Endi taraqqiyot sharoitida insonning ruhiy holati, psixologik barqarorligi va hayotga moslashuv darajasi ham muhimdir. Zero, ruhiy jihatdan barqaror boʻlmagan jamiyatda hech qanday islohot samara bermaydi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida inson manfaatlari ustuvor yoʻnalish sifa­tida belgilangan. “Inson qadri” tushunchasi davlat siyosatining doimiy markazida. In­son qadri esa nafaqat moddiy farovonlik, balki uning ruhiy osoyishtaligi, psixo­logik himoyalangani va ijtimoiy ishonchi bilan chambarchas bogʻliq. Ayniqsa, yoshlar va talabalar orasida uchrayotgan ruhiy zoʻri­qish holatlari taʼlim tizimida psixologik yondashuvni kuchaytirish zaruratini koʻrsat­moqda. Bu muammolarni faqat individual maslahatlar bilan emas, balki davlat siyosa­ti darajasida tizimli yondashuv orqali hal etish mumkin.

Psixologik barqaror jamiyat deganda insonning oʻz hayotini mazmunli va qadrlan­gan deb his qilishi, kelajakka ishonch va masʼuliyat bilan qarashi, ijtimoiy va shax­siy muammolarni hissiy izdan chiqmasdan, ongli va konstruktiv tarzda hal eta olishi, shuningdek, jamiyat taraqqiyotiga daxldor­lik tuygʻusi bilan faol hayotiy pozitsiyani namoyon etishi tushuniladi. Bunday jamiyat­da fuqarolar oʻz masʼuliyatini his qiladi, ijtimoiy faollik kuchayadi va davlatga boʻlgan ishonch mustahkamlanadi. Aksincha, ruhiy beqarorlik hukm surgan muhitda ij­timoiy nizolar, radikal qarashlar va be­farqlik kuchayadi. Shu maʼnoda, psixologik barqarorlik ijtimoiy xavfsizlikning muhim tarkibiy qismidir. Bugungi kunda dunyoning koʻplab rivojlangan davlatlarida psixologik xizmatlar faqat muammoga duch kelganlar uchun emas, balki profilaktika va rivojlantirish maqsadida ham faol joriy etilmoqda. Bu esa muammoni oqibatlari bi­lan emas, ildizi bilan bartaraf etish im­konini beradi.

Oʻzbekiston taʼlim tizimida soʻnggi yil­larda kechayotgan islohotlar ham aynan shu yoʻnalishga xizmat qilmoqda. Oliy taʼlim muassasalarida psixologik xizmat faoliya­tini takomillashtirish, yoshlarning ijti­moiy moslashuvini qoʻllab-quvvatlash, xo­tin-qizlarning ruhiy faolligini oshirish borasida muhim qadamlar tashlanmoqda. Bi­roq bugun bu ishlarni yanada chuqurlashtirish talab etiladi. Ayniqsa, emotsional intel­lekt, stressga chidamlilik, irodaviy sifat­larni rivojlantirish masalalari taʼlim jarayonining ajralmas qismiga aylanishi lozim. Chunki zamonaviy mutaxassis nafaqat bilimli, balki ruhiy jihatdan yetuk, masʼu­liyatli va jamiyatda oʻz oʻrnini topa oladigan shaxs boʻlishi kerak. Bu esa bevosita psixolo­gik barqarorlik bilan bogʻliq.

Xotin-qizlar masalasida psixologik yondashuv bugungi kunda alohida strategik ahamiyat kasb etmoqda. Chunki barqaror oila barqaror jamiyat tayanchi, oila muhitining sogʻlomligi esa, eng avvalo, ayollarning ruhiy holati, oʻziga ishonchi va ijtimoiy faolligi bilan bogʻliq. Ayolning psixologik faro­vonligi nafaqat oiladagi munosabatlarga, balki farzandlar tarbiyasiga, yosh avlodning hayotga munosabatiga va jamiyatdagi umumiy ijtimoiy iqlimga kuchli taʼsir koʻrsatadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, xotin-qiz­lar bilan ishlashda psixologik qoʻllab-quv­vatlash mexanizmlarini tizimli ravishda kuchaytirish davlat siyosatining muhim va ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida na­moyon boʻlmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalarida xotin-qizlar psixologi shtati joriy etilishi bu borada­gi islohotlarning amaliy ifodasi boʻldi. Bu tashabbus yurtimizda xotin-qizlarning ruhiy barqarorligi, ijtimoiy moslashuvi va faolligini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganidan dalolat beradi.

Mazkur yondashuv taʼlim muhitida ayol­lar uchun psixologik xavfsiz makon yaratish, ularning muammolarini erta aniqlash va profilaktik tarzda yechim topish imkonini bermoqda. Eng muhimi, bu tashabbus psixo­logik xizmatni faqat muammoga duch kelgan­da murojaat qilinadigan vosita sifatida emas, balki rivojlantiruvchi va himoyalovchi institut darajasiga koʻtarishga xizmat qil­moqda. Shubhasiz, bunday tizimli eʼtibor jamiyat barqarorligini taʼminlash yoʻli­da tashlangan muhim va tahsinga loyiq qa­damdir.

Xolbuvi ODILJONOVA,

Jizzax davlat pedagogika universiteti xotin-qizlar psixologi