Ma'lumki, Covid-19 pandemiyasi butun dunyoda gumanitar inqirozni keltirib chiqardi, iqtisodiyot va qishloq xo'jaligining deyarli barcha sektorlariga jiddiy tahdid solyapti, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda o'nglab bo'lmas muammolarni yuzaga keltirmoqda. Pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirmoqda. Bugungi kunga qadar dunyo bo'yicha 500 milliondan ortiq ish o'rni yo'qotilgan. Bundan, ayniqsa, ayollar va yoshlar aziyat chekmoqda. Boz ustiga, oziq-ovqat ta'minoti zanjirlarida katta uzilishlar paydo bo'ldi, iste'mol tovarlari narxlari keskin ko'tarilishi barobarida ularning taqchilligi ham kuzatilmoqda.

Birinchi qadam

Garchi so'nggi paytlarda jahon miqyosida koronavirusni yuqtirish bilan bog'liq yangi holatlar kamayib borayotgan bo'lsa-da, o'limlar soni ko'paymoqda, umumiy vaziyat hamon beqarorligicha qolmoqda. Shu bois oxirgi oylarda virusning navbatdagi to'lqini oqibatlarini yumshatish maqsadida jahonnning ko'plab mamlakatlari karantin choralarini kuchaytiryapti, hatto, Yevropada lokdaun va komendantlik soatlari qayta joriy etilyapti.

Ekspertlarning fikricha, koronavirus tufayli insoniyat o'z boshiga tushgan ijtimoiy muammolar qatori iqtisodiy tanglik oqibatlarini bartaraf etish uchun hali uzoq vaqt kurashadi.

Xo'sh, ko'rinmas dushmanga qarshi murakkab urushning oxiri bormi? Albatta. O'zaro hamjihat bo'lish, umumiy qoidalarga qat'iy rioya etish, adolatli taqsimot, tarmoqlararo xavfsiz integratsiyani rivojlantirish va transchegaraviy faoliyatga yangicha yondashish bu baloi qazoni bartaraf etishning najot yo'llari sifatida ilgari surilyapti. An'anaviy oziq-ovqat tizimlarini yangi talablar asosida ko'rib chiqib, ularni qayta tashkil etish esa ezgu natijalarga erishish borasidagi birinchi qadam bo'lishi mumkin.

Zero, 2020-yilda chegaralararo harakatlanish bo'yicha mamlakatlarda joriy etilgan cheklovlar va izolyatsiya rejimi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda yetkazib berish jarayonlariga keskin ta'sir o'tkazdi. Oqibatda dalalar, plantatsiyalarda hosillarni yig'ib olish o'ta darajada sustlashdi yoki butkul to'xtab qoldi, juda ko'plab oziq-ovqat korxonalari — go'sht, sutni qayta ishlovchi tsexlar, nonvoyxonalar, qandolat fabrikalari yopildi, logistika izdan chiqib ketdi. O'z navbatida, mavsumiy ishchilar yashash uchun mablag'siz qoldi, mahsulotlarni etkazib berish tizimida hamon to'siqlar mavjud.

Bularning barchasi ishsizlik, aholi daromadlarining kamayib ketishi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari qimmatlashishi, kambag'allik, ochlik ko'lamining kengayishiga sabab bo'lmoqda. Mazkur vaziyat kelajak avlodga ham daxl qilayotgani yanada taassuflidir. Masalan, dunyo bo'yicha YAIMning har bir foiz punktga pasayishi bo'y o'sishi sekinlashayotgan bolalar sonini 0,7 milliontaga ko'paytirar ekan.

Inqirozdan chiqishning “yo'l xaritalari” 

Covid-19 tufayli hamon davom etayotgan global iqtisodiy tebranish pul oqimlari va ishlab chiqaruvchilar, kichik hamda o'rta agrofirmalar, moliya muassasalarining moliyaviy likvidligiga putur etkazdi va etkazmoqda. Daromadning pasayishi yoki umuman kelib tushmasligi quvvatlar, ish o'rinlarini qisqartirish, kutilmagan tibbiy xarajatlarga olib kelayotir.

To'g'ri, mana shunday murakkab va og'ir pallada hech bir davlat qo'l qovushtirib o'tirgani yo'q. Har biri iqtisodiyotini qo'llab-quvvatlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishda davom etyapti.

