Birinchi maqolada ijtimoiy mo‘ljal fenomeni, uni aniq olish va maqsadga erishish yo‘llari xususida fikr yuritgan edik. endi masalaning ikkinchi jihatiga o‘tsak. Jamiyat ijtimoiy mo‘ljaliga erishishining yo‘llari juda ko‘p. Biroq, ana shu etuklikka etishimizga bugungi kunda ayrim yoshlarimiz tomonidan ma’naviy idealni topishdagi o‘ziga xos muammolar xalaqit qilayotganga o‘xshaydi, nazarimizda. Boshqacha aytganda, jamiyat ijtimoiy mo‘ljali ma’naviy ideallar bilan uzviy bog‘lanmas ekan, bu borada muayyan yutuqqa erishish o‘ta og‘ir. Xo‘sh, ma’naviy ideal, deganda nimani tushunish mumkin?

Taniqli faylasuf olim Qiyom Nazarov ma’naviy ideal deganda shaxs va jamiyat ma’naviyatini shakllantiruvchi, yo‘naltiruvchi va harakatlantiruvchi, uni savob ishlar, bunyodkorlikka safarbar etuvchi ezgu g‘oya, orzu-maqsad va ijobiy namunalar majmuini ifodalovchi tushunchani nazarda tutadi.

Darhaqiqat, ma’naviy ideal shaxsning shakllanishi juda murakkab jarayon hisoblanadi, bunda shaxs va jamiyat manfaatlari uyg‘unlashuvi ham alohida ahamiyatga ega. Ideal jamiyatni barpo etish esa undan ham og‘irroq. Iqtisodiy jihatdan farovon, mo‘l-ko‘lchilikka erishgan davlatlarni barpo etish mumkin. Bugun jahon xaritasida bunday mamlakatlar borligini barchamiz ham bilamiz.

Ammo, gap faqat inson moddiy ta’minoti, mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari xususida ketayotgani yo‘q. Biz tom ma’nodagi ideal jamiyat to‘g‘risida fikr yuritar ekanmiz, avvalo, shu jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy ildizlari, ularning fuqarolar kamoloti yo‘lidagi ta’sir kuchini e’tiborga olishimiz muhim. Zero, ideal jamiyatning poydevori eng avvalo, uning ma’naviy ildizlari bilan belgilanadi.

Ma’naviy ideal jamiyat, birinchi navbatda, o‘zining ma’naviy qiyofasiga ega, mukammallik darajasi oliy maqomga etgan, yuksak axloqiy mezonlar bilan bezalgan jamiyatdir. Shu ma’noda, biz ma’naviy ideal, deganda yuksak axloq, odob, bilim, iste’dod, aql-idrok va tafakkur zaminida insonda shakllanadigan ishonch, e’tiqod, ixlos, vijdon, iymon kabi fazilatlarni nazarda tutamiz.

Har bir xalqning o‘z ma’naviy ideallari mavjud. Mazkur ideallar u yoki bu millat va elatni iqtisodiy farovonlikka etaklasa, boshqasini ijtimoiy hamkorlikka, yana bo‘lagini siyosiy barqarorlikka boshlaydi. Xo‘sh, biz, o‘zbeklarning milliy ma’naviy ideallarimiz qay yo‘sinda shakllangan, ularning tarkibiy qismlarini nimalar tashkil etadi?

Keling, yaxshisi ko‘hna tarixga murojaat qilaylik. Aslida, bizning tariximiz milliy ma’naviy ideallarimizni qidirish, shakllantirish va ularni real hayotga joriy etishdan iborat. Ko‘hna “Avesto”, Urxun-enasoy yodgorliklari, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari, buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning o‘nlab asarlari, Birinchi va Ikkinchi Renessans davri mutafakkirlarining deyarli barcha tadqiqotlari, jadid ma’rifatparvarlarining nodir kitoblari aslida ma’naviy idealni yaratish yo‘lidagi izlanishlar, deyishga haqqimiz bor.

