Shu maqsadda, loyiha tashabbuskori hamda u tomonidan jalb etilgan xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 75 million yevro bo‘lgan “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurort majmuasi barpo etishning 2-bosqichi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16-sentyabrdagi 414-F sonli farmoyishi qarori qabul qilindi.

Loyiha doirasida quyidagilar amalga oshirilishi belgilab olindi: 
• 2400 o‘ringa mo‘ljallangan 4 restoran; 
• 105 o‘rinli xonalar fondiga ega bo‘lgan “4 yulduzli” mehmonxona; 
• 101 o‘rinli xonalar fondiga ega bo‘lgan “5 yulduzli” mehmonxona; 
• ofislar va savdo maydonaridan iborat 500 o‘ringa mo‘ljallangan ko‘p qavatli avtoturargoh; 
• osma yo‘llar, tog‘-chang‘i ko‘targichlar, shuningdek, 16.8 km uzunlikdagi tog‘-chang‘i trassalari; 
• tog‘ sporti, chang‘i va boshqa jihozlarni ijaraga berish shoxobchalariga ega bo‘lgan ko‘p tarmoqli markaz; 
• basseynlar va hordiq chiqarish hamda dam olishning mavsumiy turlarini tashkil qilish uchun maxsus maydonlar.

Mamlakatimiz turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgan mazkur loyihani o‘z muddatlarida amalga oshirilishini taʼminlash uchun Davlat tomonidan zarur infratuzilma va tarmoqlarni barpo etishda ko‘mak beriladi. Shuningdek, loyiha tashabbuskoriga qurilish-montaj ishlari va kelgusida loyihani ekspluatatsiya qilish jarayonida noyob tabiiy obyektlar va majmualarni, o‘simliklar va hayvonlarning genetik fondini saqlash, shuningdek, faoliyatning atrof muhitga salbiy taʼsirining oldini olish va tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya qilish bo‘yicha masʼuliyat yuklatildi.