1948-yil 10-dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganidan soʻng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklariga ustuvor eʼtibor bera boshladi. Mazkur deklaratsiya matnida ilk bor barcha odamlar ega boʻlgan huquqlarning global taʼrifi bayon etildi. Yaʼni, ushbu hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, eʼtiqod va soʻz erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, taʼlim, tibbiy, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat, sanʼat asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.
Deklaratsiya matni ustida dunyoning barcha mintaqalaridan huquqiy va madaniy kelib chiqishi turlicha boʻlgan vakillar ishladi. Shu bois ham deklaratsiya inson huquqlarini himoya qilish va dolzarb global muammolarni hal etish boʻyicha aniq harakatlar uchun asos yaratuvchi hujjat hisoblanadi. Deklaratsiyani qabul qilgan davlatlar ushbu hujjat va xalqaro huquq normalariga qatʼiy rioya qilish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Davlat institutlari butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etilishini taʼminlashga harakat qiladi.
Deklaratsiya Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlarini himoya qilish borasida jahon andozalariga mos huquqiy tizim ishlab chiqish uchun tamal toshi vazifasini bajardi. Shu kungacha mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishga oid 100 dan ortiq qonun qabul qilingan va ular xalqaro meʼyorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.
2023-yil 10-dekabrda insoniyat uchun eng muhim hujjatlardan biri boʻlgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganiga 75 yil toʻladi. Butun dunyoda, jumladan, Oʻzbekistonda ham bu sanani nishonlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligi kampaniyasi inson huquqlari universalligi va ajralmasligi haqidagi bilimlarni chuqurlashtirish, shuningdek, bu huquqlarni himoya qilish imkoniyatlarini, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kengaytirishga qaratilgan. Ushbu tashabbus deklaratsiyada aks ettirilgan inson huquqlari infratuzilmasini tiklash, mustahkamlash va yanada rivojlantirishga yordam beradi.
Jahon miqyosidagi bunday tadbirlarga 2022-yil 5–6-dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida taʼlim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan global forum keng yoʻl ochdi. Shu forumda Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bagʻishlangan global kampaniyaga start berildi. Forum doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida Prezidentimiz 2023-yil 12-mayda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Mazkur farmon bilan 30 banddan iborat tadbirlar dasturi tasdiqlangan boʻlib, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish va ularni milliy qonunchilikka moslashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni, inson huquqlari sohasidagi taʼlimni takomillashtirish hamda inson huquqlari boʻyicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar oʻrin olgan.
Mazkur tadbirlar qatorida BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi tavsiyalari bajarilishi boʻyicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish yuzasidan tadbirni alohida taʼkidlab oʻtish muhim.
2022-yil 29-avgust – 23-sentyabr kunlari BMT Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasining 91-sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiya doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini bajarishi yuzasidan Beshinchi davriy hisoboti ham koʻrib chiqildi.
Sessiyada Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari konvensiya qoidalarining moddama-modda amalga oshirilishi, milliy qonunchiligimizga kiritilgan oʻzgartishlar, jamiyatda bolalar mavqeini yuksaltirish borasida erishilgan yutuqlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Bundan tashqari, sessiya doirasida bola huquqlariga oid kitoblar, risolalar, jurnallar, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar koʻrgazmasi tashkil etildi. Bunda ishtirokchilar Oʻzbekiston hukumatining bola huquqlarini taʼminlash borasidagi ustuvor yoʻnalishlari bilan tanishish imkoniga ega boʻldi. Ular mamlakatimizda bolalarni himoya qilishning milliy mexanizmi yaratilganini olqishladi hamda bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish jarayonini ijobiy baholadi.
Bola huquqlari boʻyicha qoʻmita aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasining Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalarini bajarishi yuzasidan Beshinchi davriy hisobotini koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan taklif va tavsiyalarini taqdim etdi.
Koʻmitaning yakuniy mulohazalarida jami 52 tavsiya keltirilgan. Xususan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, bolalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha qonunchilikni yanada takomillashtirish hamda iqlim oʻzgarishi sharoitida bolalar salomatligini muhofaza qilish boʻyicha takliflar bildirilgan. Bugungi kunda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan qoʻmitaning yakuniy mulohaza va tavsiyalarini amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi.
Umuman, bola huquqlarini taʼminlash masalasi Oʻzbekiston uchun doim ustuvor maqsadlardan biri boʻlgan. Mamlakatimiz 1992-yil 9-dekabrda Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga qoʻshilishi buning yaqqol namunasidir. Oʻzbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “Hech bir bola eʼtibordan chetda qolmaydi” degan tamoyilga amal qilmoqda.
Qolaversa, “Inson qadri uchun” tamoyiliga muvofiq oʻtkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Asosiy qonuniga bolalar huquq va manfaatlarini taʼminlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilgʻor normalar kiritildi. Shu tariqa, milliy qonunchiligimiz bolalar huquqlariga doir xalqaro normalarga toʻla-toʻkis muvofiqlashtirildi.
Yangilangan Konstitutsiyamizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, ularning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlat majburiyatlari kengaytirildi.
Mamlakatimizda bolalar huquqlarini taʼminlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan boʻlib, mazkur normativ-huquqiy hujjatlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” tamoyilini hayotga joriy qilishga qaratilmoqda.
Endilikda bolalarni 13 yoshdan jinoiy javobgarlikka tortish bekor qilinib, bu 14 yosh etib belgilandi. Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini soʻroq qilishda pedagog bilan bir qatorda psixolog ham qatnashishi koʻrsatildi.
2023-yil 11-aprelda qonunchilikka oʻzgartishlar kiritilib, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada ogʻirlashtirildi.
Bir soʻz bilan aytganda, bola huquqlari kafolatlarini yanada takomillashtirish yoʻlida olib borilayotgan islohotlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga hamohang tarzda amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bagʻishlangan global kampaniyaga start berilishi hamda bu borada normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, bir qancha tadbirlar amalga oshirilayotgani mamlakatimizning xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiqligini namoyon qiladi.
Husniddin XOLMAMATOV,
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh mutaxassisi