IIV Akademiyasi yangi davr ostonasida

    Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida kadrlar tayyorlash tizimini isloh etish, taʼlim sifatini yuksaltirishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda taʼlim muassasasi rahbariyati, professor-oʻqituvchilar va tegishli tarkibiy tuzilmalar xodimlari ishtirok etdi.

    Tanqidiy va tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilishda Akademiya boshligʻi, polkovnik Rustam Hotamov shu yilning 12-fevral kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan oʻtkazilgan Ichki ishlar vazirligi hayʼatining kengaytirilgan yigʻilishida soha uchun professional kadrlar tayyorlash masalasiga ham ustuvor ahamiyat qaratilgani, tizim uchun mutaxassis kadrlar tayyorlashni tubdan takomillashtirish, taʼlim sifati va samaradorligini yana-da oshirish, oʻquv jarayoniga zamonaviy pedagogik anʼana va metodlar, ilgʻor xorijiy tajribalarni keng tatbiq etish, yosh xodimlarning kasbiy hamda maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, ichki ishlar organlari faoliyatidagi mavjud muammolarni ilmiy jihatdan oʻrganish orqali jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini amaliyotga joriy qilish zarurligini taʼkidladi.

    Ichki ishlar organlari tizimi asosan Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan kadrlar bilan toʻldiriladi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 16-avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroridan kelib chiqib, mazkur oʻquv muassasasida kadrlarni oʻqitish sifatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar boshlab yuborildi.

    Biroq soʻnggi yillarda taʼlim va amaliyot oʻrtasidagi bogʻliqning uzilib qolgani, oʻquv jarayoni sifatiga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagani kadrlar tayyorlash samaradorligiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatgani yaqqol namoyon boʻlmoqda.

    Yigʻilishda Akademiya boshligʻi mavjud muammolarga toʻxtalar ekan, zamonaviy taʼlim tizimini yoʻlga qoʻymay turib, hech qanday natijaga erishib boʻlmasligini alohida taʼkidladi.

    – Shiddat bilan rivojlanayotgan hozirga davrda kadrlar tayyorlash masalasiga oʻziboʻlarchilik qabilida yondashish, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga loqaydlik bilan qarash, bir soʻz bilan aytganda, jamiyatimizda kechayotgan islohotlardan ortda qolishga hech birimizning haqqimiz yoʻq, – dedi R.Hotamov.

    Aytib oʻtilganidek, hozirda oʻquv muassasasida yettita mutaxassislik boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, kunduzgi taʼlimda oʻqish muddati uch yil etib belgilangan. Taʼlim jarayonida nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida malakaviy amaliyot muddati 1,5 oydan
    4 oyga uzaytirilib, Toshkent shahridagi hududiy ichki ishlar organlarida
    17 ta kafedra filiali tashkil etilgan. Biroq nazariy bilimlarni amaliy koʻnikmalar orqali mustahkamlashda ushbu filiallar imkoniyatlaridan oqilona foydlanilmagani kursantlarning yetarli ish oʻrganish koʻnikmalariga ega boʻlmasdan xizmat faoliyatiga yoʻl olishi, ishga moslashuvchanligining sekin kechishiga sabab boʻlmoqda.

    Akademiyada ilmiy darajalar beruvchi kengash faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, soʻnggi uch yilda tadqiqotchilarning oʻz dissertatsiya ishlarini muvaffaqqiyatli himoya qilgani natijasida ilmiy salohiyat 46 foizga yetgan. Hozirda professor-oʻqituvchilarning 97 nafari ilmiy daraja va unvonga ega, ammo bu koʻrsatkich respublikamizdagi yuridik taʼlimga ixtisoslashgan boshqa oʻquv muassasalari bilan taqqoslaganda havas qilarli darajada emas.

    Ilmiy faoliyat bilan bogʻliq asosiy muammolardan biri shundaki, dissertatsiya ishlarini “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarni jilovlash boʻyicha mahallabay, oilabay va fuqarobay yondashish metodikasini joriy etish”, “Jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha hududlar metodikasini yaratish”, “Ichki ishlar organlarining sektorlardagi ish faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish” kabi bugungi kunning eng dolzarb va muammoli masalalari eʼtibordan chetda qolgan. Qolaversa, Ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi tomonidan viloyatlar kesimida jinoyatlikni oʻrganishga qaratilgan 20 dan ortiq tadqiqot oʻtkazilib, hududiy ichki ishlar organlari uchun 12 ta qoʻllanma tayyorlangan. Ammo mazkur qoʻllanmalarda kriminogen vaziyati ogʻir hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikni oldini olishning samarali mexanizmlari puxta yoritilmagan. Xususan, sektorlar faoliyatini muvofiqlashtirish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan ishlash borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan. Jinoyatchilikni ilmiy prognoz qilish, kriminogen vaziyati ogʻir hududlar boʻyicha yangi metodikalar yaratish, joylardagi ichki ishlar organlari xodimlariga ilmiy-amaliy yordam koʻrsatish samarali yoʻlga qoʻyilmagan.

    Hozirda Akademiya yigirmadan ortiq xalqaro tashkilotlar hamda xorijning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro kelishuvlar asosida hamkorlik qilib keladi. Tahlillar mazkur sohada ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmagani, xorijning ilgʻor tajribalarini oʻrganish va taʼlim jarayoniga samarali tatbiq etish borasida yetarli darajada foydalanilmagani, professor-oʻqituvchilar va kursantlarning yetakchi xorijiy davlatlarning turdosh oʻquv maskanlarida malaka oshirishlari tizimli yoʻlga qoʻyilmaganini koʻrsatmoqda.

