Suhbat avvalida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ustoz adibimiz umr yoʻliga bergan taʼrifi koʻnglimizdan oʻtdi: “Ibrohim akaning hayotida halovat boʻlmagan, umri mehnatda oʻtgan. Hozirgi adabiyot sohasidagi barcha yozuvchi va shoirlarimiz bu insonni ustoz deydi. Bu insonga halollik va poklik boʻyicha munosib boʻlishga harakat qiladi. Ochiq gap, men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan doʻst edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik.

Erkin Vohidov bilan esa, kechalari ham gaplashardik. Erkin akaning bir gaplari boʻlardi: agar oʻzbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan soʻrash kerak. Sevib gapirardilar. Ibrohim aka adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi. Ibrohim akaga oʻxshagan halol insonlar bizga oʻrnak boʻlishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson oʻzi uchun ep koʻrmagan. Mana shunday inson, albatta, Oʻzbekiston Qahramoni boʻlishga loyiq!”.

— Hozirgina kutubxonangizda yangi kitoblar bilan tanishayotib, Abdurauf Fitratning “Madaniyat degan gʻarbli olbosti, koʻring buning koʻkragidan oʻq bosti”, degan tashvishli misralarini esladik. Madaniyat, adabiyot va sanʼat masalasi hamma davrlarda ham xalq, millat ruhiyatining ustuni sifatida ziyolilar eʼtiborida, eʼtirofida, tashvishu oʻylarida boʻlib kelgan. Shu bois ham Prezidentimiz 2017-yilning 3-avgust kuni yurtimiz ziyolilari, taniqli adiblar, shoirlar, madaniyat va sanʼat arboblari bilan uchrashib, juda dolzarb mavzularni oʻrtaga tashladi.

— Bu tarixiy-madaniy uchrashuv yurtimiz ziyolilari, yozuvchilarning yodida oʻchmas xotira boʻlib qolgan. Chunki oʻshanda sanʼatkorlar, ijodkorlar hayotiga katta oʻzgarishlar olib kirgan, ularning oldidagi zalvarli darvozalar, yoʻllarni ochgan suhbat boʻlgan edi. Suhbat boʻlganida ham gʻoyatda jonli, hayotiy, haqqoniy kechgan. Oʻsha uchrashuvda davlatimiz rahbari biz ijodkorlarga yuzlanib, “Men sizlarning oldingizga shuncha dolzarb mavzularni, muammolarni qoʻydim, buyogʻiga endi gʻayrat qilish ijodkorlarga!

Chunki bizning adabiyo timiz erkin adabiyot, yozuvchilarimiz ham erkin ijodkorlardir”, deya taʼkidlagan edi. Mubolagʻa emas, oʻshanda birinchi marta davlat rahbarining tilidan erkin adabiyot, erkin yozuvchilar, degan jumlalar baralla dadillik bilan aytilgan. Yozuvchilar mana shu taʼkidni oʻzlariga dasturulamal, olijanob yoʻlchi soʻzlar sifatida qabul qilgan.

Shundan soʻng koʻplab yangi asarlar dunyo yuzini koʻrdi. Bu asarlarni, sheʼrlarni, sanʼat namunalarini biz mustaqillik davri adabiyoti va sanʼati mezonlariga koʻra baholadik. Va toʻgʻri qilganmiz. Shuning bilan birga oʻzim anglagan, kuzatgan bir jarayonni aytib oʻtishim lozim: mening nazarimda, Prezidentimiz Adiblar xiyobonida taʼkidlagan vazifalar va mezonlardan soʻng adabiyotimizda ham, sanʼatimizda ham yangi davr boshlandi.

— Bu soʻzlarni bejiz taʼkidlab aytmadingiz, nazarimda. Yaʼni ushbu davr yangi nomga munosib atalishi lozim?