Mutafakkirlarimizning asosiy g‘oyalari adolatli davlat va ma’naviy ideal jamiyat barpo etishdir. Buyuk Forobiy ideal jamiyat – bu yuksak axloqqa ega shaxslar jamiyati, deydi. Uning fikricha, adolatli davlatni faqat yuksak axloqli kishilar bilangina qurish mumkin. Axloqli inson adolatli bo‘lsin, ammo qaysar bo‘lmasin, adolat oldida qaysarlik qilib o‘zibilarmonlikka berilmasin, lekin har qanday adolatsizlik, pastkashlik oldida lafzli bo‘lsin, o‘zi zarur, deb bilgan narsasini amalga oshirishda qat'iylik ko‘rsatsin, qo‘rqmas, jasur bo‘lsin, qo‘rqish va ojizlikni bilmasin.

Abu Rayhon Beruniy esa ideal jamiyatning asosini ma’naviy omillar tashkil etishi lozimligiga ishora etadi. Uning fikricha, har bir inson intiladigan ma’naviy ideal asoslarini ezgulik, odamiylik, yuksak odob-axloq tashkil etadi. Beruniy bobomiz insoniyat orzu qilgan jamiyatda quyidagi qoidalar amal qilishi lozimligini ta’kidlaydi: “Hakim va olimlar axloqidan ta’lim olish yaxshi xulqni paydo qiladi, yomon xulqni o‘ldiradi”, “Inson hayotidagi zarurat, ehtiyojlar ularning ilmlarga bo‘lgan talabini keltirib chiqaradi”, “Har bir yangi narsada lazzat bor”, “Ne’matning qadri u yo‘qolganidan keyingina bilinadi”, “Tenglik hukm surgan joyda sotqin, aldamchi ehtiroslar, g‘am-g‘ussa bo‘lmaydi”, “Yolg‘onchidan chetlanib, rostgo‘ylikka yopishgan kishini boshqa kishi u yoqda tursin, yolg‘onchining o‘zi ham sevib qoladi”.

Yusuf Xos Hojib ma’naviy idealni insonning ilm-fanga bo‘lgan muhabbatisiz ko‘rmaydi. Uning qayd etishicha, betimsol boylik bo‘lmish bilimning qadri shu darajada balandki, u do‘zax o‘tidan ham ozod qilishi mumkin. Jahonda bilimdan qudratliroq hech narsa yo‘q. Bilimsizlik aslida kishi uchun haqoratdir. Hattoki, bilimsiz odam to‘rga chiqib o‘tirsa, unday to‘rni to‘r, deb bo‘lmaydi. Uni poygakdan ham past, deb bilish kerak. Ammo, poygakka bilimdon kishi o‘tirsa, u joyni to‘rdan ham a’lo, deb bilish lozim.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ma’naviy ideallikka erishishning eng muhim jihatlarini adolatli davlat va uning odil shohida ko‘radi. “Odil shoh, – deydi alloma, – quyosh bilan bahor yomg‘iridek qora tuproqdan gullar ochadi va mamlakat boshiga oltin bilan durlar sochadi. Kambag‘al va bechora odamlar uning yaxshi, muloyim muomalasidan rohatda, zolim amaldor va mirshablar uning siyosati tig‘idan qo‘rquvda. Adolatli shoh shunday qo‘riqchiki, uning soyayi davlatida qo‘y-qo‘zilar bo‘ri xavfidan omon; yomonlarga shafqatsizligidan yo‘ldagi musofirlar yo‘lto‘sarlar vahimasidan eson. Haybatidan yo‘llarda qaroqchilar yo‘q va xalq qo‘li o‘z moli bilan to‘liq. Zabtidan amaldorlar qalami siniq va zolimlar bayrog‘i yiqiq. Qasoskor tig‘idan o‘g‘ri qo‘li el moliga etmaydi. Savdo qilish uchun tun bo‘yi do‘konlarda sham' o‘chmaydi, oldi-sotdi qiluvchilar ko‘chalarda bezorilar daydishidan qo‘rqmaydi. Aholining hovli-bog‘i uning sharofatidan obod. Faqirlar unga duo-tahsin o‘qib, erkalik qiladilar. Shoh esa ochiq qo‘llilik bilan fuqaroga saxovat qiladi va uni siylaydi. Adolatparvar shoh xalqni rozi qilsa, Haq taolo shohdan rozi bo‘ladi”.

