Mehmonlarga dastlab Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligidagi islohotlar, paxtachilikda klaster tizimi joriy etilgani va bu usulning samaralari haqida maʼlumot berildi.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning gʻoyasi bilan tashkil etilgan klasterlar amaliyotga innovatsiya, ilgʻor agrotexnologiyalarni tatbiq qilish hisobiga paxta-toʻqimachilik sohasida sifat oʻzgarishlariga erishilmoqda, — dedi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Qisqa davr ichida ekin yerlarining holatini yaxshilash barobarida, yirik sanoat korxonalarini ishga tushirdi. Natijada toʻqimachilik mahsulotlari eksporti 1 milliard dollardan 3 milliard dollarga yetkazildi. Bizda ushbu koʻrsatkichni karrasiga oshirish imkoniyati mavjud.

Janob Alan MakKley Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholar ekan, paxtachilikda tarmogʻidagi oʻzgarishlarni “maqtovga loyiq”, deya eʼtirof etdi.

— Oʻzbekiston paxtasiga butun dunyoda talab katta, hozir BCI – “Yaxshilangan paxta” standart tizimi asosida yetishtirilgan paxta yetkazib berishning ayni vaqti, — dedi Alan MakKley. — Jahon toʻqimachilik sanoati vakillari oʻzbek paxtasining yuqori sifatga egaligini yaxshi bilashadi. Ularni bundan tashqari yana ikkita jihat qiziqtirar edi. Bu paxtachilikda shaffoflik va munosib mehnat sharoiti yaratilganidir. Bularning bari keyingi yillarda toʻliq taʼminlanmoqda. Ayniqsa, bolalar mehnati va majburiy mehnat bartaraf etilgani xalqaro hamjamiyat tomonidan olqishlanyapti.

Delegatsiya aʼzolarning aytishicha, “paxta dalasidan sotuvgacha” tamoyili asosida butun ishlab chiqarish jarayonini sertifikatlash bilan shugʻullanadigan “Better Cotton Initiative” tashkiloti Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi bilan mustkam hamkorlik oʻrnatishi oʻta muhim. Chunki uyushma tizimidagi 134 ta paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyati bilan yaqindan tanishib, “Yaxshilangan paxta” yetishtirish borasida tezroq yuqori natijaga erishish mumkin.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston 2019-yildan beri “BCI” bilan hamkorlik qilib, “Better Cotton” dasturi joriy qilinmoqda. Xususan, “Indorama Agro”, “Navbahor Textile”, “BST Cluster” paxta-toʻqimachilik klasterlarida ushbu yoʻnalishdagi pilot loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti.

Uchrashuv yakunidagi aytilganidek, klasterlarning yaxshilangan paxta va organik mahsulot yetishtirishga boʻlgan kuchli ishtiyoqi, raqobatbarlosh mahsulot ishlab chiqarishga maqsadida yaratilayotgan “sanoat zanjiri” Oʻzbekiston paxtachiligida yaqin 3-5 yil ichida yuqori natijalar qoʻlga kiritilishidan yaqqol dalolat bermoqda.