— Albatta. Mustaqillik davri adabiyotidan kelib chiqadigan, uning eng yaxshi fazilatlarini, xislatlarini, yoʻlyoʻriqlarini davom ettiradigan yangi bir adabiyot eshiklari ochildi. Men yangi asarlarni mundarijasigacha oʻqib, yozuvchi va shoirlar oʻshandan buyon oʻz oldiga qanday vazifa va maqsad qoʻyayotgani, unga qanday badiiy vositalar bilan erishayotganiga qiziqdim. Ularning mahorati, obraz yaratish, hayotni butun murakkab dunyo jarayonlariga qiyosan tasvirlash qay darajada boʻlyapti, degan savollarga javob topishga harakat qildim.

Shunday bir xulosaga keldimki, biz oʻtgan oʻttiz yil ichida oʻsib, oʻzgarib, qanchadan-qancha kurashlaru qiyinchiliklarni yengib kelar ekanmiz, oʻz oʻtmishimizga har doim ham xolis baho bermayapmiz. Yangi tariximizni yangicha qarash va izlanishlar bilan oʻzgartirishimiz kerak. Ana shu mustaqillik davri adabiyotini endi yangi sharoit va yoʻnalishlarda, yangi gʻoyaviy-siyosiy, ijtimoiyinsoniy darajada davom ettirish vazifasi oldimizga qoʻyildi.

Shuning uchun mana shu vazifalar va maqsadlarning butun jamuljamligini olib qaraganda, 2017-yil 3-avgustdan keyin boshlangan milliy adabiyotimizni maydon va mavzular erkinligi nuqtayi nazariga koʻra, Renessans (Xiyobon davri) adabiyoti deb atagim keladi. Bu juda oʻziga xos nom. Poytaxtimiz markazida, Alisher Navoiy hazratlarining poyqadamida Adib lar xiyoboni dunyoga keldi. Barcha ulugʻ adiblarimizning yodgorliklari mana shu xiyobon ichida qad koʻtardi.

Ular qoshida deyarli har kuni yoshu qari sheʼr, monologlar oʻqiyapti, maʼnaviyat-maʼrifatdan suhbat qur yapti. Ana shu jarayonda xalqimizning qalbi, maʼnaviy didi tarbiyalanyapti, yuksalyapti. Yozuvchilarimiz va shoirlarimiz esa har yili ajoyib romanlarni, dramalarni, sheʼriy asarlarni dunyoga keltiryapti. Shuningdek, bu davrda Oʻzbekiston Qahramonlari Erkin Vohidov va Abdulla Oripovning bir nechta saylanmalari nashr qilindi.

Bu kitoblarni oʻqisak, yonginamizda shunday ulugʻ odamlar yashab oʻtganidan hayratga tushamiz. Ularning hayoti va ijodi bilan tanishar ekanmiz, bu insonlar Vatan uchun, xalq uchun kurashar ekan, ming iztiroblar ichida yashaganiga guvoh boʻlamiz. Biroq yurt kelajagiga boʻlgan buyuk ishonch, muhabbat balqib turadi ushbu ijod namunalarida. Javonimizdagi mana bu kitoblar esa yozuvchi Xayriddin Sulton qalamiga mansub. “Mashhur press” nashriyotida chop etilgan ushbu asarini adib “Navoiy — 30” deb atagan va unga “Janri yoʻq kitob” deb gʻayrioddiy izoh bergan.

Kitobni varaqlar ekansiz, ustoz adiblar — Mirkarim Osim, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Sarvar Azimov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Vahob Roʻzimatov, Mashrab Boboyev va boshqa koʻplab ulugʻ isteʼdodlar hayotidan olingan turfa xil hikoyalarni oʻqib, oʻzingizni beixtiyor ularning davrasida yurgandek, goʻzal va fayziyob suhbatlaridan bahramand boʻlayotgandek his etasiz. “Odamlardan tinglab hikoya” kitobi esa oʻttiz bitta yangi hikoyadan iborat.

Kitob Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adabiyot” nashriyotida yangi “Nasr gulshani” ruknida ilk kitob sifatida chop etildi. Toʻplamga kiritilgan hayotnomalarni muallif toʻqib chiqargan emas, u faqat odamlardan eshitgan va bor holida qogʻozga tushirgan, xolos. Har bir qahramon taqdirida shundoq yonimizda yashayotgan turli insonlarning tarixi va qismati, baxtiyu baxtsizligi, quvonch va qaygʻusi oʻzining badiiy ifodasini topgan.

