Bugun zamonning oʻzi har birimizdan ona yurt himoyachisi, vatanparvar boʻlishni talab etmoqda.
Bunda ayniqsa mard va jasur serjant va ofitserlar, harbiy chaqiriqqa tayyorlash fani oʻqituvchilari oʻrnak boʻlishlari kerak.
Hozir maktablarda qariyb 10 ming nafar ana shunday oʻqituvchilar faoliyat koʻrsatmoqda. Afsuski, ularning aksariyatida harbiy sohadagi zamonaviy bilim va koʻnikmalar, ular uchun ish sharoiti talab darajasida emasligi qayd etildi.
Endi mana shu oʻqituvchilar Mudofaa vaziri tomonidan zaxiradagi harbiy xizmatchilar tarkibi orasidan tayinlanishi belgilandi.
«Shu borada, bir fikrni barchamiz chuqur tushunib olishimiz kerak. Vatanparvarlik tarbiyasi – bu faqat harbiy yoki taʼlim sohasi xodimlarining ishi emas. Bu – butun jamiyatning ishi.
Bu ishga butun jamoatchilikni faol jalb etmas ekanmiz, kutilgan natijaga erishish qiyin boʻladi.
Albatta, yoshlarimiz yaxshi shifokor, isteʼdodli olim, mohir IT bilimdoni, zoʻr tadbirkor boʻlishi mumkin.
Lekin ular chinakam vatanparvar insonlar boʻlib voyaga yetmasa, oʻzingiz ayting, xalqimiz, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun ertaga kim masʼul boʻladi?
Shu bois, mahalla, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar tashkilotlari bu masalada oʻz faoliyat dasturiga ega boʻlishi zarur.
Yoshlarimiz ongiga barchamiz birgalikda “Men haqiqiy vatanparvar boʻlaman” degan gʻoyani chuqur singdirishimiz kerak», — dedi Prezident.