Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi yuzdan ziyod ijtimoiy yordam xizmati yaratildi va ular bevosita mahalla darajasiga – “yettilik”ning o‘ziga berildi. Bu yondashuv ijtimoiy himoyani har bir oilaga, har bir ehtiyojmand kishiga yetkazish imkonini berdi.

Kambag‘allikni qisqartirish: tarixiy natijalar

Ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi bugun aniq raqamlar orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 2025-yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi, ya’ni deyarli yarmiga qisqardi. Bu birgina yil davomida 1,5 million nafar ehtiyojmand aholi munosib hayot darajasiga ko‘tarilganini anglatadi.

Umuman olganda, so‘nggi to‘qqiz yil ichida 8,5 milliondan ortiq fuqaro kambag‘allik chegarasidan yuqori hayot sifatiga erishdi. Ayniqsa, 2025-yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hudud maqomini olgani bu boradagi tizimli ishlarning amaliy natijasidir. Bu raqamlar ortida real insonlar taqdiri, o‘zgarayotgan oilaviy hayot, bolalarning sifatli ta’lim olish imkoniyati va keksalarning munosib yashash sharoiti mujassam.

Ma’lumki, uch yil avval 2026-yil yakuniga qadar kambag‘allikni ikki baravar qisqartirish vazifasi belgilangan edi. Ijtimoiy himoya tizimining samarali va manzilli ishlashi natijasida esa ushbu muhim marraga 2025-yilning o‘zidayoq erishildi.

Ijtimoiy reyestr: maqsadli yordam asosi

Ijtimoiy himoya yagona reyestri doirasida 1,8 million oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati puxta o‘rganildi va baholandi. Ularning 739 mingtasi – kam ta’minlangan va kambag‘allik chegarasidagi oilalar – reyestrga kiritildi hamda ularga nafaqa va turli moddiy yordamlar tayinlandi.

2026-yil 1-fevraldan boshlab yangi “Ijtimoiy reyestr” joriy etilmoqda. Bu tizim “Ijtimoiy himoya yagona reestri” va “Kambag‘al oilalar reestri” asosida yaratiladi. Yangi tizimda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib uch toifaga ajratiladi: davlat ta’minotidagi oilalar, kambag‘al oilalar, kambag‘allik chegarasidagi oila. Bunday yondashuv har bir oilaga uning haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqib maqsadli yordam ko‘rsatish, ijtimoiy himoya resurslarini samarali taqsimlash va adolatni ta’minlash imkonini beradi.

2025-yil: huquqiy asosni mustahkamlash

O‘tgan yil ijtimoiy himoya tizimi uchun yangi huquqiy asoslarni yaratish yili bo‘ldi. Qabul qilingan har bir hujjat amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, odamlarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

2025-yil 30-yanvarida Prezidentning PF-17-son Farmoni aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartibini tubdan takomillashtirdi. Bu hujjat “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armalari orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar tizimini yanada mukammallashtirdi.

Farmonning muhim jihatlaridan biri shundaki, 2025-yil 1-martdan boshlab “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalariga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning 30 foizi tuman va shaharlardagi aholi soni hamda kambag‘al oilalar soniga mutanosib ravishda “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armalariga o‘tkazila boshlandi. Bu esa mahalla darajasida ijtimoiy yordamni yanada samarali tashkil qilish uchun qo'shimcha moliyaviy imkoniyatlar yaratdi.

Shuningdek, O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining 21-fevral kungi muhim qarori bilan “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash tartibi” to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu hujjat guvohlar va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilariga bir yo‘la beriladigan nafaqani tayinlash hamda to'lash tartibini aniq belgilab berdi. Bunday choralar huquqiy himoya tizimini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bolalar va oilalar – ijtimoiy himoyaning ustuvorligi

Kambag‘allik, birinchi navbatda, bolalarning kelajagiga salbiy ta’sir ko'rsatadi. Aynan shuning uchun davlat kambag‘al oilalardagi bolalarga alohida e’tibor qaratmoqda. 2025-yilda kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Bu bolalar erta yoshdanoq sifatli ta’lim olish, jamiyatga moslashish va to‘laqonli rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

2025-yildan boshlab 208 ta bog‘chada birinchi marta inklyuziv ta’lim tizimi joriy etildi. Bu esa nogironligi bo‘lgan bolalarning jamiyatga to‘laqonli integratsiyalashuviga, ular bilan sog‘lom bolalarning birgalikda o‘sib-ulg‘ayishiga sharoit yaratmoqda. Inklyuziv ta’lim – bu nafaqat imkoniyati cheklangan bolalar uchun, balki barcha bolalar uchun foydalidir, chunki u mehr-shafqat, o‘zaro yordam, insonparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalaydi.

Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqildi. Uning asosiy maqsadi – bolalar uchun xavfsiz va zo‘ravonlikdan mutlaqo xoli muhit yaratish, xavf ostida bo‘lgan bolalarni erta aniqlash hamda zo‘ravonlik qurboni yoki guvohi bo‘lgan bolalarga har tomonlama professional yordam ko'rsatishdan iborat.

Strategiyada bir qator amaliy chora-tadbirlar nazarda tutilgan: bolalar bilan ishlash bo‘yicha kichik formatdagi “ochiq” markazlar tashkil etish, har bir bola uchun individual rivojlanish rejalari ishlab chiqish, bolalarning ta’lim olish va ijtimoiy integratsiyalashuvini ta‘minlash mexanizmlari yaratish. Shuningdek, bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, bolalar bilan ishlaydigan psixolog, pedagog, ijtimoiy xodimlarni maxsus tayyorlash hamda bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasida yagona elektron platforma shakllantirish rejalashtirilgan.

Ijtimoiy xizmatlar markazlari

2026-2027-yillarda mamlakatimiz hududlarida 20 ta ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etiladi. Ushbu markazlar orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar, shuningdek, yolg‘iz qariyalar professional ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinadi.

Xizmat ko‘rsatishning kunduzgi shakllarini rivojlantirish hisobiga aholini ijtimoiy muassasalarga doimiy joylashtirishni qisqartirish, ularga oilada qolgan holda kerakli yordamni ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Bu yondashuv insonlarga o‘z uyida, o‘z muhitida qolish imkonini beradi, bu esa ularning ruhiy va jismoniy salomatligi uchun juda muhimdir. Xizmatlarni olish jarayonlari raqamlashtiriladi, elektron yo‘nalishlar joriy etiladi va ko‘rsatilayotgan yordam sifatining doimiy monitoringi ta‘minlanadi. Bu shaffoflikni oshiradi va ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilaydi.

Raqamlashtirish: ijtimoiy himoyada yangi bosqich

Zamonaviy ijtimoiy himoya tizimi raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. 2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi va ijtimoiy himoya xizmatlari ham bu platformaga to‘liq integratsiya qilinadi.

Yangilangan platformaga barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmati, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifa integratsiya qilinadi. Platformaga kelib tushgan murojaatlar, ularni ijrochilarga taqsimlash va ko'rib chiqish muddatini nazorat qilish sun'iy intellekt texnologiyalari orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari davlat ijtimoiy xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda ko‘rsatish tizimi joriy etiladi. Bu degani, fuqaro bir xizmat uchun murojaat qilsa, unga bog‘liq boshqa xizmatlar ham avtomatik ravishda taklif etiladi yoki taqdim etiladi. Masalan, yangi uy qurgan fuqaro kadastr hujjatini olish uchun murojaat qilsa, yangi platforma suv, elektr va gazga ulanish masalasini ham shu zahoti hal qilib beradi. Bunday yondashuv inson omilini kamaytiradi, korrupsiya xavfini bartaraf etadi va fuqarolarga vaqt tejashga yordam beradi. 2026-yilda bunday proaktiv xizmatlar 100 taga yetkaziladi.

So‘nggi to‘qqiz yilda erishilgan yutuqlar – 8,5 million kishini kambag‘allikdan chiqarish, yagona raqamli tizimni joriy etish, mahalla darajasida kompleks ijtimoiy yordamni yo‘lga qo‘yish – bu yo‘nalishda amalga oshirilgan islohotlarning yuqori samaradorligidan dalolat beradi.

2025-yilda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar – ijtimoiy daftarlar tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi Prezident Farmoni, yangi ijtimoiy sug‘urta tizimi to‘g‘risidagi qonun, jinoyat jabrlanuvchilarini himoya qilish tartibi to‘g‘risidagi qaror – ijtimoiy himoya tizimini yanada mustahkamlash uchun mustahkam qonuniy asos yaratdi.

Ijtimoiy himoya tizimining kelgusidagi rivojlanishi davlat, jamiyat va fuqarolik institutlari hamkorligi asosida amalga oshiriladi. Maqsad aniq: har bir fuqaro, har bir oila ijtimoiy himoya tizimidan samarali foydalana olishi, hech kim e’tiborsiz qolmasligi, hamma zarurat tug‘ilganda davlat qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bilan tayanishi kerak.

Halol mehnat – xotirjam hayot va farovon jamiyat garovi!

Javohir Tilaganboyev,
Toshkent davlat yuridik univeriteti
Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi
sho‘basi o‘qituvchisi