70-yillardan buyogʻini olib qarasak, odamlar sovet ittifoqi degan ijtimoiy tuzum davrida qanday yashagani, qanday alamli voqealarni boshidan kechirgani, ayovsiz kurashlarda toblangani, oʻzlarini qay jihatdan millatparvar sifatida namoyon qilgani asarda oʻz ifodasini topgan. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzamning 4 tomlik saylanmasini olaylik. Bu kitoblarda butun insoniyat tarixi badiiy obrazlar orqali ochib berilgan.

Yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammadning 4 tomlik kitobiga kiritilgan roman va qissalari esa oʻzbek adabiyotida paydo boʻlgan yangi yoʻnalishning ijod falsafasini sizga taqdim etadi. Nazar Eshonqul ijodi ilk qadamlaridanoq adabiyot ixlosmandlarining eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Yozuvchining hech bir ijodkorga oʻxshamagan yoʻli bor. Har bir yozganini kuzatib, ulardagi badiiy tas vir, mushohada kengligidan hayratlanib kelaman.

Bu yozuvchilarimizning asosiy asarlari Mustaqillik adabiyoti davrida yaratilgan boʻlsa-da, mazkur asarlar Renessans davri adabiyotiga tamal toshi qoʻygani bilan ahamiyatli. 2021-yilda biz Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonladik. Oʻsha tantanalar arafasida esa yozuvchi Isajon Sulton “Alisher Navoiy” romanini yozdi. Oybek domladan soʻng bu ishga qoʻl urishning oʻzi ijodkordan anchagina mehnat va jasorat talab qiladi.

Yozuvchining bu katta qadami, jasorati Prezidentimiz tomonidan ham yuksak baholandi. Isajon Sultonga Oʻzbekiston xalq yozuvchisi unvoni berildi. Shu oʻrinda yozuvchi Luqmon Boʻrixon haqida aytib oʻtmoqchiman. Bu ijodkor yozgan koʻplab asarlar shu kungacha ham oʻquvchilarning eʼtiboriga, mehriga sazovor boʻlgan. Lekin kuni kecha Luqmon Boʻrixon “Imom Moturidiy” deb nomlangan bir ajoyib romanni, adabiy solnomani oʻquvchilarga taqdim qildi.

U tarix va zamon talabini hisobga olib IX-X asrlarda yashagan buyuk ilohiyotshunos alloma, kalom ilmining moʻjizakor asoschilaridan biri, ulugʻ ajdodimiz Abu Mansur Moturidiy hayotiga bagʻishlab katta badiiy asar yozishga jazm etibdi. Muallif oʻz romanida oʻsha zamonlar avj olgan diniy-ilmiy, ilohiy nuqtayi nazarlar juda keskin bayon qilingan munozaralar muhiti va oqimlarni ichidan koʻrsatadi.

Imon-eʼtiqod oʻsha davr kishilari uchun qanchalar hayot-mamot qadar ahamiyatli boʻlganiga eʼtibor qaratadi. Bu oson emas. Yozuvchi qanchadan-qancha qoʻlyozma manbalarni koʻrib chiqdi. Albatta, bu falsafiy-tasavvufiy roman, Moturidiyning hayoti toʻla faktlar asosida tasvirlangan deb aytolmaymiz. Bu yerda qanchadan-qancha badiiy toʻqimalar ham bor. Lekin ular Moturidiyning asl hayotini ochishga, oʻquvchi koʻz oʻngida haqqoniy bir badiiy siymoni yaratishga xizmat qila olgan.

