Markaziy bank 2024-yil IV chorak uchun Biznes kayfiyat sharhini eʼlon qildi. Oʻzbekistonda biznes kayfiyat 2024-yil IV choragida yanada tundlashgan. Soʻrovlarda «biznes kayfiyat yaxshilandi« deya javob berganlarning ulushi 53 foizgacha pasaygan.

Hududlar orasida eng yomon va yomonlashgan biznes kayfiyat Surxondaryo va Qashqadaryoda kuzatilgan.

Oʻzbekiston boʻyicha ishlab chiqarish quvvatlaridan yuqori va oʻrta darajada foydalanayotganlar ulushi 50 foizgacha tushib ketgan.

Toʻliq quvvatda ishlamaslik sabablari sifatida gaz va elektr taʼminotidagi uzilishlar koʻrsatilgan.

Bojxona tariflari va cheklovlari, soliq maʼmurchiligi, monopollashuv darajasi, yoʻllar infratuzilmasi hamda gaz va elektr taʼminoti tizimida sezilarli yaxshilanishlar qayd etilmagani taʼkidlandi.

Oʻrganish davrida korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi oldingi chorakka nisbatan biroz pasaygani qayd etildi. Bunda II chorakda tadbirkorlarning 58 foizi oʻrta yoki yuqori ishlab chiqarish quvvatlarida faoliyat yuritgan boʻlsa, III chorakda 54 foizgacha, IV chorakda esa 50 foizgacha pasayib, ushbu koʻrsatkich oxirgi bir yarim yildagi eng past darajasida shakllandi.

Bu holat asosan Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlarida kuzatilgan boʻlsa-da, Andijon, Fargʻona, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida ishlab chiqarish quvvatlaridan nisbatan yuqori darajalarda foydalanilgan. Toʻliq quvvatda ishlamaslik sabablari sifatida gaz va elektr taʼminotidagi uzilishlar, avtomobil yonilgʻi narxining oshishi, shuningdek, soliq tizimidagi qiyinchiliklar qayd etilgan. Bunda, gaz va elektr taʼminotidagi uzilishlarni taʼkidlagan respondentlar ulushi 26 foizni tashkil etdi.

Soʻnggi choraklarda iqtisodiyot yaxshilanishini kutayotganlar ulushi biroz kamaygan boʻlsa-da, respondentlarning deyarli uchdan ikki qismi ijobiy kutilmalarini qayd etgan.

Tadbirkorlar fikricha, biznes muhitida kuzatilgan ijobiy oʻzgarishlar asosan bank xizmatlari sifati va kredit olish imkoniyatlarining kengayishi, shuningdek, raqobat muhiti yaxshilangani bilan bogʻliq.

Biroq mazkur hududlarda bojxona tariflari va cheklovlari, monopollashuv darajasi, soliq maʼmurchiligi hamda gaz va elektr taʼminoti yoʻnalishlarida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmagani taʼkidlanmoqda.

Shuningdek, III chorakda gaz va elektr taʼminotida kuzatilgan ijobiy tendensiyalar IV chorakda biroz yomonlashgani qayd etildi. Oʻrtacha hisobda yoʻllar infratuzilmasida ijobiy oʻzgarishlar oʻsishi qisqargan boʻlib, qurilish, savdo, turizm va kommunal sohalari vakillari tomonidan ijobiy javoblar ulushi kamaygani bilan izohlanadi.

Tadbirkorlar kelgusi chorakda yoqilgʻi va energiya isteʼmoli hajmi ortishini kutmoqda. Sohalar kesimida mazkur koʻrsatkich kommunal xizmatlar, umumiy ovqatlanish va qurilishda nisbatan baland boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, yuklarni tashish hajmi boʻyicha ijobiy kutilmalar ulushi avvalgi chorakka nisbatan oshib, 47 foizga teng boʻldi (III chorakda 40 foizni tashkil etgan).

Ishchi kuchiga boʻlgan talab, asosan, tibbiyot, taʼlim, umumiy ovqatlanish va qurilish sohalarida oʻsishi kutilayotgan boʻlsa, ishlab chiqarish va buyurtmalar hajmi boʻyicha ijobiy kutilmalar biroz pasaygan. Kelgusi chorakda taʼlim, tibbiyot va umumiy ovqatlanish sohalarida kredit mablagʻlariga boʻlgan talabning oʻsishi taʼkidlanmoqda.

Aksariyat tadbirkorlar raqobat muhiti umumiy hisobda biroz yomonlashgan boʻlsa-da, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi va maishiy xizmatlar sohalarida yaxshilanganini qayd etgan.

Shu bilan birga, gaz va elektr taʼminoti yomonlashganini maʼlum qilgan respondentlar ulushi avvalgi chorakka nisbatan oshgan. Bu koʻproq hunarmandchilik, tashish va taʼlim xizmatlari sohalarida namoyon boʻldi. Shunga qaramasdan, energiya isteʼmoli boʻyicha avvalgi chorakdagi oʻsish darajasi saqlab qolindi.

Soʻrov natijalariga koʻra, kelgusi uch yillik davrda mamlakat iqtisodiyoti va biznes istiqbollari boʻyicha umumiy ijobiy kutilmalar saqlanib qolgan. Respondentlarning 62 foizi kelgusida iqtisodiyot va biznes istiqbollari yaxshilanishini bildirmoqda.