Hunarmand-shogirdlarga QR-kodli maxsus guvohnoma beriladi

    Biznes 17 Noyabr 2020 1026

    Bu haqda AOKA press-xolida tashkil etilgan matbuot anjumanida Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʻbek Abdullayev maʼlum qildi:

    — 3 yil ichida hunarmandlar soni 4,5 barobarga oshdi.

    Ustoz-shogird maktablari tashkil qilindi. Shogirdlarning Uyushmadan rasman roʻyxatdan oʻtishi hisobiga kadrlar masalasida son va sifat taʼminlanishiga erishilmoqda.

    Yaʼni shogirdlarga Uyushma tomonidan QR-kodli maxsus guvohnoma berildi. Shogirdlar tegishli hududdagi bandlik boʻlimi orqali Uyushma va Savdo-sanoat palatasi bilan uch tomonlama tizim asosida faoliyat yuritadi.

    Shuningdek, 3 yil ichida hunarmandchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 100 mln AQSH dollariga teng kredit resurslari ajratildi.

    Bu kredit mablagʻlari hisobiga bugungi kunga kelib 158 ming hunarmand-shogirdlarimiz bandligi taʼminlandi.

    100 mln dollar jalb qilinishi evaziga 28 000 ta, yaʼni qariyb 891 mlrd soʻmlik loyihalar amalga oshirildi. Hududlar kesimida olib qaraganda ham, masalan Fargʻona, Andijon, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻiston respublikasida ham loyihalar soni va qiymati oldingi yillarga nisbatan oshgan.

    Kreditning asosiy qismi yangi asbob-uskunalarni xarid qilish, xomashyoga yoʻnaltirildi.