Mamlakatimizda keyingi sakkiz yilda mahalliy kengashlarga eʼtibor mutlaqo oʻzgardi.
Xalqimiz bu eʼtiborni kengashlarning konstitutsiyaviy-huquqiy, tashkiliy-institutsional maqomi oʻzgarganidan yaqqol biladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratildi, hokimiyatlar boʻlinishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada ham belgilanishiga erishildi.
Kengashlarning vakolati va masʼuliyati olti barobar koʻpaydi, ularda doimiy ishlaydigan kotibiyatlar tashkil qilindi, Senatda hududiy vakillik organlariga koʻmaklashish markazi tuzildi, qonunchilikka yangi institutlar — “Kengash soʻrovi”, “Kengash tekshiruvi” kirib keldi. Bugun mahalliy hokimliklar hududdagi muhim loyihalarni kengashlar bilan maslahatlashib amalga oshirmoqda.
Prezidentimizning 2024-yil 2-fevraldagi tegishli farmoniga asosan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etish, xalqning bevosita ixtiyori asosida qaror qabul qilish talab etiladigan oʻttizdan ortiq vakolat mahalliy kengashlarga oʻtkazildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahalliy kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilishi belgilangan. Shundan kelib chiqib, “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyilini roʻyobga chiqarish maqsadida shu yil 23-iyun kuni Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmonni qabul qilishdan qator asosiy maqsadlar koʻzlangan. Jumladan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish, fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlash, shuningdek, ijro hokimiyati organlarining mahalliy xalq vakillari oldidagi hisobdorligini oshirishdir.
Farmonda 7 ta ustuvor yoʻnalish asosida mahalliy Kengashlarni rivojlantirishga oid 53 ta chora-tadbirdan iborat “Yoʻl xaritasi”ni 2030-yilga qadar amalga oshirish rejalashtirilgan.
Aholi muammolarini hal qilishda moliyaviy-iqtisodiy imkoniyatlar
Mahalliy kengash deputatlari oʻrtasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlarga koʻra, aholi koʻtarayotgan aksariyat masalalar (ichki yoʻllar taʼmiri, kommunal sohadagi muammolar, kanalizatsiya, obodonlashtirish, ijtimoiy infratuzilma taʼmiri kabilar) yechimi moliyaviy mablagʻga borib taqalmoqda.
Mahalliy byudjetni qabul qilsa-da, deputatlarning oʻz okrugidagi muammolarni byudjet orqali hal qilish imkoniyati yetarli emas edi. Baʼzi tadbirkor deputatlar aholi muammolarini oʻz mablagʻi hisobidan hal qilib berishi mumkin. Buni koʻrgan boshqa fuqarolar oʻzlarining deputatlaridan “Siz ham bizga muammoni hal qilib bering, ana narigi mahalladan saylangan deputat qilyapti-ku”, deya talab qilish holatlari ham uchrayotgandi. Ayrim hollarda deputatlar muammolarni hal qila olmasliklari sababli saylovchilar qabuliga bora olmagani ham bor gap.
Farmon bilan tasdiqlangan konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq, kelgusida xalq vakillarining bunday holatga tushmasligi, ularning obroʻsini va aholi muammolarini hal qilishdagi imkoniyatini oshirish maqsadida hujjatda mahalliy byudjetlar loyihasini shakllantirishda hududlar toifasidan kelib chiqib, mahalliy byudjet xarajatlarining 3-5 foizini bevosita mahalliy kengash deputatlarining tashabbusi asosida shakllantirish, Senat bilan hamkorlikda “Saylovchi — deputat — hokim — kengash” toʻrt boʻgʻinli oʻzaro hamkorlik tizimini yoʻlga qoʻyish belgilandi.
Bunda hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda “mahalla yettiligi” hamda mahalliy kengashlar deputatlarining ishtirokini taʼminlash tartib-taomillarini belgilash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya dasturlari loyihalarini dastlab mahalliy kengashlarda muhokama qilish, ularda belgilangan har bir vazifaning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan samarali deputatlik nazoratini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.
Maʼmuriy, byudjet va fiskal nomarkazlashtirish asosida hududlarning maʼmuriy va moliyaviy mustaqilligini yanada oshirish orqali ular tashabbuskorligini kuchaytirish, bunda tuman (shahar) mahalliy byudjetlariga ayrim turdagi davlat bojlari, majburiy yigʻimlar, toʻlovlar, jarima va ajratmalarni yoʻnaltirish masalasini koʻrib chiqish vazifalari ham qayd qilingan.