Buyuk mutafakkirlar ma’naviy idealni komil inson tushunchasi bilan bog‘lab tushuntirgan. Sharqshunos olim Najmiddin Komilov shunday deydi: “Komil inson – bir ideal, barcha dunyoviy va ilohiy bilimlarni egallagan, ruhi Mutloq ruhga tutash, fayzu karomatdan serob, siyratu siyrati saranjom, qalbi ezgu tuyg‘ularga limmo-lim pokiza zot”. Darhaqiqat, komil shaxs odamzod orzu qilgan jamiki ezgu xislatlarning ifodachisi.

Biz yuqorida davlat va jamiyat tomonidan tanlangan ijtimoiy mo‘ljalning ma’naviy ideal bilan uzviy bog‘liqligi xususida fikrlashgan edik. Insoniyat intiladigan ma’naviy idealni bekami-ko‘st tanlash, uning eng mukammal konturlarini belgilash nihoyatda murakkabligini barchamiz bilamiz. Barcha millat va xalqlar inson kamoloti, shuningdek, jamiyat hamda davlat mustahkamligi, farovonligiga xizmat qiladigan ma’naviy idealni topishga harakat qilgan.

Bu borada ma’naviy ideal masalasiga, uning real hayotda amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rsatib berishda yurtimizdan etishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarga etadigani bo‘lmasa kerak. Shu o‘rinda Alisher Navoiy bobomizning komil insonning eng muhim xislatlari sifatida sanab o‘tgan quyidagi dalillariga diqqat qaratishni lozim topdik: birinchisi – tavba, ikkinchisi – halol luqma bilan qanoatlanish, uchinchisi – o‘z kasbidan topib kun o‘tkazish, to‘rtinchisi – shariatga rioya qilish, beshinchisi – tariqat odobini saqlash, oltinchisi – barchadan o‘zini kam deb bilish, hattoki farzandlari, xizmatkorlariga qo‘pollik qilmaslik, ettinchisi – chuchuk tilli bo‘lish, sakkizinchisi – rahmdil bo‘lish, to‘qqizinchisi – saxiy bo‘lish, o‘ninchisi – mard bo‘lish, o‘n birinchisi – halimlik, xushxulq bo‘lish, o‘n ikkinchisi – rizo-rozilik bilan kun o‘tkazish, o‘n uchinchisi – sabrli bo‘lish, o‘n to‘rtinchisi – sadoqatli, vafoli bo‘lish, o‘n beshinchisi –riyozat chekishdan qo‘rqmaslik.

Hech shubhasiz, yuqorida ta’kidlangan xislatlarning bariga ega bo‘lish o‘ta murakkab masala. Ammo, biz ko‘pincha oldimizga qo‘yilgan vazifalarning murakkabligiga qarab, ularni bajarish amri-mahol, deb o‘zimizdan mas'uliyatni soqit qilamiz. Hech bo‘lmaganda o‘sha xislatlarga ega bo‘lishga harakat qilishdan ham o‘zimizni chetga olamiz.

To‘g‘ri, ko‘hna tariximizda xalqimiz o‘z ma’naviy ideallariga ega bo‘lishga harakat qildi. Bu borada bugun jahon ahli tan berayotgan, e’tirof etayotgan yutuqlarimiz ham bisyor. Birgina Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida ota-bobolarimiz ilmiy-ijodiy zakovati tufayli yaratilgan sanoqsiz kashfiyotlar, mutafakkir-allomalarimiz jahon tamadduniga qo‘shgan bebaho hissalarining o‘zi o‘zbek xalqining o‘ziga xos ma’naviy ideallari borligidan dalolatdir.

Ayni paytda shuni ham qayd etish lozimki, xalqimizning o‘z milliy ma’naviy ideallariga erishish borasida ko‘plab qiyinchiliklarga uchraganimizni ham eslash lozim. Uzoq davrlar davom etgan mustamlakachiliklar, xalqimiz boshidan kechirgan ayanchli kunlar, ayniqsa, yurtimizda sodir bo‘lgan o‘zaro urushlar – bularning bari ma’naviy ideallarimizga erishish yo‘lidagi jiddiy to‘siqlar bo‘ldi.