    Yigʻilishda taʼlim jarayonida ayrim professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻquv mashgʻulotini tashkil etishda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani, oʻqitishning interfaol metodlarini qoʻllash, pedagogik mahoratni yuksaltirib borish, oʻz ustida izlanish va innovatsiyaga intilish oʻrniga, samarasiz pedagogik usul va vositalardan foydalanilayotgani qattiq tanqid ostiga olindi. Kursant va tinglovchilarga oʻqitishning zamonaviy metodikalaridan foydalanib taʼlim berish amaliyoti toʻliq yoʻlga qoʻyilmagan. Professor-oʻqituvchilar oʻquv jarayonida asosan nazariy taʼlim bilan chegaralanib, nazariya va amaliyotning uygʻunligi taʼminlanmaganligi oqibatida Akademiya bitiruvchilarining amaliyotga moslashib ketishi uchun salkam ikki yilgacha vaqt talab etilmoqda.

    – Kafedralarda faoliyat yuritayotgan koʻp yillik pedagogik stajga ega ayrim oʻqituvchilar hanuzgacha ilmiy-tadqiqot ishlari bilan jiddiy shugʻullanmagan. Qolaversa, kursantlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish, ular bilan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish va fanlarga boʻlgan qiziqishini yana-da oshirish maqsadida tashkil etilgan kursantlar ilmiy toʻgaraklari faoliyatini ham koniqarli deb boʻlmaydi. Natijada kursantlarimizning respublika fan olimpiadalaridagi yutuqlari salmogʻi yildan-yilga tushib ketmoqda, – dedi Akademiya boshligʻi.

    Ichki ishlar vazirligi hayʼatining kengaytirilgan yigʻilishida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, oʻquv jarayonini takomillashtirish, ilmiy salohiyatini yana-da yuksaltirish, ayniqsa amaliyotdagi muammolarni ilmiy jihatdan tadqiq etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgani, kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichda tashkil etish, taʼlim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish borasida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishi aytildi. Jumladan, Akademiyadagi taʼlim zamonaviy standartlarga muvofiq, ikki bosqichda – bakalavriat va magistratura asosida yoʻlga qoʻyiladi. Tinglovchi va kursantlarga taʼlim berish jarayoni tubdan isloh etiladi. Nazariya va amaliyot uygʻunligi kuchaytirilib, mashgʻulotlar zamonaviy innovatsiya, axborot texnologiyalari yutuqlari asosida tashkil etiladi. Tinglovchi va kursantlarning kasbiy bilimlari, amaliy koʻnikmalari, maʼnaviy-axloqiy, ruhiy fazilatlarini, vatanparvarlik tuygʻularini yana-da yuksaltirib borish chora-tadbirlari koʻriladi. Xalqaro tajriba almashinuvini rivojlantirish asnosida professor-oʻqituvchilar, xodimlar, tinglovchi va kursantlarning pedagogik mahorati, malakasi muntazam oshirib, maqsadli oʻqitib boriladi. Tinglovchi-kursantlarni vatanparvarlik ruhida kasbga sadoqatli xodim sifatida tayyorlash maqsadida ular bilan olib boriladigan tarbiyaviy-psixologik, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini zamon talablari darajasida tashkil etish choralari koʻriladi.

    Akademiya professor-oʻqituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati amaliyotdagi dolzarb muammolar va ularning yechimlariga yoʻnaltiriladi. Akademiya ilmiy jamoasi tomonidan kriminogen vaziyati ogʻir hududlarga borilib, sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar ilmiy jihatdan oʻrganiladi hamda shu asosda “ilmiy diagnoz” qoʻyiladi, shuningdek jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha ilmiy asoslangan xulosalar berib boriladi. Respublikaga kelgusida kirib kelishi yoki koʻpayishi mumkin boʻlgan jinoyat turlarini oldindan prognozlash va ushbu jinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv va metodik qoʻllanmalar yaratiladi hamda tinglovchi-kursantlar shu asosida oʻqitiladi. Qolaversa, har bir hududning xususiyatidan kelib chiqib huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurash va jamoat xavfsizligini taʼminlash metodikasi ishlab chiqiladi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurash va jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha mahallabay ishlash tizimini yaratish boʻyicha ilmiy takliflar ishlanadi. Mutaxassislik kafedralari professor-oʻqituvchilari va tinglovchi-kursantlar tarkibidan tezkor-tergov guruhlari shakllantirilib, Toshkent shahrida sodir boʻlgan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha hodisa sodir boʻlgan joyda amaliyot xodimlari bilan birgalikda ishlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Taʼlim-tarbiya jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish imkonini beruvchi innovatsion dasturiy taʼminotlar keng joriy etiladi. Oʻquv dargohining moddiy-texnika bazasi yana-da boyitiladi. Xususan, taʼlim sifatini oshirish maqsadida simulyatsiya va modulyatsiya markazi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan oʻquv va amaliy mashgʻulot xonalari barpo etiladi. Shuningdek, Akademiyaning Ichki ishlar vazirligi ixtisoslashtirilgan maktab internati, akademik litseylari, Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi bilan olib boradigan oʻquv-metodik muvofiqlashtirish, maʼnaviy-maʼrifiy qoʻllab-quvvatlash, amaliy-metodik yordam koʻrsatishdagi yetakchilik roli kuchaytiriladi.