Ijodkorning bu intilishi tahsinga loyiq! Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukur 2022-yil iyun oyida 14-Turkiy xalqlar sheʼriyat festivalida “Qaldirgʻoch” sheʼri uchun Baxtiyor Vahobzoda nomidagi bosh mukofotga sazovor boʻldi. Shuningdek, serqirra ijodkor 2016-yilda Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan turkiy tilli adiblar anjumanida “Turkiy tillar sharafi” mukofotiga ham sazovor boʻlgan edi. Ayni davrda oʻzbek ijodkorlarining asarlari koʻplab xorijiy tillarga tarjima qilinayotgani va xalqaro mukofotlarga sazovor boʻlayotgani barchamizni quvontiradi.

— Bugungi adabiy jarayonda ayol ijodkorlar ham aslo boʻsh kelmayapti. Ularning oʻzbek adabiyotida, publitsistikasida olib borayotgan izlanishlarini qanday baholaysiz?

— Muhtarama Ulugʻova bu yil qutlugʻ 70 yoshni qoralaydi. Bu shoiramiz Zulfiya opamning eng ajoyib shogirdlaridan biri. Adabiyotga, millatga, yurtimizga, Oʻzbekistonimizning hozirgi yoʻliga nihoyatda sadoqatli shoiraning olovli sheʼr lardan iborat toʻplami bilan birga ajo yib bir publitsistik toʻplam — “Iztiroblar halovati” deb nomlangan kitob ham dunyoga keldi. Uni varaqlagan oʻquvchi juda ham keskin, ajoyib badiiy tafakkuri bor bu ijodkorning yozganlarini havas bilan qiziqib oʻqiydi. Davrimizning dolzarb mavzulari qalamga olingan maqolalar Zulfiya opamning yonib-kuyib yozgan publitsistik daftarlariga oʻxshab odamni toʻlqinlantirib yuboradi. Zulfiya opamizning sadoqatli shogirdlaridan yana biri Qutlibeka Rahimboyevaning “Chaqmoqlar fasli” deb nomlangan sheʼrlar toʻplami nashrdan chiqdi.

Qutlibeka, “Mening ham bobo yurt, ota yurtim — shu. Koʻz ochib koʻrganim — Kunga yaqin yer, Koʻzlarim yumilsa, yotar yurtim shu”, deb tan olgan jannatmonand Oʻzbekistonning sodiq farzandi sifatida uning har bir yutugʻi, nish urayotgan har dona maysasi, yogʻayotgan tomchi yomgʻiri, esayotgan shamolidan ham goʻzallik izlayotgan ijodkor. Uning ixchamgina “vujudi ishq bilan, hayrat bilan” qorilgan. Shuning uchun ham har bir sheʼrida sizga shodligu hasratini yashirmay aytadi.

“Chaqmoqlar fasli” shoira ning 70 yillik hayoti izhorlaridir. Shu kunlarda Farida Afroʻzning “Oʻshal kun bugundir” va “Yetti tasbeh yoxud ming bir kecha” kitoblarini ham oʻqib chiqdim. Ijodkor oʻziga xos uchlik shakllarini topganiga qoyil qoldim. Mana shu uchliklarga oʻz hayot tajribalarini, ijod vulqonlarini, qiynoqlarini singdirgan. Yettita tasbeh ichida inson koʻrishi mumkin boʻlgan va hatto koʻrmay qolgan narsalarni ham ifodalashga harakat qilgan.

Bular garchi oʻta badiiy pardozlanmagan boʻlsa-da, hayot haqiqatlarini oʻziga xos tasvirlagan. Eng muhimi, shoira bu kitoblarda har bir soʻzini katta masʼuliyat bilan qogʻozga tushirishga harakat qilgan. Oʻsha 3-avgust shovvalari, ilhomlari maydonga keltirgan asarlar bular!

Hozirgi kunda “Adabiyot”, “Oʻzbekiston”, “Sharq”, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotlari hamda “Yangi asr avlodi” kabi xususiy nashriyotlar ham oʻzgacha mezonlar, tamoyillar asosida ish yuritmoqda. Oʻquvchilarga haqiqiy sanʼat asarlarini yetkazishga harakat qilmoqda. Holbuki, bu nashriyotlarning aksariyati bundan 5-6 yil avval juda katta qiyinchiliklar ichida qolgan edi.