Bular natijasida ming yillar davomida shakllangan milliy tarbiya tizimi shikastlandi, milliy qadriyatlarimizda qadrsizlanish jarayoni yuz berdi. Bu borada sobiq sovet davrida shakllangan o‘ziga xos tarbiya tizimi jamiyat ma’naviy ildizlarini emirdi, soxta qadriyatlar “yaratildi”. Madaniyatda milliylik o‘rniga sun'iy baynalmilallik g‘oyalari ilgari surildi, islom dini atayin soxtalashtirildi, jamiyatda e’tiqodsiz — “xudosiz ateistlar”dan iborat jamoani shakllantirishga urg‘u berildi.

Bularning bari o‘ziga xos axloq kodeksi sifatida tan olingan va jahon e’tirof etgan milliy ma’naviy ideallarimizdan xalqimiz katta qismining muayyan ma’noda chetlashishiga sabab bo‘ldi. Natijada biz tanlagan ijtimoiy mo‘ljalimiz bir tomonlama, kemtik holda qolib ketdi. Gap shundaki, har qanday ijtimoiy mo‘ljal inson faoliyatining barcha jihatlarini o‘z ichiga qamrab olishi lozim. Ijtimoiy mo‘ljalning muhim tarkibiy qismlari bir tomondan, iqtisodiyot, jamiyat a’zolarining moddiy manfaatlarini qondirish bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bunday mo‘ljal fuqarolar ma’naviy qiyofasini shakllantirish, munosib shaxs tarbiyalash bilan bog‘liqdir. Uchinchidan, jamiyat ijtimoiy mo‘ljalini milliy birliksiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Yaqin va uzoq tariximizda ijtimoiy mo‘ljalni tanlashda ushbu masalalarga kam e’tibor berilishi, mo‘ljal ko‘proq kelajakka emas, o‘tmishga qarab olinishi O‘zbekiston jamiyatida ma’naviy ideallarga bo‘lgan munosabatni siyqalashtirdi, uning ahamiyatini pasaytirdi. Yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, masalaning ma’naviy-tarbiyaviy tomonlari diqqatimizdan chetda qola boshladi.

Bugun mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni qurish jarayonida ma’naviy ideallarimizni tanlab olish, ularning ijtimoiy mo‘ljallarimiz bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash, nazarimda, oldimizda turgan eng dolzarb masalalardan biriga aylangan.

Birinchidan, ta’kidlash lozimki, bu boradagi ishlarimiz havoyi, mavhum gaplardan aniq, real sharoitni e’tiborga olgan holda bajarilishi lozim bo‘lgan umummilliy harakatga aylandi. Fikrimizning isboti sifatida aytish mumkinki, mamlakat rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistoning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida ilk marotaba ma’naviy-ma’rifiy ishlar, shaxs tarbiyasi bilan bog‘liq muammolar, jamiyatni ma’naviy jihatdan sog‘lomlashtirishga doir vazifalarimiz “Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish”, deb nomlangan alohida yo‘nalishda o‘z aksini topdi.

Bugun “Ma’naviy taraqqiyot”, “Yangi ma’naviy makon”, “Ma’rifatli jamiyat”, “Ma’rifiy islohotlar”, “Ma’naviy-ma’rifiy savodxonlik”, “Uchinchi Renessans” kabi yaqin-yaqingacha bizga mutlaqo begona bo‘lgan atamalar ijtimoiy-ma’naviy hayotimizga kirib keldi, ular faoliyatimizning muhim jabhalariga aylandi.

Ta’bir joiz bo‘lsa qayd etish kerakki, millat va mamlakat taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan ushbu masalaga shu taxlitda yondashuv, aslida, davlat rahbarining xalqimiz tomonidan o‘z ma’naviy ideallarini topish yo‘lidagi dadil va ishonarli qadami edi.

Ikkinchidan, bugungi kunda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan sifat o‘zgarishlari, tub islohotlar ham yoshlarimizning o‘z ma’naviy ideallariga ega bo‘lish yo‘lidagi imkoniyatlar, deyish mumkin. Zero, bugun maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi – bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimiz esa yangi Uyg‘onish davri, globallashuv davrida mamlakatimiz raqobatbardoshligining to‘rt tayanch ustuniga aylanmoqda.