Ekspertlarning aytishicha, inqirozdan chiqishning “yo'l xaritalari”ni yaratishda, birinchi navbatda, oziq-ovqat tizimi ishtirokchilari ehtiyojlariga alohida e'tibor qaratish lozim. Nochor kompaniyalar va uy xo'jaliklaridagi likvidlik bilan bog'liq muammolarni yumshatish uchun maqsadli choralar ko'rish zarur. O'z navbatida, oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi muammolarni birgina ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish bilangina hal etib bo'lmasligini yoddan chiqarmaslik lozim. Oziq-ovqat tizimi faoliyatini qo'llab-quvvatlash va inflyatsiyaga yo'l qo'ymaslikda esa davlat xaridlari hamda taqsimoti tizimi muhim vosita hisoblanadi.

Bosh kotibning taklifi qanday?

Mutaxassislarning qayd etishicha, ijtimoiy muhofaza kichik fermer xo'jaliklari va ularning oilalari, ko'makka muhtoj aholi qatlamlari, oziq-ovqat sanoati ishchilarini qamrab olsa, maqsadga muvofiqdir. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning fikricha, rivojlanayotgan davlatlarda to'lov qobiliyati va byudjet imkoniyatlarini kengaytirish bilan bog'liq muammolarni hal etish uchun xalqaro mablag'lar hajmlarini oshirish, tashqi qarzlarni to'lashni vaqtincha to'xtatish, ularning qarzdorligini restrukturizatsiya qilish zarur. Ayniqsa, iqtisodiyoti xomashyo va turizmga bog'lanib qolgan mamlakatlar uchun ushbu omillar odamlarning oziq-ovqatga bo'lgan ehtiyojlarini qondirish, iqtisodiy o'sishni qo'llab-quvvatlash hamda tiklanish jarayonlarini tezlashtirishda katta ahamiyatga ega. Bu qator mintaqalarda pandemiya bilan birgalikda o'zaro qarama-qarshiliklar, tabiiy ofatlar, iqlim va ob-havoning keskin o'zgarishidan aziyat chekayotgan xalqlar uchun jiddiy ko'makka aylanadi.

Umuman olganda, koronavirus pandemiyasi dunyo iqtisodiyotining oziq-ovqat sektorini isloh etish zaruratini yaqqol ko'rsatib qo'ydi. Yana bir tomoni, mazkur jabha bugungi kunda iqlim o'zgarishi va ekologik inqiroz vujudga kelishida asosiy omillardan biri hisoblanadi. Gap shundaki, oziq-ovqat tizimlariining hissasi atmosferaga chiqarilayotgan parnik gazlarining uchdan bir qismini tashkil etadi va bioxilma-xillikka tahdidning asosiy sababchisi sanaladi. Binobarin, sohada mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, yetkazib berish, sotish va iste'mol qilish, chiqindilarni utilizatsiya qilishda qo'llanilayotgan usullarni to'liq qaytadan ko'rib chiqishni, innovatsiyalar, muqobil va yashil texnologiyalardan keng foydalanishni davrning o'zi talab etyapti. Pandemiya ham oziq-ovqat tizimlarini yangitdan muvozanatlash va o'zgartirish orqali uning barqarorligiga sababchi bo'lishi mumkin.

Uch tamoyil

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu sohaga mas'ul tuzilmasi — FAO bu borada uchta tamoyilni ilgari suryapti:

— odamlar va ularning daromad manbalarini saqlab qolish uchun barcha sa'y-harakatlarni safarbar etish, bu yo'nalishdagi eng katta xatarga ega sohalarga e'tiborni kuchaytirish;

— oziq-ovqat etkazib berish tarmog'ida ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash;

— inqirozdan chiqib ketish va kelajak uchun investitsiya yo'naltirishda yanada inklyuziv, ekologik jihatdan toza oziq-ovqat tizimini yaratishni ustuvor vazifa, deb bilish.

E'tiborlisi, O'zbekistonda so'nggi yillarda sohada olib borilayotgan islohotlarda aynan mazkur jihatlarga e'tibor qaratilyapti. Pandemiya sharoiti bo'lishiga qaramay oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta'minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to'ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog'lom raqobat muhitini rivojlantirish, narx-navolar barqarorligini ta'minlash, sohadagi mavjud tizimli muammolarga barham berish qaratilgan amaliy sa'y-harakatlar aslo to'xtab qolmagani, aksincha, jadallashgani buning tasdig'idir. Bunda aynan aholini qo'llab-quvvatlash, yangi daromad manbalari yaratish, yashil va tabiiy resurslarni tejaydigan texnologiyalarga urg'u berilayotgani, oziq-ovqat tarmoqlarida qator aktsiz soliqlari bekor qilingani ijobiy holatdir.

Turmush sifatini o'zida uyg'unlashtirgan mezonlar

“Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida yuqorida qayd etilgan masalalarni hal etishning qanday yo'llari belgilab berilgan?