Ular tirishib-tirmashib bozor iqtisodiyotining raqobat maydonida yoʻq boʻlib sinib ketmasdan Oʻzbekistonning haqiqiy maydonidagi tayanch madaniyat yarata oladigan nufuzli nashriyotlariga aylanish uchun astoydil kurash olib bormoqda.

Masalan, “Sharq” nashriyoti yozuvchilarimizning tanlangan asarlarini oʻzgacha shakl da, yoʻnalishda katta hurmat va eʼtibor bilan salmoqli tarzda chiqarayotgani qanchadan-qancha muxlislarni quvontirmoqda. Yozuvchi Sharof Boshbekovning shu seriyada chop etilgan saylanmasini olsak, bu kitobdagi asarlarni oʻqisangiz, hayratdan yoqa ushlaysiz. Shu paytgacha chiqmagan edi bunday saylanma kitob. Hatto yozuvchining oʻzi koʻrolmay ketdi.

— Ustoz, oʻsha muhim uchrashuvda yaratilayotgan asarlar, kitoblar, filmlar, koʻrgazmalar va konsertlarni tahlil qilib beradigan maqolalar, taqrizlar, kamyob hodisaga aylanib borayotgani ham aytib oʻtilgan edi...

— Chunki bularning hammasini odamlar oʻqib ulgurmayapti. Yoki ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatlar yurtdoshlarimizning vaqtini butunlay band qilib qoʻymoqda. Deylik, Muhtarama Ulugʻovaning “Iztiroblar halovati” nomli publitsistik maqolalar toʻplamini oʻqib chiqish uchun bir oy vaqt kerak. Odamning vaqti oʻzi uchun gʻoyatda qimmatli. Qolaversa, kitob oʻqish oson emas. Masalan, men kitoblarni lupa, yaʼni harflarni kattalashtirib koʻrsatadigan asbob yordamida oʻqiyman. Ijodkorlar oʻsha band vaqtini qizgʻonadigan munaqqidning eʼtiborini torta olishi, zavq uygʻota olishi kerak.

Sizga shu oʻrinda Choʻlponning sheʼrini aytib beray: Har qadam yoʻl. Har qadam yoʻlda ming xato, yanglish. Shu uchun koʻp kerak emas shoshilish. Oʻy kerak, oʻy kerak, tushuncha kerak. Xavflidir chunki anglamay yurish.... Mana Choʻlpon vaqtni qadrlashni, hayotga mazmun kiritishni, fikr yuritib yashash lozimligini qanday tasvirlagan. Hayotda har bir qadamga hushyor nazar tashlashimiz kerakligini oxirgi paytdagi voqea-hodisalardan ham bilib turibmiz.

Chindan ham faqat oʻylashning oʻzi yetmaydi, tushuncha ham kerak boʻladi. Yanglish qadam qoʻyilganida yurt, xalq miqyosida olib qaralganida bu yanglishlar taʼsiri yoyilib-yoyilib ketishi mumkin. Shuning uchun davlatimiz rahbari, oʻz maʼruzalaridan birida “Kitob oʻqigan, oʻzining ustida ishlagan odamda qanot boʻladi. U befarq boʻlmaydi. Uning kuchi bilimida boʻladi. Shuning uchun hech kimni pisand qilmaydi. “Kattalar”- ga xushomad qilmaydi. Uning bilimi bor, ilmi bor. Mana nima uchun kitob oʻqinglar deymiz. Kitob oʻqisangiz savol berishni bilasiz”, degan edi. Xalqimiz Alisher Navoiy, Mashrab, Huvaydo, Choʻlpon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlarni oʻqib oʻziga maʼnaviy ozuqa olgan. Fikrlab yashashdan, qalb goʻzalligidan, dunyoga ezgu nazar bilan qarashdan zavqlangan.

— Renessans adabiyotining xususiyatlari, uning asosiy tendensiyalari haqida aytib oʻtsangiz.

— Prezidentimiz taklif qilgan mavzular, maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda yangi Renessans adabiyoti mustaqillik adabiyotidan qoʻr olmoqda. Yangi-yangi odamlar kirib kelmoqda. Prezidentimiz har safar yoshlar haqida soʻzlaganida hayajon bilan toʻliqib, ularning taqdiriga, kelajagiga qiziqib qaraydi. Men davrimiz yoshlarining koʻzlarida hamisha orzu, olgʻa intilish, ishonch, umidbaxshlik koʻraman. Hech qaysi birining koʻzida mung koʻrmayman. Barchasining maqsadi ilm olish, kasb va hunar egallash, til oʻrganish. Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari degan gʻoyaning zamirida qancha yaxshi gaplar bor. Faqat bu gaplarni tan olish kerak.

Tabiiyki, tan olmaydiganlar ham bor. Har qanday ezgu gʻoyani gumonga, yomonlikka buradiganlar hamma zamonda ham boʻlgan. Yaxshilab oʻylab koʻrsak, razm solsak, “Milliy tiklanishdan milliy yuksalishgacha” degan gʻoya xalq hayotini, mundarija mazmunini yangi bir oʻzanga solib boryapti. Fikr tarbiyasi yuksalib borayotgani bugungi avlod ruhiyatida namoyon boʻlmoqda. Yana shuni ham aytib oʻtishim zarurki, bizning Renessans adabiyotimiz shu davrgacha kashf etilgan inson haqidagi badiiy taʼlimotlarni boyitadigan, ularni yangi yoʻlga soladigan adabiyot boʻladi. Xayriddin Sultonning “Navoiy — 30”ga kiritgan hikoyalari ham yangi adabiyotdan darak bermoqda.

Bu hikoyalarda butun oʻzbek ziyolilari xarakteri har doimgidan boshqacha usulda ochib berilgan. Joriy yilda akademik Naim Karimovning “Mahmudxoʻja Behbudiy” nomli yangi tarixiy hujjatli romani ham chop etildi. Behbudiy haqida yozilgan asarlar juda koʻp, lekin Naim Karimov jadidlarimiz hayotini tadqiq qilib kelayotgan fidoyi olimlarimizdan. Bu asar aniq maʼlumotlari va asosli sharhlari bilan sizni oʻziga maftun qilib qoʻyadi. Mazkur kitob Renessans adabiyotining tendensiyalari asosida yozilgan. Mazkur tendensiyalar toʻgʻri shakllanib borayotgani uchun bu kabi asarlar oʻquvchini ortidan ergashtirmoqda.

Qolaversa, bugungi kun odamlari yangicha tamoyillar, mezonlar asosida yashashga intilmoqda. Inson haqidagi badiiy taʼlimotlar axloqni ham, sotsiologiyani ham oʻz ichiga oladi. Hozirgi boʻlayotgan butun innovatsion jarayonlarni ham qamraydi. Oʻzbekistonda aholining yangi qatlamlari shakllanmoqda. Aytaylik, davlat xizmatchilari, biznes va bozor iqtisodi bilan shugʻullanadigan qatlamlar bor. Agrosanoatdagi qatlamlar-chi? Hozirgi fermerlar qanday oʻgʻitni qancha solaylik, qachon sugʻoraylik, deb ruxsat soʻrab oʻtiradigan dehqonlar emas. Ular agrotexnikani, agrokimyoni, agrobiologiyani, nima foydayu, nima zarar ekanini yaxshi biladi.

Buning ustiga Prezidentimiz har bir uchrashuvda paxtaga, gʻallaga juda katta eʼtibor qaratyapti. Chunki hozirgi paxta yetishtirish jarayoni ilgarigisidan ancha farq qiladi. Ilgari paxta tufayli xalqimiz katta qiyinchiliklarga duch kelgan, majburiy mehnatga jalb qilingan. Hozirgi paxta sobiq shoʻroning paxtasi emas. U paytdagi industriya yoʻq boʻlib ketdi. U paytdagi industriya xalqni qul qildiradigan, kasal qiladigan industriya edi, hozirgisi esa boyitadigan industriya. Suv tanqisligi sharoitida ham fermerlarimiz 43-50 sentnerdan paxta yetishtiryapti. Dunyo bozoriga olib chiqyapti.

Qayerda odamlar faoliyatga, ishga tashna boʻlsa, oʻzi bir narsani qoʻli bilan, koʻzi bilan, aqlu idroki bilan butun tolei darajasida yaratishga harakat qilsa ana shu ishga tashnalik boʻladi. Har kuni gapiramiz “Obod mahalla”, “Uchinchi Renessans”, “Yangi Oʻzbekiston” degan gʻoyalarni. Lekin bularning tagida shunday bepoyon choʻng mazmundorlik yotibdiki, buni birma-bir sanasangiz, oʻnlab tarixiy kitoblar yozilishi mumkin. Yurtimizning qay bir hududiga nazar tashlamang, odamning qalbini yayratadigan, koʻzini quvontiradigan oʻzgarishlar sodir boʻlyapti. Kelajakka ishonch, umid bilan balqitadigan hodisalar roʻy bermoqda.

Men juda koʻp mahallalarga borib aylanib yuraman. Chiroyli, koʻrkam va ozoda koʻchalarda, tekis yoʻlkalarda odam yurgani sayin yurgisi keladi. Shunday ajoyib mahallalar ilgari tashlandiq boʻlib yotgan paytlarida koʻring edi... Bu holat odamlarning yuragiga ham urgan edi. Tashlandiqlik, qaralmaslik, qarashga qobil boʻlolmaslik... Bu holat ularning yuragini ham zada qilib tashlagan edi.

Mana hozirgi mahallalarni koʻring yurganingiz, kuzatganingiz sayin koʻnglingiz ochiladi, xursand boʻlasiz, boʻlar ekanku, deysiz. Bu yutuqlar sohalarning juda chuqur ilm-maʼrifatli egalari bilan boʻladi. — Oʻzbekiston xalq yozuvchi Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanini, yozuvchi Luqmon Boʻrixonning “Imom Moturidiy” romanini oʻzgacha bir yoʻnalishda yozilgan asarlar deb aytdingiz. Bu oʻzgarishlar islom maʼrifatiga boʻlgan eʼtiborning kuchayganidan emasmikan? Prezidentimiz 2017-yil 3-avgustdagi uchrashuvda Oʻzbekis tonda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Nazarimizda, mana shu saʼy-harakatning ortidan ijodkorlar qalbiga oʻzgacha umid, maʼrifat yogʻdulariga boʻlgan intilish kirib keldi. Va mana shu jarayonda tasavvuf adabiyotining koʻrinishlari adabiyotimizda paydo boʻla bosh ladi...

— Albatta, Renessans adabiyoti qahramonlari iymonli, irfoniy bilimlarni ham, ilohiy bilimlarni ham, dinning xalqqa taʼsiri, xalqning axloqini tartibga keltirishga boʻlgan kuch-qudratini ham tan oladigan odamlar boʻladi. U dinning mohiyati haqida oʻylaydi. Diniy tushunchalar odam qalbiga qanday axloqiy, maʼnaviy, gʻoyaviy, mafkuraviy fazilatlarni singdirishi mumkinligi borasida mulohaza yuritadi. Azaldan irfoniy axloqlar orqali xalqni birlashishga chaqirishgan. Ilohiy kitoblar bekorga yozilmagan. Insoniyatning tartib-intizomi, tanzimoti uchun yozilgan. Baʼzi bir yozuvchilar din haqida yozsam oʻquvchilarga yoqaman, deb oʻylaydi. Yoʻq, unday emas. Din haqida kam deganda Yassaviyga oʻxshab yozish kerak. Yoziladigan asarning mazmun-mohiyati xalqni olgʻa bosh lab boradigan, odamlar hayotiga axloqiy goʻzallik larni kirita oladigan boʻlishi lozim. U shunday gʻoya boʻlsinki, inson oʻlim haq ekaniga ishonsin. Allohning yagonaligiga imon keltirsin. Bu borada nihoyatda chuqur oʻylamoq va ifodalay olmoq muhimdir!

“Yangi oʻzbekiston” muxbiri

Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.