Yana bir muhim jihat bu — deputatlarning mahalliy kengashlar sessiyalari doimiy komissiyalari majlislariga kelib-ketishi masalasi. Agar 2017-yilgacha mahalliy kengashlar yilda 4-marta yigʻilish oʻtkazgan boʻlsa, hozir bir oyda 2-martadan sessiya oʻtkazishga toʻgʻri kelmoqda. Bu esa deputat uchun bir oyda 4-marta viloyat, tuman markaziga kelib-ketish zaruratini tugʻdiradi. Toshkent shahrida balki bilinmas, lekin viloyatlarda 100-300 kilometrlab masofani bosib oʻtishga toʻgʻri kelyapti.
Endi bunday holatlarning oldini olish uchun mahalliy kengashlar deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish, ularning oʻz saylangan viloyat, tuman va shaharlari doirasida deputatlik vazifalarini bajarishi uchun “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi qonunning 17-moddasini (deputatning transportda tekin yurish huquqi) amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish belgilandi.
Tashkilotlar rahbarlarining oʻz xodimi boʻlgan deputatlarning mahalliy kengash sessiyasi, doimiy komissiyalari, partiya guruhlari majlislarida ishtirok etishi, saylovchilari bilan uchrashuvlar oʻtkazishi, fuqarolar qabulini oʻtkazishiga toʻsqinlik qilmasligi mustahkamlandi.
Mahalliy masʼullarning javobgarlik choralari
Hududdagi deyarli barcha organning kengashlar oldida hisobdorligi belgilangan boʻlsa-da, xalq deputatlari ushbu organlar ishidan qoniqish hosil qilmasa, ularga qanday chora qoʻllashi masalasi ochiq qolgan edi. Bu esa ayrim mansabdor shaxslarning kengashlar oldidagi masʼuliyati susayishiga sabab boʻlayotgandi. Masalan, hisobot berish uchun xalq vakillari oldiga shaxsan oʻzi kelmay, balki oʻrinbosarlari, gohida esa bosh mutaxassislarini yuborish holati uchrayotgan, deputatlar tavsiya qilgan masalalarni hisobga olmaslik, ayrim hollarda esa deputatlik soʻrovlariga javob bermaslik holati kuzatilayotgan edi.
Kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida farmonda mahalliy kengash qarori bilan lavozimga tasdiqlanadigan, tayinlanadigan, kengashga hisobdor boʻlgan mansabdor shaxslarning mahalliy kengashlar oldidagi javobgarligini belgilash vazifasi qoʻyildi. Bunda ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy boʻlinmalarining mansabdor shaxslariga nisbatan egallab turgan lavozimiga noloyiqligi, intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha yuqori turuvchi organga taqdimnoma kiritish kabi choralarni belgilash nazarda tutilgan.
Shu maqsadda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining reglament va deputatlik odobi masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi faoliyati va vakolatlarini kengaytirish choralari koʻriladi. Bunda ushbu komissiyaga kengash qarori bilan lavozimga tasdiqlanadigan, tayinlanadigan, lavozimga tayinlanishida kengash roziligi olinadigan mansabdor shaxslarning ham odob-axloq normalarini buzganlik boʻyicha ishlarni koʻrib chiqish huquqi berilmoqda.
Hokim oʻrinbosarlarining kengashlar oldidagi masʼuliyati
Qonun hujjatlarida hokimlarning oʻz nomzodlari tasdiqlanishidan avval mahalliy kengashlarga hududni rivojlantirish dasturlarini taqdim etish vazifalari belgilangan. Lekin hokim ushbu vazifalarni bir oʻzi emas, balki butun jamoasi bilan bajaradi. Shu maqsadda endi viloyat, tuman (shahar) hokimi oʻrinbosarligiga nomzodlarni tegishli mahalliy kengashlar doimiy komissiyalarida dastlabki tarzda muhokama qilish, kengash sessiyalarida nomzodlarning oʻz yoʻnalishi boʻyicha hududni rivojlantirish dasturlarini taqdim etish tartibi joriy etiladi.
Albatta, bunday tartibning amaliyotga kiritilishi hokim oʻrinbosarlarining aholi, ularning vakillari sifatida deputatlar oldida masʼuliyatini oshirishga, faqat nomzodi emas, balki oʻz yoʻnalishi boʻyicha hududdagi dolzarb masalalarni kengashning tegishli yoʻnalishdagi doimiy komissiyasi bilan muhokama qilish va oʻzining dasturini taqdim etishiga, bu dasturning bajarilishi ustidan xalq nazorati taʼminlanishiga olib keladi.
