Ichimlik suvi ta'minoti talab darajasida(mi?)

    Bugungi kunda ushbu soha O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining ayrim deklorativ normalari hamda 20 dan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinmoqda.

    Mamlakatimizning yangi rivojlanish bosqichida barcha sohalar qatori atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, xususan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, soʻnggi besh yil davomida yurtimizda aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash va ularga kanalizatsiya xizmatlarini koʻrsatish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, sohaning tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi.

    Bugungi kunda ushbu soha Oʻzbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunining ayrim deklorativ normalari hamda 20 dan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinmoqda. Demak, sohaning keskin rivoji uchun huquqiy asos boʻlgan yaxlit qonun loyihasini ishlab chiqish va joriy etishga ehtiyoj bor.

    Ayni vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishga tayyorlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasining “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv chiqarish xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida qator normalar belgilanmoqda. Loyihada avvalo, ichimlik suvi taʼminoti va oqava suv chiqarish xizmatlari sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, tegishli davlat organlarining vakolati, xizmat koʻrsatish korxonalarining va foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilab berilmoqda.

    Sohani keskin rivojlantirishda bozor mexanizmiga, jumladan, davlat-xususiy sheriklikni joriy etishga yoʻnaltirilgan huquqiy asoslar hamda ichimlik suvi tashiydigan transport vositalariga aholiga yetkazib beriladigan ichimlik suvi narxi sunʼiy ravishda koʻtarilib ketishining oldini oluvchi normalar kiritilyapti.

    Tan olish kerak, keyingi paytda suv taʼminoti tashkilotlari faoliyatida intizomning sustligi tufayli quvurlarda nosozliklar vujudga kelib, isteʼmolchilar tomonidan ularga noqonuniy ulanish holatlari koʻp kuzatilayotgan edi. Ushbu loyihada sohada xizmat koʻrsatish va xizmatdan foydalanish borasida intizomni tartibga soluvchi normalar belgilanmoqda.

    Isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilishga yoʻnaltirilgan, xususan, isteʼmolchilarga asossiz hisoblangani uchun suv taʼminoti tashkilotlariga nisbatan tegishli moliyaviy choralarni kuchaytirish hamda sifatsiz suv taʼminoti natijasida jismoniy shaxslarning sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash mexanizmini ochib beruvchi normalar ham qonun loyihasida oʻz aksini topgan. Shuning barobarida, sohada texnik jihatdan tartibga solish mexanizmlarini joriy etishda fuqarolarga soddalashtirilgan mexanizmlar ham qoʻllanilyapti. Jumladan, ichimlik suvi quvurlariga ulanishda yuridik shaxslarga texnik shart olish majburiyligi belgilangan bir vaqtda, jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning ruxsatnomasini olish belgilanmoqda.

    Xulosa qilib aytganda, qonun loyihasining qabul qilinishi sohani barqaror rivojlantirishga, xizmatlar sifatini oshirishga, isteʼmolchilar tomonidan ichimlik va oqova suv quvurlariga noqonuniy ulanish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

    Mohira XOʻJAYEVA,

    Oliy Majlis Qonunchilik

    palatasi deputati