Qisqa muddat mobaynida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasining 27 foizdan 72 foizga oshishi, maktab ta’limida qo‘shimcha 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishi, 200 ga yaqin mutlaqo yangicha mazmun va shaklga ega bo‘lgan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar hamda 400 ta xususiy maktab tashkil etilgani, oliy ta’lim muassasalari sonining 77 tadan 210 taga ko‘payganini ham, bir tomondan, mamlakatni dunyodagi eng etakchi davlatlar qatoriga qo‘shish yo‘lidagi intilish, boshqa tarafdan, yoshlarimizning o‘z milliy ma’naviy ideallarini topish yo‘lidagi imkoniyatlari sifatida qabul qilish mumkin.

Uchinchidan, ma’naviy ideallarimizni ming yillar davomida shakllangan ilmiy va diniy qadriyatlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Aslida, tom ma’nodagi ma’naviy ideallar ko‘hna tarix qa’rida shakllangan, kishilarni ezgulik, insonparvarlik, yaxshilik, yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelgan ilg‘or g‘oyalar, ta’limotlardir.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishar ekanmiz, shubhasiz, ana shu g‘oyalarni o‘rganish, ulardan oldimizda turgan ulkan strategik maqsadlarni bajarishda unumli va samarali foydalanish biz uchun juda muhim. Shuning uchun ham mamlakat rahbari o‘z faoliyatida mazkur masalalarga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom tsivilizatsiya markazining tashkil etilishini shu ma’noda tushunish lozim. Markaz ko‘p tarmoqli dunyoviy ilmiy-ma’rifiy maskan bo‘lib, xalqimizning muqaddas islom dini bilan bog‘liq boy merosini ilmiy tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo tsivilizatsiyasi rivojidagi o‘rnini innovatsion usullar orqali targ‘ib qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Xalqimiz ma’naviy ideallarining muhim ustunlaridan biri islom dini ta’limotlari, uning xalqimizni yaxshilik, ezgulikka etaklovchi g‘oyalari ekanini barchamiz bilamiz. Mamlakat rahbariyati shuning uchun ham o‘zbek xalqi ma’naviy ideallarini shakllantirishda ana shu ta’limotlarga suyanmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda – Mir Arab oliy madrasasi, Termizda – Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqandda – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, hadis ilmi maktabi, kalom va hadis, Buxoroda – tasavvuf, Qashqadaryoda – aqida, Farg‘onada – fikh ilmiy maktablari tashkil etildi.

Sobiq sovet davlati davrida O‘zbekistonda jami 80 ga yaqin masjid faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugun ularning soni 2100 dan ortdi. Birgina joriy yilning o‘zida 15 mingdan ortiq yurtdoshimiz Haj safarini amalga oshirdi. Bularning bari, aslida, xalqimizning o‘z ma’naviy ideallarini shakllantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar edi.

Demak, ijtimoiy taraqqiyotning bugungi bosqichiga kelib mamlakatimizda ma’naviy ideallarni shakllantirishda muayyan natijalarga erishganmiz. Ma’naviy ideallarimiz poydevorini ezgulik, iymon, e’tiqod, yuksak axloq, vatanparvarlik kabi muqaddas tushunchalar tashkil etadi. Ayni paytda, bugungi kunda xalqimiz ma’naviy ideallari shakllanishida milliy birlik g‘oyasining o‘rni va ahamiyati juda katta ekanini ham aslo unutish mumkin emas.

Ma’naviy idealni masalaning faqat ma’naviy tomonlari bilangina bog‘lash, nazarimizda, unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunday ideal jamiyatda siyosiy barqarorlik, iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy hamkorlik masalalari o‘ta muhim o‘ringa ega. Shu ma’noda, ma’naviy ideal ming yillar davomida mutafakkir allomalarimiz tomonidan yaratilgan va xalqimizni doimo erkinlik, ezgulik, yuksak axloq, vatanparvarlik, milliy birlik g‘oyalari bilan qurollantirgan hamda ilhomlantirgan holda jamiyat tomonidan belgilab olingan ijtimoiy mo‘ljalga etishga imkon beradigan, safarbar etadigan fenomen hodisadir.