Muammolarga tezkor munosabat bildirish
Mahalliy kengashlarga oid qonunchilikka koʻra, ushbu organlarning sessiyalari har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Lekin hozirgi tezkor, shiddatli zamonda hududlarda sodir boʻlayotgan u yoki bu masala, muammolar boʻyicha aholining tezkor maʼlumot olishi ehtiyojini tugʻdirmoqda. Shunday vaziyatlarda to bir hafta oldin sessiya chaqirguncha vaziyat tubdan oʻzgarib ketishi mumkin. Hozir viloyat, tuman, shaharlar darajasida yuzlab organlar mahalliy kengashlarga hisobot (axborot) berishi belgilangan (masalan, yillik, olti oylik, choraklik hisobotlarni berishning aniq taqvim rejasi mavjud), lekin ularning hisobot berish vaqti aniq belgilangan boʻlsa-da, shoshilinch hollarda zudlik bilan eshitish imkonini bermaydi.
Shu maqsadda endi xuddi parlamentdagi “Hukumat soati” kabi mahalliy kengash deputatlarining shoshilinch vaziyatlarda tezkor javob berishni talab qiladigan soʻrovlariga sessiya chaqirmay, muayyan miqdordagi deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axborotini eshitish boʻyicha “Kengash soati” instituti joriy etiladi.
Bunday tartibning joriy qilinishi aholini qiziqtiradigan ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan mahalliy masʼullarning javobini tezkor olish va aholiga yetkazish imkonini beradi. Buning uchun sessiya oʻtkazishni haftalab kutishga zarurat qolmaydi.
Fuqarolarning mahalliy kengashlarga elektron jamoaviy murojaat qilishi boʻyicha yangicha tizim yaratiladi
Mahalliy kengashlarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotini eshitish tizimini takomillashtirish, bunda hisobot (axborot)ni eshitishning davriyligini qayta koʻrib chiqish, ayrimlarini zaruratga koʻra eshitish tartibiga oʻtkazish belgilandi. Chunki bugun 370 dan ortiq qonun hujjatida 50 ga yaqin davlat organining mahalliy kengashlarga 110 ta hisobot va axborot taqdim etishi belgilangan. Bu esa hisobotlarni maqbullashtirish ehtiyojini paydo qiladi.
Kengashlar faoliyatida shaffoflikni oshirish maqsadida mansabdor shaxslarning hisoboti kengash sessiyasi muhokamasidan soʻng “E-Kengash” platformasidagi tegishli mahalliy kengashlar sahifalarida eʼlon qilib boriladi.
Mahalliy kengash qarorlarini qabul qilish jarayoni ochiqligini taʼminlash maqsadida fuqarolarning sessiya ishini bevosita kuzatish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Mahalliy kengash sessiyalarida fuqarolarning sessiya ishiga aralashish huquqisiz kuzatuvchi sifatida ishtirok etish tartibi joriy etiladi.
Fuqarolar tomonidan mahalliy kengashlarga elektron jamoaviy murojaat qilish boʻyicha yangicha tizim yaratiladi. Mahalliy kengashlar huzurida jamoatchilik vakillari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ilmiy doira vakillaridan iborat maslahat guruhlari tuziladi va kengash qarorlarini qabul qilish jarayonida ularning faol ishtiroki taʼminlanadi. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslari mustahkamlanadi.
Norma ijodkorlik vakolati kengaymoqda
Farmon bilan mahalliy ahamiyatga molik qator vakolatlarni mahalliy kengashlarga oʻtkazish belgilandi. Xususan, hozir hokimlar vakolatida boʻlgan davlat koʻchmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovining eng kam stavkalari, dafn etish joylarini saqlash qoidalarini tasdiqlash, dafn etish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tariflar miqdorini belgilash kengashlarga oʻtkazilishi belgilandi. Shuningdek, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish, yoʻllarning ayrim qismlarida harakatlanish tezligini oshirish yoki kamaytirishga (tegishli yoʻl belgilari oʻrnatib) ruxsat berish vakolati ham kengashlarga oʻtadi.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi: mahalliy kengashlarga buncha eʼtibor qaratishdan maqsad nima?
Mahalliy kengashlar aholiga boshqaruv jarayonida oʻz hududidagi qarorlarni qabul qilishda ishtirok etish imkonini berib, jamiyat manfaatlarini ifodalaydi va mahalliy muammolarni hal qilish orqali ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka hissa qoʻshadi. Bu esa demokratik jarayonlarni kuchaytiradi, kengashlar davlat siyosatini mahalliy ehtiyojlarga moslashtirib, hukumat va aholi oʻrtasida koʻprik vazifasini bajaradi.
Mahalliy boshqaruvning eng yaxshi shakli, bu — xalq vakillari ishtirok etadigan, aholiga xizmat qiladigan boshqaruvdir. Aholini birlashtirib turuvchi sifatida mahalliy kengash qancha kuchli boʻlsa, davlat ham shuncha kuchli boʻladi. Zero, xalqimizda “Oʻttiz kishi bilan kengash, bir kishi bilan ish koʻr” degan maqol bejiz aytilmagan.
Sakinaxon SAIDGʻOZIYEVA,
Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi deputati