Hech kimning farzandi kasal bo'lmasin!

    Bolam ko'zini ochganda, men ko'z yoshlarimni tiya olmasdim. U hali kichik, yuragi nima uchun og'riyotganini tushunmaydi. Ammo nigohlarida yashash, zavqlanish hissi bor. Unga yashash imkoniyati qaytarib berildi.

    Bu dunyoda hech kimning bolasi kasal bo'lmasin. Uchinchi farzandim Sabrina tug'ma yurak nuqsoni bilan tug'ilganidan beri xayolimdan shu gap ketmaydi. U tug'ilgan paytidayoq kasalligi haqida bilganman. Qizim hozir besh yoshda. SHu besh yilda bosh urmagan eshigimiz qolmadi. Aksiga olib, bola katta bo'lgani sayin, kasallikning kuchayish xavfi ham ortarkan. Do'xtirlarga olib borsak, doim jarrohlik amaliyoti o'tkazish kerak, derdi. Bunga mablag' qayda, deysiz! Sharoitimiz og'ir, men ham, turmush o'rtog'im ham hech qaerda ishlamaymiz. Qaynota-qaynonam nogiron, ularning nafaqasiga kun kechiramiz. Shunday holatda operatsiya uchun mablag' haqida so'z bo'lishi mumkinmi?! Taqdirning bu sinovi oldida ojiz qolib, ko'z yoshi to'kishdan boshqa choram yo'q edi. Vaqt esa o'tib borardi.

    Shu yilning mart oyida hayotimizda mo''jiza yuz berdi.

    Viloyatimizga poytaxtdan mutasaddilar bordi. O'shandayam qizim bilan viloyat markaziy shifoxonasiga noumid qatnayotgandik. Mas'ullar biz bilan suhbatlashdi, dardimizni tingladi. Men ularga bolam ko'z oldimda kundan-kun so'lib borayotgani, uni davolatishga umuman imkonim yo'qligi haqida aytdim. Rahbarlar uyimizgacha borib, sharoitimizni o'rgandi. “Temir daftar”ga ro'yxatga olishdi. O'shanda birinchi marta Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markazi haqida eshitdim. Ko'nglimda umid paydo bo'ldi. Yaxshi insonlarning yordami bilan order orqali shu shifoxonaga keldik.

    Bu erda bizni juda yaxshi kutib olishdi. Malakali, shirinso'z shifokor va hamshiralar biri qo'yib, biri holimizdan xabar olib turdi. Biroz vaqt davolangach, qizalog'imning yuragi operatsiya qilindi. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o'tdi.

    Bolam ko'zini ochganda, men ko'z yoshlarimni tiya olmasdim. U hali kichik, yuragi nima uchun og'riyotganini tushunmaydi. Ammo nigohlarida yashash, zavqlanish hissi bor. Unga yashash imkoniyati qaytarib berildi.

    Davolanish jarayonida bizdan hech narsa talab qilinmadi. Tashxis, davolash, operatsiya jarayonlari hammasi bepul o'tkazildi. Uch mahal issiq ovqat bilan ta'minlandik. Hozir qizim davolanayotgan shifoxona chet elnikidan qolishmaydi.

    Farzandlarimiz salomatligi uchun qayg'urgani, shunday sharoit yaratib bergani uchun Prezidentimizdan cheksiz minnatdorman! Bu yaxshilikni hammaga aytib o'taman, qizimning qulog'iga quyib, katta qilaman.