“Ijtimoiy karta” tizimini joriy etish bo'yicha Hukumat qarori qabul qilindi

    “Aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashda “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Hukumat qarori (897-son 27.12.2024 y.) qabul qilindi.

    Qarorga ko'ra, ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish moliyaviy agent vazifasini bajaruvchi rezident tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi.

    Bunda:

    • barcha fuqarolar uchun dastlab elektron ijtimoiy karta muomalaga chiqariladi va foydalanish uchun taqdim etiladi;
    • bank kartasi shaklidagi ijtimoiy karta fuqarolarning xohishiga ko'ra muomalaga chiqariladi va foydalanish uchun taqdim etiladi.

    Ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish bo'yicha arizalar quyidagilar orqali taqdim etiladi:

    • YAIDXP (my.gov.uz);
    • “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi;
    • “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda ➖alohida hollarda ijtimoiy xodimlar;
    • moliyaviy agent.

    Ijtimoiy kartani samarali amaliyotga tatbiq etish hamda “Ijtimoiy karta” AT va mobil ilovaning lozim darajada ishlashini ta'minlash maqsadida:

    • 2025 yil 1 yanvardan boshlab “Ijtimoiy karta” AT va mobil ilovani texnik qo'llab-quvvatlash ijtimoiy karta bo'yicha to'lov xizmatlarini ko'rsatuvchi to'lov tashkilotining tunu-kun faoliyat ko'rsatadigan texnik xizmati tomonidan amalga oshiriladi;
    • 2025 yil 1 fevraldan ijtimoiy kartani muomalaga chiqarish va foydalanish uchun taqdim etish masalalari bo'yicha Agentlikning axborot-ma'lumotnoma xizmatlarini ko'rsatuvchi “1070” qisqa raqamli va tunu-kun faoliyat ko'rsatadigan xizmati (“Ishonch telefoni”) faoliyati test rejimida yo'lga qo'yiladi.