Birinchidan, inflyatsiyaviy targetlash doirasida 2021-yilda inflyatsiya darajasini 10 foizdan oshirmaslik hamda narx-navo barqarorligini ta'minlash ko'rsatib o'tildi. Bunda ichki bozorni iste'mol tovarlari bilan to'ldirish, asosiy iste'mol tovarlarining narxlari mavsumiy tebranishlari darajasidan kelib chiqib “xatar darajasini tahlili” tizimini joriy qilish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida “Bu borada global pandemiya oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratish zarurligini yana bir bor tasdiqladi. SHu boisdan ham asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida import sohasidagi boj to'lovlari bo'yicha berilgan imtiyozlar yana bir yilga uzaytiriladi” deya alohida ta'kidlagani bejiz emas.

Ikkinchidan, inflyatsiyaga nomonetar omillar ta'sirini pasaytirish va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha choralar ko'riladi, shu bo'yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjat loyihasida quyidagi muhim jihatlar o'z aksini topadi:

— oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yo'l qo'ymaslik;

— import bozorida monopoliyaga yo'l qo'ymaslik, tovarlarni chetdan olib kirishda raqobat sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, tashqi bozorlarni diversifikatsiya qilish;

— oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, kafolatlangan zaxirani yaratish, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirishda kvota asosida sotib olish va ularni bozorga uzluksiz etkazib berish;

— asosiy iste'mol tovarlarining transport xarajatlarini subsidiyalash;

— tegishli hududlarning asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari (shakar, yog', o'simlik yog'i, un va boshqalar) talabidan kelib chiqib, ularni kvota asosida bozor sharoitlarida sotib olish va ichki bozorga interventsiya qilish.

Uchinchidan, hosildorlikni g'allachilikda 8-10, meva-sabzavotchilikda 15-20 foizga oshirish choralari ko'riladi.

To'rtinchidan, sholichilikda suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida asosiy maydonlarda 20 foizgacha va takroriy maydonlarda 70 foizgacha ko'chat usulida ekish joriy etiladi.

Beshinchidan, organik qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtirish hisobiga ekologik toza, sifatli eksportbop meva-sabzavotlar etishtiriladi.

Oltinchidan, unumdorligi yuqori ko'chatlarni xarid qilishda hamda xalqaro sertifikatlarni (GlobalGAP, Organic) olish xarajatlarining 50 foizini hamda qishloq xo'jaligi texnikalari lizing xarajatlari foiz stavkasining teng yarmini davlat tomonidan qoplab berish mexanizmini joriy etiladi.

Yettinchidan, “Daladan iste'molgacha” tamoyili asosida mahsulotlar etishtirish bo'yicha qishloq xo'jaligi kooperatsiyalari rag'batlantirilib, yoshlar va xotin-qizlarning faol ishtiroki ta'minlanadi. Xususan, buning uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent, Buxoro, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlariga Evropa Ittifoqining grant mablag'lari yo'naltiriladi. Ushbu hududlarda 500 nafar yosh va “Temir daftar”ga kirgan ehtiyojmand aholiga 1 gektardan er maydonlari ajratiladi va ularni meva-sabzavotchilik kooperatsiyalariga birlashtirish orqali yangi ish o'rinlari yaratilib, daromad olishi ta'minlanadi.

Sakkizinchidan, ayni chog'da foydalanishdan chiqqan yerlarni qayta kiritish va yangi erlarni o'zlashtirish hamda erga er qo'shish orqali qishloq hududlarida yangi ish o'rinlar yaratiladi va 0,1-1 gektarlik kichik uchastkalardan iborat oilaviy va boshqa turdagi xo'jaliklar kooperatsiyalari tashkil qilinadi. Shu orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oilalar qo'llab-quvvatlanadi. Kooperatsiyalar tomonidan esa sifatli va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlari oshirilib, ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash va eksport qilish ko'lami kengayadi. Qishloq aholisi va yoshlarni doimiy ish bilan ta'minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oilalarni “Temir daftar”dan chiqarish imkoniyatlari oshadi.

To'qqizinchidan, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida go'sht, sut, tuxum va baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari oshiriladi. Bunda 2021-yilda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko'paytirishga qaratilgan 1 500 ta yangi loyihani ishga tushirish, buning uchun 6 trillion so'm ajratish nazarda tutilgan.

