Ichki borzorda ip-kalava uchun “asossiz ajiotaj” kuzatilmoqda

    Sanoat 27 Oktabr 2021 1343

    “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining xabariga koʻra , 2021-yil sentabr oyidan boʻyon paxta va kalava ip narxlarining jahon bozorlarida keskin oʻsishi va Oʻzbekiston ip-kalavasiga xorijiy hamkorlarning (birinchi navbatda Turkiyadan) talabi ortishi natijasida ichki bozorda ip-kalava uchun “asossiz ajiotaj” kuzatilmoqda.

    Oʻtkazilgan muhokamalar va ichki bozor tahlili asosida, ipga boʻlgan talab va taklif hajmlarini barqarorlashtirish maqsadida quyidagi choralar amalga oshirilmoqda:

    haftasiga bir marta paxta tolasi va ip-kalava ishlab chiqarish hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish (yetkazib beruvchilar kesimida takliflar alohida beriladi);

    paxta tolasi narxlarining spekulyativ oʻsishini cheklash mexanizmini joriy etish (dunyoning yetakchi xom ashyo birjalari bilan oʻxshashligiga koʻra) maqsadida uning boshlangʻich narxini Nyu-York kotirovkalari (yoki narxlar tushib ketganda paxta xom ashyosi tannarxi asosida) darajasida belgilash va uning eng yuqori narxini “Cotlook”ning “A” indeksida cheklash;

    paxta tolasi, sintetik va sunʼiy tolalar, shuningdek ip-kalava importi hajmini kengaytirish;

    ip-kalava isteʼmolchilarini aylanma mablagʻ bilan taʼminlash amaliyotini kengaytirish, paxtadan tayyor mahsulotgacha boʻlgan qoʻshilgan qiymat zanjiri boʻyicha QQSni qaytarish mexanizmlarini mukamallashtirish va toʻlashni kechiktirish hamda ichki bozorga sotiladigan kalava ip hajmlaridan daromadni foyda soligʻidan ozod qilish boʻyicha takliflar kiritish.

    Ichki bozorda ip-kalava hajmi barqarorlashmagan holda, 2021-yil noyabr oyida ip kalava eksportiga vaqtinchalik qoʻshimcha toʻlov amaliyoti joriy etiladi (korxonalar va assortimentlar kesimida).