IIV: voyaga yetgan kvadroberlar 15 sutkagacha qamalishi mumkin

    Ichki i shlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti 18 yoshdan oshgan shaxslar tomonidan sodir etilgan kvadroberlik harakatlari mayda bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi va voyaga yetgan kvadroberlar 15 sutkagacha qamalishi mumkinligini maʼlum qildi.

    Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati maʼlum qildi.

    Yuqorida keltirilgan harakatlar bilan fuqarolarga haqoratli muomala qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ish ochishga sabab boʻladi.

    Ushbu modda bilan ayblangan shaxslar BXMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda (1 125 000 soʻmdan 1 875 000 soʻmgacha) jarimaga tortilishi yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olinishi mumkin.

    Maʼlum qilinishicha, xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin 1-yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Shuningdek, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 5 barobarigacha (1 million 875 ming soʻmgacha) jarimaga tortishga sabab boʻladi.