O'ninchidan, aholi tomorqalariga kompleks xizmat ko'rsatishni tashkil etish uchun respublikaning meva-sabzavot ko'p etishtiriladigan 32 ta tumanida tomorqa xizmati klasterlari faoliyati yo'lga qo'yiladi. Bunda texnika xizmati ko'rsatish, sovutkichli omborxonalar, ko'chatchilik issiqxonalarini qurish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa xizmat ko'rsatish ob'ektlarini ishga tushirish asosida tomorqalarda mahsulot yetishtirishni ko'paytirish, ichki bozorga va eksportga sotishda ko'maklashiladi.

Bu masalalarning muhimligi 24-fevral kuni Prezident raisligida qishloq va suv xo'jaligi sohasida joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ham alohida ta'kidlab o'tildi. Unda yurtimizda bog'dorchilik, uzumchilik, meva-sabzavotchilik, sholichilik, chorvachilikni rivojlantirish, suvni tejash, agrokorxonalarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish bo'yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Mazkur yo'nalishdagi tashabbuslar va loyihalarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash dolzarbligi ta'kidlandi.

Xususan, davlat rahbari aytib o'tganidek, joriy yil 1-martdan boshlab, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida bog', tok va issiqxona uchun aholiga ajratiladigan kreditlar muddati 3 yildan 7 yilgacha, imtiyozli davri esa 1 yildan 3 yilgacha uzaytiriladi. O'z navbatida, davlat-xususiy sheriklik asosida yuqori hosilli, eksportbop meva va uzum ko'chatlari etishtirish yo'lga qo'yiladi. Mahalliy urug'chilik xo'jaliklaridan urug' va ko'chat sotib olinganda, bunga ketgan mablag'ning 20 foizigacha qismi to'lab berilishi, muqobil energiyada ishlaydigan limonchilik issiqxonalari qurish xarajatlarining ham bir qismini qoplab berish tartibi joriy qilinishi ham kelajakda o'z ijobiy natijasini berishi, shubhasiz.

Mazkur ishlarga uyg'un tarzda davlatimiz rahbarining “Qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatni odamlarning istagiga hamohang, o'zgarishlar imkoniyatlarini kengaytirib beradigan navbatdagi dasturilamal deyish mumkin. Zero, uning ijrosi nafaqat agrar tarmoqda ma'muriy islohotlarni tezlashtiradi, balki mazkur strategik sektorni jadal raqamlashtirish, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni tatbiq etishga qaratilgan ustuvor yo'nalishlarni amalga oshirishga ham xizmat qiladi.

Ellikdan ortiq ustunlikning biri

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik mexanizmlar uyg'unligida ahamiyat qaratilayotgani bejiz emas. Chunki bu nafaqat pandemiyaning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish, tarmoqlarni qayta tiklash va rivojlantirish, odamlar turmush sifatini yaxshilashga xizmat qiladi, balki O'zbekistonning dunyo miqyosidagi salohiyatini yanada oshiradi. Gap shundaki, Garvard universiteti tadqiqotlariga ko'ra, O'zbekiston 50 dan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda barcha imkoniyatlar va nisbiy ustunliklarga ega ekan. Qayd etilishicha, yurtimizda neft` gaz-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to'qimachilik, charm-poyabzal qatori aynan oziq-ovqat hamda “yashil iqtisodiyot” bilan bog'liq sanoat tarmoqlari iqtisodiyotimiz “drayverlari”ga aylanishi uchun barcha etarli sharoitlar mavjud. Davlat dasturida ham aynan mazkur tarmoqlarda xususiy sektorning tashabbuslari va yangi loyihalarini qo'llab-quvvatlash hamda kooperatsiyani rivojlantirish bo'yicha barcha choralar ko'rilishi lozimligi belgilab berilganining boisi ham ana shunda.

Sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, bu borada kafolatlangan zaxirani yaratish va ularni bozorga uzluksiz etkazib berish hamda narx-navo barqarorligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar ustidan parlament va deputatlik nazoratini samarali yo'lga qo'yish, sohadagi qonunlar ijrosini so'zsiz ta'minlash, islohotlarni huquqiy qo'llab-quvvatlash esa bizning zimmamizga ham katta mas'uliyat yuklaydi.

Muxtasar aytganda, o'zaro hamjihatlikdagi sa'y-harakatlardan ko'zlangan bosh maqsad xalq manfaati ustuvorligini ta'minlashdan iborat bo'lsa, oziq-ovqat mahsulotlarini ko'paytirib, bozordagi narx-navoni arzon qilish, shu orqali odamlarni rozi qilish uning asosiy yo'nalishlaridan biridir.

Nodir JUMAEV,

Oliy majlis qonunchilik palatasi deputati