Yuqoridagi fikrlardan anglash mumkinki, bugun mamlakatimizda ma’naviy ideallarni shakllantirish borasida talay ishlar bajarildi. Bunday ideallarning ilmiy-ijodiy poydevori mavjud. Tobora shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi sharoitda ma’naviy ideallarimizni zamonga mos, yangi mazmun bilan boyitib borishda ham muayyan yutuqlarga egamiz. Bunga yuqorida keltirgan misollar dalildir.

endi masalaning pragmatik-amaliy jihatiga e’tibor beramiz. Xo‘sh, biz bugun shunchalik boy ma’naviy-ijodiy merosga ega ekanmiz, nega unda ba’zi hollarda vaziyat taqozosi bilan urchib, ko‘payib borayotgan ichki va tashqi tahdidlar oldida esankirab qolyapmiz, nima uchun yovuz g‘oyalar va mafkuralarning kontseptual xatolarini ko‘rmayapmiz va ularga qarshi samarali aks ta’sir ko‘rsata olmayapmiz.

Nazarimizda, buning qator obyektiv va subyektiv sabablari borga o‘xshaydi. Masalan, birinchidan, biz har doim o‘zbek xalqi boy milliy-madaniy merosga ega, barchamiz ulardan xaqli ravishda faxrlanamiz, deymiz. Bu aslida to‘g‘ri gap. Biroq, bugun biz o‘sha mutafakkirlarimiz, buyuk tarixiy siymolarni xalqimizga oddiy usullarda, tushunarli tarzda etkazish imkoniga egamizmi?

Birgina misol: A.Chexov asarlari 146 marta, A.Pushkin asarlari 89 marta, N.Gogol asarlari 68 marta, F.Dostoevskiy asarlari 46 marta, A.Tolstoy asarlari 44 marta ekranlashtirilgan ekan. Mutaxassislar dunyoda asarlari eng ko‘p ekranlashtirilgan adib U.Shekspir (300 marta) ekanligini qayd etishgan.   

Xo‘sh, bizda buyuk bobolarimiz Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuklarimiz, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi davlatchilik asoschilari siymolarini aks ettiruvchi nechta hujjatli yoki badiiy filmimiz, oddiy o‘quvchiga tushunarli tarzda yozilgan, yoshlarimizni ezgu g‘oyalar sari etaklaydigan qancha ommabop (murakkab tilda yozilgan ilmiy-akademik nashr haqida gap ketmayapti) asarimiz bor? 

Shu ma’noda, mamlakat rahbari tomonidan yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlardan foydalangan holda ma’naviy ideallarimizning asosiy g‘oyalarini sodda tilda, tushunarli tarzda etkazib beradigan badiiy, hujjatli film, adabiy-badiiy asar, multfilm, videoroliklar yaratish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan, deb o‘ylaymiz.

Ikkinchidan, boy milliy-madaniy merosimizni o‘rganishga, ma’naviy ideallarimizga sodiq bo‘lishga xalaqit qilayotgan yana bir muhim obyektiv sababni bugungi ta’lim tizimidan qidirish kerak, deb o‘ylaymiz. To‘g‘ri, bugun butun dunyoda iqtisodiy sohada, har bir davlatning o‘z milliy manfaatlarini himoya qilishi borasida misli ko‘rilmagan kuchli musobaqa ketmoqda. Ana shunday sharoitda biz uchun iqtisodiyot va boshqaruv jabhasida o‘ta bilimdon, kuchli mutaxassislar zarur.

Ayni paytda, bunday malakali mutaxassis kadrlarning ma’naviy-mafkuraviy salohiyati, ularning yuksak vatanparvarlik darajasi, axloqiy sifatlari juda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday sifatlar esa ta’lim tizimida, ayniqsa, oliy ta’limda ustuvor o‘ringa ega ekanini unutish aslo mumkin emas. Bugun dunyo ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, o‘zaro nizolar makoniga aylangan. Ana shunday sharoitda to‘g‘ri bilan noto‘g‘rining, yaxshi bilan yomonning farqini anglatishda milliy merosimizning alohida o‘rni bor. Bu esa ta’lim tizimida, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlar orqali yoshlar ongiga ma’naviy ideallarimizning eng muhim ustunlari haqidagi g‘oya va ta’limotlar singdirilishiga ustuvor e’tibor berish lozimligini talab etmoqda.

