Hindiston elchisi bilan uchrashuv

    Xalqaro hamkorlik 14 Oktabr 2020 1398

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhatni qabul qildi.

    Keyingi yillarda mamlakatimizda kuzatilayotgan keng koʻlamli islohotlar surʼatiga hamohang sirdaryoliklar hayotida ham tub oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Mehnatkash Sirdaryo xalqini rozi qilish, turmush sharoitini yaxshilash yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar har jabhada koʻzga tashlanadi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, tadbirkorlik rivoji, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasini yangi bosqichga koʻtarish, xullas, barcha jabhada yangilanishlar guvohi boʻlasiz.

    Oʻtgan vaqt mobaynida viloyatda bir qator ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi, xayrli tashabbuslar amaliyotga tatbiq etildi.

    Sanoati rivojlanayotgan voha

    Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo universal oyna” MCHJ yangilanayotgan viloyatning yorqin koʻzgusidir. “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxona farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun shisha idishlar ishlab chiqaradi. Eʼtiborga molik jihati, korxona ish bosh­laganidan buyon koʻp vaqt oʻtmagan boʻlsada, eksportyorlar safiga kirishga ulgurgan. Shuningdek, ushbu majmua mamlakatimizdagi dori-darmon sanoati uchun qadoqlash vositalari ishlab chiqarayotgan yagona korxona boʻlib, xomashyo sifatida faqat oʻzimizning mahsulotlardan foydalanadi. Loyihaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 102 million dona shisha idishni tashkil etadi. Korxonada 450 kishi mehnat qiladi. Eksport quvvati 2 million AQSH dollariga yetdi.

    Keyingi yillarda yoʻl qurilishi sohasiga ilgʻor loyihalarning joriy etilishi evaziga tizim samaradorligiga erishilmoqda. Albatta, soha rivojlanishida sifatli xomashyoni tezkor ravishda yetkazib berish muhim omil hisoblanadi.

    Xovos tumanida Xitoy texnologiyasi asosida qurilishi boshlangan asfalt-beton zavodi yaqinda oʻz faoliyatini boshladi. 90 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 4 milliard 60 million soʻmni tashkil etadi.

    “PENG-SHENG” Oʻzbekiston — Xitoy qoʻshma korxonasi ishlab chiqarish hajmining kattaligi bilan viloyatda alohida oʻrin tutadi. Korxonada oyoq kiyimlar, charmdan ishlangan buyumlar, elektron qulflar, keramik plita, santexnika jihozlari ishlab chiqariladi. Xorijiy mamlakatlarga eksport qilinayotgan mahsulotlarga boʻlgan talab ortib borayotgani mazkur korxonaning mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim oʻringa ega ekanini koʻrsatadi. Kezi kelganda aytish joizki, korxona hududida Oʻzbekiston — Xitoy doʻstlik bogʻi hamda 30 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo etilgan. Soʻlim bogʻning yonginasida joylashgan mazkur MTTda mashgʻulotlar oʻzbek, xitoy, ingliz va rus tillarida olib boriladi. Shuningdek, korxonaga qarashli 150 gektar yer maydonida tomchilab sugʻorish texnologiyasi asosida parvarishlanayotgan gʻoʻzalar juda serhosil, har gektaridan kamida 50 sentner hosil olinadi.

    Viloyatning Sayxunobod tumanida 2020-yilda 28 yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Ulardan 8 tasi sanoat, 5 tasi xizmat koʻrsatish, 15 tasi esa qishloq xoʻjaligiga taalluqli. Sanoat yoʻnalishidagi yirik loyihalardan biri Sayxunobod tumani “Farovon” MFYda tashkil etilgan “Salar un don non” MCHJdir. Bugʻdoyni qayta ishlash orqali sifatli un mahsulotlari tayyorlashga ixtisoslashgan ushbu loyihaning qiymati 19,9 milliard soʻm. Korxona toʻla quvvat bilan ishlay boshlagach, ichki bozorga 5,5 million, eksportga 7 million AQSH dollarlik mahsulot sotadi.

