Hududlarda sanoat rivoji koʻngildagidekmi?

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2017-2022-yillarda hududlar iqtisodiyotini sanoatlashtirish surʼatini tahlil qildi.

    Tahlil natijalari mazkur davrda mamlakat sanoati jadal rivojlanganini koʻrsatdi. 2017-2022-yillarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 134,2 foizga oʻsgan. Bu yalpi ichki mahsulotning oʻsishi (129,5 foiz) ga qaraganda yuqoriroq.

    Andijon, Namangan, Xorazm, Jizzax, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, investitsiya va tadbirkorlar faoliyatini (asosan, toʻqimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari, kauchuk va plastmassa, qurilish materiallari, elektron qurilmalar, elektrotexnika vositalarini ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, metallurgiya kabi yoʻnalishlarda) ragʻbatlantirish hisobiga sanoat tarmogʻida hududlar kesimida yuqori oʻsishga (1,4-1,9 baravar) erishildi.

    Mahalliy resurslar va hududlar salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarishning zamonaviy shakllari (erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, texnoparklar, klasterlar) keng joriy etildi. Natijada 2022-yilga kelib, mamlakatimiz sanoat ishlab chiqarishida 2017-2022-yillarda tashkil etilgan 20 ta erkin iqtisodiy zonaning ulushi 4,9 foizga, 506 ta klasterning ulushi 5,2 foizga, 317 ta kichik sanoat zonasining ulushi 1,2 foizga yetdi.

    Hududlar sanoatini transformatsiya va diversifikatsiya qilish borasida erishilgan natijalar:

    1. Mamlakatning 10 ta viloyati (Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari) da YAHM tarkibida sanoat tarmogʻining ulushi ortdi.

    2. Aksariyat hududlar (Andijon, Jizzax, Xorazm, Fargʻona, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo viloyatlari) dagi qayta ishlash sanoatida oʻrta-yuqori texnologiyali ishlab chiqarishning hissasi oshdi.

    3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlarida ishlab chiqarish sanoati tarkibi yanada diversifikatsiyalashdi.

    4. Sanoatning rivojlanish darajasi past boʻlgan Buxoro, Jizzax, Namangan, Xorazm viloyatlarida aholi jon boshiga sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi respublika miqyosidagi parametrga yaqinlashib, hududlararo nomutanosibliklar qisqardi.

    Umuman olganda, 2017-2022-yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan samarali islohotlar natijasida hududlarning sanoat salohiyati va raqobatbardoshligi oshdi. Xulosa sifatida aytish mumkinki, kelgusida hududlar sanoatini rivojlantirish istiqboli sifat oʻzgarishini taʼminlashdan iborat boʻlishi lozim.