Uchinchidan, odamlarimizda ma’naviy ideallarimizga sodiqlik hissini oshirishga xalaqit qilayotgan subyektiv omillar esa ayrimlarda, ayniqsa, ba’zi rahbar xodimlarda ziyolilik sifatlarining pasayib borayotgani bilan belgilanadi. Ziyolilik aniq maqsad yo‘lida inson tomonidan o‘zini o‘zgartirish borasidagi harakat. Biz bir zarb bilan, birdaniga jamiyatni ma’naviy jihatdan sog‘lomlashtira olmaymiz. Bugungi global o‘zgarishlar davrida buni zudlik bilan hal etishning iloji ham yo‘q. Jamiyatni poklantirish, yuksak ma’naviy-axloqiy muhitni barpo etish aslida konkret shaxs dunyoqarashi, ruhiyati, ma’naviy ko‘rsatkichlari asosidagina yuz berishini unutish mumkin emas. Biz bugun o‘z oldimizga ma’rifatli jamiyat barpo etishni ustuvor vazifalardan biri sifatida qo‘yganmiz. Ma’rifatli jamiyat esa qo‘pol, andishasiz, riyokor, dangasa, bir so‘z bilan aytganda, tarbiyasiz kishilar jamiyati emas. Ayniqsa, bugun ayrim yoshlarimizda agressivlik holatining kuchayib borayotgani butun jamiyatni xavotirga solayotgani ham bor gap.

Shuning uchun ham ma’rifatli jamiyatda aslida odamlarda ziyolilik sifatlari avj olgan muhit yaratilishini inobatga olish lozim. Bu muhitda o‘zaro samimiylik, bir-biriga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, har bir harakatda yuksak axloqiylik namunalarini namoyon etish, sobitqadamlik, adolat, shafqat va marhamatlilik, tavoze, vafo va ahd, rostgo‘ylik, andisha, farosat, g‘ayrat va shijoat bilan ishlash kabi xislatlar real kuchga aylanishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, ma’rifatli jamiyat odamlarida ziyolilik ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Yana bir muhim masala shundan iboratki, agar biz odamlarda ma’naviy ideallarga sodiqlikni kuchaytira olsak, unda jamiyat a’zolarida ziyolilik xislatlari yanada ko‘payadi. Biz yuqorida ta’kid etganimiz kabi ma’rifatli jamiyat aslida ziyolilar jamiyatidir. Odamlarda ma’naviy ideallarga sodiqlik xislatlari ham o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Buning uchun har birimizda sog‘lom ma’naviy ehtiyoj zarur. Sog‘lom ehtiyoj kishilarning tinimsiz o‘qishi, izlanishi, yangilikka intilishi, o‘zini qiynashi natijasidagina yuzaga keladi. Bugungi holatimizdan qoniqish hosil qilishimiz aslida, ma’naviy ideallarga sodiqlik yo‘lida biz tanlagan xato yo‘ldan boshqa narsa emas.

Ma’naviy ideallarni to‘g‘ri tanlash juda og‘ir vazifa. Bugun hayvoniy istak va mayllarga qul bo‘lib, hayotning mazmun-mohiyatini faqat aysh-ishrat, lazzatdan iborat deb bilish, milliy qadriyatlar so‘nib, ming yillar davomida shakllangan ma’naviy ideallar bee’tibor qolayotgan bir sharoitda maydonga zo‘ravonlik, behayolik, super qahramonlarning chiqishi butun jamiyatni bezovta qilmoqda.

Millat sofligi, uning birligi, buyuk davlatchilik arkonlari mustahkamligini ta’minlovchi kuch aslida bizning milliy ideallarimiz va xalqimizning unga sodiqlik darajasidir. O‘z milliy qadriyatlarimiz, milliy-madaniy merosimizga suyangan holda dunyoning rivojlangan davlatlari va xalqlari tajribasini o‘rganish va kelajakka sog‘lom tafakkur bilan qarash asosida tanlangan ijtimoiy mo‘ljalimiz ming yillar davomida shakllangan va bugun taraqqiyotning yangi talablari asosida boyib borayotgan ma’naviy ideallarimiz bilan uyg‘unlashishi, shubhasiz, mamlakatimizni yanada rivojlantiradi, xalqimizni yangi marralarga olib chiqadi.

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor