O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2020-yil 28-dekabrdagi “Umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari faoliyatini takomillashtirish hamda Ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchi lavozimini joriy etish to'g'risida”gi qo'shma qarorining 1-bandiga asosan umumta'lim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchi 0,5 shtat birligi joriy etilgan. Bugungi kunda Respublika bo'yicha o'n ming nafardan ortiq targ'ibotchilar faoliyat yuritib kelmoqda.
Mazkur qo'shma qarorda ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchining asosiy vazifalari belgilab berilgan bo'lsa-da, o'rganishlar shuni ko'rsatmoqdaki, ularning faoliyat yo'nalishlarini aniq belgilab beruvchi qo'llanmaga ehtiyoj sezilmoqda. Bu borada ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchilarning o'zlari tomonidan ham takliflar bildirilmoqda.
Ushbu muammoning echimi sifatida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan joriy yil 22-23-noyabr kunlari soha mutaxassislari ishtirokida amaliy-seminar-trening o'tkazilishi va uning natijasiga ko'ra, bildirilgan taklif-mulohazalarni inobatga olib, soha mutaxassislari uchun qo'llanma tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Mazkur sohani tubdan rivojlantirish, tizimli yondashuv yo'lga qo'yish, ma'naviy-ma'rifiy jarayonlarni tashkil etishda yaxlit tizim shakllantirish maqsadida tashkiliy-amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda, “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” g'oyasini keng targ'ib etish, jamiyatda sog'lom dunyoqarash va bunyodkorlikni targ'ibot-tashviqot qilish, oila, ta'lim tashkilotlari va mahallalarda ma'naviy tarbiyaning uzviyligini ta'minlashda ilmiy asoslangan yondashuvlar, soha bo'yicha ilmiy va uslubiy qo'llanmalar yaratilmoqda.
Mazkur ishlarni yagona bir tizimga keltirib, soha mutaxassislari uchun uslubiy qo'llanma yaratish bugunning dolzarb masalasi bo'lib turibdi.
Shu munosabatdan, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Xalq ta'limi vazirligi va Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilayotgan seminar-treningda avvalo soha mutaxassislari tomonidan hududlardan kelgan ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchilarga mahorat darslari, ma'ruzalar, taqdimotlar uyushtiriladi. Seminar-trening yakunida ishtirokchilarning bildirgan fikrlarini inobatga olib o'quv-uslubiy qo'llanma tayyorlanadi va joylarda xuddi shunda seminar-treninglar tashkil etiladi. Qisqa muddat ichida respublikada faoliyat yuritayotgan o'n ming nafardan ortiq ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha targ'ibotchilar ham seminar-treninglarda ishtirok etishadi ham o'quv-uslubiy qo'llanmaga ega bo'lishadi.
Aziza Sharofiddinova,
Toshkent shahar Shayxontoxur tumanidagi 40-maktab o'quvchisi.