zeboiy taxallusli isteʼdodli shoira haqida ham maʼlumot bor. Jomiy uni madh etgani bayon etiladi. Navoiy Zeboiyni shaxsan tanimagan boʻlsa-da, uning sheʼrlarini eshitgan va qadrlagan. Tazkirada bunday yoziladi: “Mavlono Zeboiy — faqir ani koʻrmaymen, ammo sheʼrin eshitibmen. Bu matlaʼ aningdurkim: Qomatat shevai raftor chu bunyod kunad, Sarvro bandai xud sozadu ozod kunad”.

    (Mazmuni: Sening qomating yura boshlasa, sarvni ham oʻz bandasi qiladi, ham ozod qilib yuboradi).

    Bediliy. Navoiy tazkirada yodga olgan yana bir shoira Bediliydir. Asarda uning quyidagi matlasini Navoiy namuna sifatida keltirgan: Ravam ba bogʻu zi nargisi du dida vom kunad Ki, to nazorai on sarvi xush xirom kunam.

    (Mazmuni: Men boqqa borar ekanman, nargisning ikki koʻzidan bahramand boʻlib, uning goʻzal qomatini koʻrib xushnud boʻlaman...). Navoiy tazkirasida Bediliyning oilasidan uch ijodkor — oʻgʻli Shayxzodai Ansoriy, turmush oʻrtogʻi Shayx Abdullo va oʻzi haqida maʼlumot bergan. Oʻgʻlining ilmli, noyob isteʼdodga ega ekanini taʼkidlagan. Shayx Abdullo ham majnunroq boʻlishiga qaramay, yaxshi sheʼrlar yozgani haqida aytgan. Hazrat bir oiladan yetishib chiqqan uch shoir haqidagi maʼlumotni bir oʻrinda keltiradi. Oiladagi erkagu ayol ijodkor ekanini havas bilan eʼtirof etadi: “...Desa boʻlurkim, aning uyida zanomardi xush taʼbdurlar”.

    Bibichai Munajjima. Hirotdagi katta shoira, ham davlat va jamoat arbobi, siyosatchi, soʻfiy ayol boʻlgan. Bu nomni biz “Nasoyim ul-muhabbat” asari orqali ham yaxshi bilamiz. Uning “Erkaklar martabasiga yetgan orif ayollar zikri” deb nomlangan soʻnggi qismida Bibichai Munajjima 35 orifa ayoldan biri sifatida tavsiflangan:

    “Bibichai Munajjima Kirmon mulkidindur. Mazkur boʻlgʻon ilmda (tasavvuf va avliyolik ilmida) oʻz zamonining saromadi erdi, ammo mayli darveshlik sari erdi. Zamon podshohi iltifot va taʼzim koʻp qilur erdi va podshoh haramlari uzamoyi xavotini bagʻoyat hurmat tutarlar erdi. Oqibat barchaning ixtilotin tark qilib, xiyobon boshida oʻz manzili javorida masjidi jomeʼ yasadi va mulku asbobin anga vaqf qildi, andoqkim, holo ravnaqi bor va kasir xaloyiq anda namoz qilurlar”.

    Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Munajjimaga orifa ayol sifatida batafsil toʻxtalgan. Shu sababli “Majolis un-nafois”da Alouddin Kirmoniy faoliyatini yoritarkan, faqat uning opasi ekanini taʼkidlaydi, xolos.

    Ammo boshqa tazkiralarda uning qilgan ishlari haqida maʼlumot keladi. Hirot adabiy muhitidagi oʻrni taʼkidlanadi. Abdurahmon Jomiy bilan ustozu shogirdlik maqomida boʻlgani eslanadi.

    Bibichai Munajjima oʻz davrining nozikfahm va orifa ayollaridan boʻlib, ayniqsa, yulduzlar ilmida uningdek tengi yoʻqligi, dunyoviy ilmlarni ham bilgani va koʻp fazilatlarni kasb qilgani bois, sulton va amirlar uni hurmat qilar edi. Demak, uning Munajjima deb taxallus olishi bejiz boʻlmagan. Bu esa qadimda ayollar faqat adabiyot va sanʼat bilan emas, balki ilmfan bilan ham shugʻullanganini koʻrsatadi.

    Navoiy uning masjid, hammom qurib, xalqqa xizmat qilganini taʼkidlaydi. Navoiy nomlarini tilga olgan barcha tarixiy qahramonlar asarlaridagi badiiy toʻqima obrazlarning timsoli edi. Chunki ular oʻqimishli ayol, shoira boʻlibgina qolmay, iqtisodiyotda, mantiqda, voizlikda, hatto raqsda ham ilgʻor, davlat arboblari, yetuk maslahatchilar edi.

    Eng muhimi, Navoiy asarlari ayollari hayotsevar, bunyodkor, oliyhimmat va olijanobdirlar. Sirtdan qaraganda, qadimda Sharq ayollari huquqlari chegaralanganday, ammo ularning aksariyati davlat boshqaruvida juda katta oʻrin egallagan. Diniy va dunyoviy bilimni chuqur bilgan, farzandlarini ana shu irfon suti bilan boqqan.

    Erkaklar kamoloti va jasoratining oʻzagi boʻlgan. Ular gʻalaba va zafarlarga, marra va murodlarga qutqu bergan. Bu muhtarama onalar haqida hikoya qilayotib, bir jihatni angladim.

    Shoirlik qismat ekanini bilardim, ammo elning shoiri boʻlish uchun birgina uning oʻzi yetmasligini, yurt qaygʻusi, vatan shukuhi, shoirlik parvozining ikkinchi qanoti ekanini yanada chuqur bildim.

    Bir ilhomning oʻzi kifoya emasligini, uning atrofida chuqur bilim va mehnat, sabr va matonat, bardosh va diyonat kerakligi ayon boʻldi. Hazrat Navoiy eʼtirof etgan ayol shoiralarga havas qila-qila, bizning bitigimizga Navoiydek quyoshni bergan Allohga hamdu sanolar aytaman.

    Yuragingga qil ham sigʻmasa,

    Mehrsizlik diling tigʻlasa,

    Bu holingdan joning talvasa

    Qilsa agar Navoiyga ayt,

    Oʻqi kitob, Hazratingga qayt!

    Sotib ketsa eng yaqin doʻsting,

    Bitmas boʻlsa hech kamu koʻsting,

    Daraxtmisan, qay taraf oʻsding,

    Bilmoq boʻlsang Navoiydan soʻr,

    Doʻst topmassan Hazratdan-da zoʻr!

    Yoʻliqqaning boʻlsa xiyonat,

    Uchib ketsa qoʻlingdan omad,

    Osmon tushib, boʻlsa qiyomat,

    Navoiydan topasan panoh,

    Hazrat erur holingdan ogoh!

    Bu saltanat metin qoʻrgʻondir,

    Unda yashar har kim omondir,

    U jannatdir, Eram boʻstondir,

    Navoiyni aylaylik tavof,

    Hazrat erur eng oliy savob!

    Magar senga ilm kerakdir,

    Duo kerak, tilak kerakdir,

    Ishq kerakdir, koʻngil kerakdir,

    Navoiydan toparsan oʻzni,

    Hazrat aytar ul xolis soʻzni!

    O, yurakka malham Navoiy,

    Har gʻaribga hamdam Navoiy,

    Zarrangizman men ham,

    Navoiy, Yagonamsiz, sizgadir taʼzim,

    O sultonim, xonim, hazratim.

    Farida Afroʻz