    Gidroponika usulidagi mahsulot tashqi bozor talabiga mos kelyapti

    Viloyatda tashkil etilgan yirik qoʻshma korxonalardan biri Mirzaobod tumanidagi “Bek klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisoblanadi. Ushbu korxonaga viloyatdan 18 ming gektar yer berilgan. Ushbu yerlarda paxta, gʻalla va boshqa donli ekinlar parvarishlanmoqda. Yerga, ekinlarga ishlov beradigan yangi zamonaviy texnika vositalari xarid qilingan. Mazkur qoʻshma korxonani tashkil etishdan maqsad qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish, ularni xalqaro talablar asosida yetishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksportbop qilib tayyorlash edi. Buning uchun qoʻshma korxona huzurida mahsulotlarni yetishtirish, qayta ishlash va tekshirish ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi. Markazda tuproq tahlili, oʻsimliklar biotexnologiyasi, seleksiya va paxta urugʻchiligi, oʻsimliklar genetikasi laboratoriyalari faoliyat yuritmoqda. Boshqacha aytganda, “Bek klaster”da qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishga ilmiy asosda yondashiladi.

    — Buning sabablari bor. Shu paytgacha dehqonchilikda oʻsimliklar seleksiyasiga, genetikasiga eʼtibor berilmagan, — deydi “Bek klaster” rahbari Ulugʻbek Sotiboldiyev. — Toʻgʻri kelgan nav dala, yer qanday boʻlishidan qatʼi nazar, ekilavergan. Har bir dalaning, yerning tuproq qatlami oʻrganilmagan. Qanday boʻlmasin, ekin eksak, hosil olsak, bas, degan fikrga asoslanilgan. Endi esa hayot dehqonchilikda ekinning hosildorligini oshirishni, sifatini yaxshilashni, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashni, toʻyimliligini kuchaytirishni talab qilmoqda.

    “Bek klaster”da ana shunday muammolar ilmiy asosda hal qilinadi. Eng muhimi, korxona oʻzi ekadi, yetishtiradi va sotadi. Yaʼni, qishloq xoʻjaligi sanoatlashdi. Qoʻshma korxonada 100 gektar maydonda Janubiy Koreya texnologiyasi asosida zamonaviy gidroponik issiqxona barpo qilinmoqda. Issiqxonada yiliga 50 million dollarlik mahsulot yetishtirish va uni 100 foiz eksportga chiqarish rejalashtirilgan. Hozir ishlab chiqarishning mazkur zamonaviy zanjir usuli tufayli korxona ixtiyoriga berilgan maydonlardan avvalgi yillardagiga nisbatan 7 sentner koʻp hosil olinmoqda. Bunga, avvalo, yerning unumdorligini oshirish va vegetatsiya jarayonida ilmiy hamda innovatsion yondashuvlar asosiy mezon boʻlyapti. Eng muhimi, klasterning har bir aʼzosi pirovard natija moʻmay daromad keltirishini toʻliq angladi. Yaʼni, buni hosil yetishtiruvchidan uni tayyor mahsulot holiga keltiruvchigacha boʻlgan mustahkam rishta-zanjir, deb tasavvur qilish mumkin.

    Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, viloyat hududida ekin maydonlarining shoʻrlanish darajasi yuqori. Hatto minglab gektar yerlar necha yildirki, yaroqsiz holga kelib, bekor turibdi. Davlatimiz rahbari bevosita tanishgan “Gran Ruta De La Seda” korxonasining 9 gektarlik issiqxonasi ayni oʻta shoʻrlangan maydonda barpo etildi. Yana “Bek klaster” tomonidan Guliston va Yangiyer shaharlari oraligʻidagi yoʻl yoqasidagi abgor holda yotgan yerda ham ana shunday yirik issiqxona qurildi. “Toshkent — Termiz” avtomagistrali chetidagi gidroponika usulidagi 35 gektarlik issiqxona foydalanishga topshirildi. Prezidentimiz topshirigʻiga binoan, ularda yetishtiriladigan mahsulotlar turi ham rang-barang, eng muhimi, tashqi bozor talabiga mos boʻladi. Masalan, Mirzachoʻl qovunini plyonka ostida yetishtirib, qishki eksportini ham yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Yana tuproq oʻrnini bosuvchi kokos chiqindisi yordamida mahalliy sharoitda bambuk oʻstirish ham maqsad qilingan.

    Yangi taʼlim maskanlari, yangi isteʼdodlar

    Davlatimiz rahbari 2019-yilning fevral oyida Sirdaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabini tashkil etish taklifini bildirgan edi. Shundan soʻng Vazirlar Mahkamasining “Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Yaxshi niyat bilan ilk poydevori qoʻyilgan bu maktab hozir adabiyot, sanʼat, umuman, ijod ahlini bir joyga toʻplaydigan maskanga aylandi. Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi 150 oʻringa moʻljallangan boʻlib, u yerda oʻquv xonalari, shoira hayoti va ijodi muzeyi, kutubxona, muzokaralar hamda faollar zali, nashriyot va toʻgarak xonalari, 100 oʻrinli oshxona va yotoqxona, yozgi va qishki sport maydoni, qishki bogʻlar mavjud.

    — Bino arxitekturasi nafaqat zamonaviyligi, balki milliy ruhda jihozlangani bilan alohida ahamiyat kasb etib turibdi, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari Gʻaybulla Yusupov. — Ijodkor hayotiga bagʻishlangan muzey oʻquvchilar uchun shoira hayotiga oid bilimlar va xotiralar maskaniga aylanib ulgurdi. Ushbu ijod maktabida 13 ta toʻgarak faoliyat yuritib, yoshlarni maktabning oʻzidayoq kasb egalari qilib tarbiyalamoqda. Muntazam oʻtkazib borilayotgan mahorat darslari, yozuvchi va shoirlar, madaniyat arboblari bilan ijodiy muloqotlar oʻquvchilar va ustozlarni yana-da maʼnaviy yaqinlashtiryapti. Maktabning barcha oʻquvchilari toʻgaraklarga qamrab olingan. Ularning rus, ingliz, turk va koreys tillarini oʻrganishga qiziqishi va ishtiyoqi baland. Shubhasiz, mazkur taʼlim maskani yoshlarimizning barkamol inson boʻlib voyaga yetishiga asrlar osha xizmat qiladi.

    Muttasil hayot qaynagan maskan

    Sirdaryo viloyati mamlakatimizning markaziy qismida, mintaqamizdagi eng katta daryolardan birining boʻyida joylashgan boʻlib, hududda sayyohlikning ayrim turlari, ayniqsa, ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlari katta. Shuni hisobga olgan holda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan viloyatning mazkur yoʻnalishdagi salohiyatini oshirish yoʻlida izchil ishlar qilinyapti. Jumladan, 2019-yilning birinchi yarim yilligida 3 ta oilaviy mehmon uyi, 5 ta restoran va kafe hamda turoperatorlik subyektlari tashkil etildi, shuningdek, turistik toifadagi mikroavtobus hamda elektromobillar qatnovi boshlandi. Guliston temir yoʻl vokzali hamda «Shoxrux» mehmonxonasi hududida turizm axborot markazlarining faoliyati yoʻlga qoʻyilib, shaharda Wi-Fi zonalari tashkil qilingani mehmonlar uchun katta qulaylik boʻldi. Sirdaryo viloyatining turistik salohiyatini roʻyobga chiqarishda mehmon va sayyohlarni jalb qiluvchi jihatlarga, xususan, “Sharq ekzotikasiga” alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, viloyat hududidan oʻtuvchi avtomagistral yoʻl boʻylarida tuyachilikni rivojlantirish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar va fermerlar tomonidan oʻtovlar qurilib, tuya suti va esdalik sovgʻalar sotuvi yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, oʻtgan davr mobaynida Guliston shahrining turis­tik xaritalari, turistik buklet, flayer va risola ishlab chiqilib, bepul tarqatila boshlandi. Turistik salohiyatni targʻib qiluvchi targʻibot-reklama banneri oʻrnatildi. Bu kabi saʼy-harakatlar natijasida xorijiy mamlakatlardan tashrif buyuruvchi sayyohlar koʻrsatkichi sezilarli darajada oshdi. Demak, viloyatda tarixiy yodgorliklar Sardoba obidasi, Eski Xovostepa va boshqa bir necha arxeologik ahamiyatga ega manzillar bilan cheklansada, ekoturizmni rivojlantirish imkoniyati katta. Ana shu maqsadda bugun daryo boʻyida bir necha turis­tik loyihalar tatbiq etish ustida ishlar olib borilmoqda.

    Xulosa qilib aytganda, bugun nafaqat navqiron Sirdaryoning koʻrinishi va koʻrkamligi tubdan oʻzgarmoqda, balki kechmishi ming yillik tarixga ega hududlarida ham evrilishlar, yangilanishlar yuz bermoqda. Ulkan bunyodkorliklar bois yaydoq choʻl deb tasavvur qilingan Sirdaryo viloyati kun sayin gullab, yashnab, chiroy ochib bormoqda.

    Gulsum SHODIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri